O‘zbekistonda haftaning ikkinchi yarmidan sovuq havo massasi kuchsizlanib, chekina boshlaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Yakshanba kechasi O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlari bo‘yicha qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatildi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimolida ertalabga kelib, havo harorati −6…−11 darajagacha, Ustyurtda -14 darajagacha pasaydi.

Dushanba kuni kunduzi sovuq va nam havo massasi asta-sekin respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Barcha joylarda yomg‘ir, qor yog‘adi. Farg‘ona vodiysi hududlarida esa yog‘ingarchilik kechga yaqin boshlanadi.

Seshanba kuni qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida saqlanib turadi. Tog‘li hududlarning ba’zi joylarda qor kuchli yog‘adi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Chorshanbadan jumagacha esa barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

11−13-dekabr kunlari sovuq kuchayadi va havo harorati kechalari −8…−13 darajagacha, kunduz kunlari −3…−8 darajagacha, shimolda kechalari −15…−20 darajagacha, kunduz kunlari −7…−12 darajagacha pasayadi. Respublika janubida kuchli sovuqlar kutilmaydi, kechalari harorat faqat −2…−7 darajagacha pasayadi.

11−13-dekabrda yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak yuzaga keladi. Ish haftasining oxirida havo harorati kechasi 0…−5 daraja, kunduzi +2…+7 daraja, shimolda kechasi −7…−12 daraja, kunduzi 0…−5 daraja atrofida bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi. Ayrim joylarda shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Toshkent shahrida 11−12-dekabr kunlari vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘ladi, 13−15-dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. 11−12-dekabrda shamol tezligi vaqti-vaqti bilan 12−15 m/s gacha kuchayadi. 12−15-dekabrda yo‘llarda yaxmalak yuzaga keladi.

Harorat 11-dekabrda +3…+5 daraja, 12-dekabrda kechasi va kunduzi −5…−7 daraja, 13-dekabrda kechasi −11…−13 daraja, kunduzi −5…−7 daraja bo‘ladi. 14−15-dekabrda harorat kechasi −2…−5 darajagacha, kunduzi +2…+5 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi.