Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 12-dekabr kungi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona va Soliq kodekslariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorovning ma’lum qilishicha, chegarada o‘tadigan vaqtning 60 foizi belgilangan yig‘imlarni undirish bilan o‘tadi.

Shu sabab taklif etilayotgan qonun loyihasi chegara o‘tkazish punktlarida avtotransportlar harakatini yanada tartibli tashkil etish hamda nazorat tartibotlarini soddalashtirish, respublikaga kirib kelayotgan va tranzit o‘tayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda chegarada undirilishi belgilangan yig‘imlarni bojxona hududida to‘lash imkoniyatini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Majlisda, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ilhom Muxtorovning ta’kidlashicha, qonun loyihasi bilan Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya (Kioto, 1973-yil 18-may, 1999-yil 26-iyundagi o‘zgartirishlar bilan) standartlari implementatsiya qilinib, bojxona tartib-taomillari soddalashtiriladi va shaffofligi ta’minlanadi.

Qonun loyihasida tovarlarning bojxona qiymatini belgilashning asosiy usuli sifatida shartnoma bahosi qat’iy belgilanmoqda. Bir vaqtning o‘zida bir nechta bojxona tartibotlarni amalga oshirish uchun bojxona to‘lovlari to‘lanishini belgilovchi Bosh ta’minlov hujjatini qo‘llash amaliyoti kiritilmoqda.

Shuningdek, kontrafakt mahsulotlar kirib kelishining oldini olish maqsadida bojxona organlariga qo‘shimcha huquqlar berilmoqda. Tovarlar bo‘yicha ekspertiza yakunlanmagan bo‘lsa ham, ushbu tovarlarni importga shartli chiqarib yuborish amaliyoti joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan tadbirkorga tovarlarni O‘zbekistonga olib kelgunga qadar ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari va ishlab chiqarilgan mamlakatini aniqlash yuzasidan oldindan ma’lumot olishning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda.

“Hujjatni qabul qilish malakatning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi”, — dedi Ilhom Muxtorov.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.