11-dekabr kuni Farg‘ona xalqaro aeroportida qo‘nish tizimini yangilash bo‘yicha ishlar yakunlandi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati.

“O‘zaeronavigatsiya” mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari yakunlangach, mahsus havo kemasi tomonidan tizimning O‘zbekiston va ICAO xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti talablariga muvofiqligini aniqlash uchun sinov parvozi o‘tkazildi.

“Yangi ILS/DME (camolyotni qo‘nishdan oldin, qo‘nish vaqtida gorizontal va vertikal yo‘nalish bilan ta’minlaydigan, shuningdek, qo‘nish nuqtasigacha bo‘lgan masofani ko‘rsatadigan ma’lum statsionar nuqtalardagi radio navigatsiya tizimi — tahr.) qo‘nish tizimi murakkab meteorologik sharoitlarda havo kemalarining qo‘nishini va aerodrom hududida parvozlar xavfsizligini ta’minlaydi hamda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi”, — deyiladi xabarda.

Farg‘ona aeroporti odatiy rejimda ishlamoqda.

Avvalroq Uzbekistan Airways Farg‘ona xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari olib borilishi munosabati bilan 7-dekabrdan 31-yanvarga qadar ushbu shaharga kelib-ketuvchi barcha reyslarni bekor qilgandi.

Uzbekistan Airports kompaniyasi esa ushbu aeroportida uzoq masofali DME/NL2700 radiomayoq va SP-200 radionavigatsiya uskunasi o‘rnatilayotgani, bu ishlar aeroport faoliyatini to‘xtatish va uni vaqtincha yopish uchun asos bo‘lmasligini ma’lum qilgan.

Viloyatga milliy aviatashuvchidan tashqari parvozlarni amalga oshiruvchi boshqa aviakompaniyalar — Turkish Airlines, “Aeroflot”, “Azimut”, Qanot Sharq, Centrum Air, Utair, Ural Airlines, S7, Silk Avia kabilar reyslarni ko‘chirish haqida hech qanday ma’lumot bermagan.