Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 12-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonning raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kun tartibidan chiqarib, qayta ko‘rib chiqish uchun Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasiga yubordi. “Gazeta.uz” bunga e’tibor qaratdi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farruh Qoraboyev “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilingandan keyin ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zarurati paydo bo‘lganini ta’kidladi.

Xususan, ayrim o‘zgarishlar davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash bilan bog‘liq (qonunning 23-moddasi). Yil boshidan buyon qo‘mita tomonidan 377 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ko‘rib chiqilib, ularning 38 foizida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi umumiy yoki individual normalar aniqlangan. Shu bois, davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash mexanizmini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Farruh QoraboyevFarruh Qoraboyev

Hozirda davlat tadbirkorlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, mutlaq huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslari hamda yer osti boyliklaridan foydalanish huquqlarini ta’minlash shaklida yordam ko‘rsatishi mumkin.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi qo‘mita bilan nafaqat tovar va moliya bozorlaridagi raqobat masalalari bo‘yicha loyihalar, balki davlat yordamini nazarda tutuvchi loyihalarni ham muvofiqlashtirishni majburiy qilishni taklif qildi.

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bu normaga qarshi chiqdi. Unga ko‘ra, endilikda prezident farmonida qo‘mita davlat yordamining ta’sirini baholab, xulosa berishi belgilab qo‘yilgan. “Sizlar majburiy kelishasizlar. Yo‘q desangiz, yo‘qmish. Bor desanglar, bormish… Buni bu joyga qo‘shishinglar kerak emas”, — dedi u.

Bundan tashqari, qonunning 13 moddasiga (Ustun mavqe) o‘zgartirish kiritish taklif etildi, unga ko‘ra, asosiy faoliyati tabiiy monopoliya sharoitida tovar ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyekt bunday faoliyatni amalga oshirsa ya’ni tovar yoki monopoliya bozorida ustun mavqe deb e’tirof etiladi (ushbu band prezidentning 2023-yil 7-iyuldagi qaroriga ham kiritilgan).

Shu bilan birga, narxlar asossiz oshirilgan yoki tariflar noto‘g‘ri qo‘llangan, tadbirkorlar va iste’molchilarning huquq va manfaatlari poymol qilingan taqdirda mazkur tadbirkorlik subyektlariga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari qo‘llaniladi, dedi Farruh Qoraboyev.

1-dekabr holatiga 135 ta korxona tabiiy monopoliyalar reyestriga kiritilgan bo‘lib, ulardan 46 tasi tabiiy monopoliya sharoitida mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lmagan asosiy faoliyat turiga ega.

budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov prezident qarorida tabiiy monopoliyalarni ustun mavqega ega bo‘lgan korxonalar maqomiga o‘tkazish to‘g‘risidagi band mavjud emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tartib “hech narsani o‘zgartirmaydi”.

Spiker Nurdinjon Ismoilov mazkur qonun loyihasini kun tartibidan olib tashlashni, hujjatni yakunlash va birinchi o‘qishda qayta ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasiga qaytarishni taklif qildi.

Bundan tashqari, qonunning 42 moddasiga (Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar) o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilgan edi. Unga ko‘ra, endi kichik iqtisodiy oqibatlarga olib keladigan qonunbuzarliklar (masalan, qo‘mitaga ma’lumotlarni taqdim etishdagi texnik xatolar) uchun tadbirkorga katta miqdordagi jarimalar qo‘llaniladi. Jazoning mutanosibligi tamoyilidan kelib chiqib, bunday huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorga nisbatan moliyaviy sanksiyani qo‘llamaslik taklif etilmoqda — u bilan faqat profilaktik tushuntirish ishlari olib boriladi.