Seshanba kuni ertalab Britaniyaning Titan Airways aviakompaniyasining A330−300 yuk tashuvchi samolyoti (G-EODS) nosozlik tufayli Toshkent aeroportidan Londondagi Stansted aeroportiga ucha olmadi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati “Gazeta.uz” so‘roviga javoban ma’lum qildi.

Nosozlik soat 10:39 da samolyot AWC288 reysini amalga oshirish uchun 1-uchish-qo‘nish yo‘lagida turgan paytda aniqlangan.

Samolyotni 1-uchish-qo‘nish yo‘lagida shatakka olishga qaror qilindi. Uchish-qo‘nish yo‘lagini ushbu layner egallagani sababli bir samolyot 2-yo‘lakka qo‘ndi.

Flightradar24 xizmatida parvoz izi.Flightradar24 xizmatida parvoz izi.

Aeroport yopilmadi va odatdagidek ishlamoqda, deyiladi matbuot xizmati xabarida. Samolyot tushdan keyin havoga ko‘tarilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda kechasi kuchli qor yog‘ib, uchish-qo‘nish yo‘laklarini qordan tozalash ishlari olib borilayotgan vaqtda bir qator reyslar boshqa yo‘nalishlar orqali harakatlandi.