Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistondagi 700 kilometrlik qishloq yo‘llarida transport aloqasini yaxshilash, qishloq taraqqiyotiga ko‘maklashish maqsadida xavfsizroq va iqlim o‘zgarishiga chidamliroq qilish uchun 240 million dollar miqdorida qarz ajratishni ma’qulladi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar qildi.

Loyiha 2030-yilgacha bo‘lgan Qishloq yo‘llarini rivojlantirish milliy strategiyaga va 2035-yilgacha bo‘lgan Qishloq yo‘llari strategiyasiga muvofiq bo‘lib, hukumatning Qishloq yo‘llarini rivojlantirish dasturini oldinga siljitish imkonini beradigan asosiy tashabbus hisoblanadi.

Asosiy e’tibor 12 viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mahalliy va xo‘jaliklararo qishloq yo‘llariga qaratiladi. Yaxshilashlar qirg‘oqlar, ko‘priklar, suv o‘tkazgichlar va drenaj tizimlarini kuchaytirish orqali transport qatnovi sig‘imi, sifati, aloqa, xavfsizlik va iqlimga chidamlilikni oshiradi.

“Dengizdan ikki davlat bilan ajratilgan O‘zbekiston aholisining qariyb yarmi qishloq xo‘jaligi asosiy tirikchilik manbai bo‘lgan qishloq joylarda istiqomat qilayotgani uchun aloqa juda muhim ahamiyat kasb etadi. Xavfsiz, ishonchli va iqlimga chidamli qishloq yo‘llari orqali qishloq jamoalari, bozorlar va xizmatlar o‘rtasidagi aloqani saqlab qolish inklyuziv hamda barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish uchun muhim ahamiyatga ega”, — dedi bankning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Loyiha O‘zbekiston va MDHda ilg‘or tashabbus bo‘lib, qishloq aholi punktlari va fermerlarga bozorlar, maktablar, sog‘liqni saqlash xizmatlari va tuman markazlariga har qanday ob-havo sharoitida borish imkonini beradi. OTB qishloq yo‘llarini barqaror saqlash uchun ham Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, ham mahalliy hokimiyat organlarining operativ salohiyatini kuchaytirishga yordam beradi.

“Biz qarorlar qabul qilish va rejalashtirish imkoniyatlarini yaxshilash uchun internetga va geografik axborot tizimiga asoslangan qishloq yo‘llari aktivlarini boshqarish tizimini joriy qilishda qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi OTBning transport bo‘yicha katta mutaxassisi O. Yonkun.

Bozorlarga kirish imkoniyatini oshirish va iqtisodiy imkoniyatlarning yaxshilanishidan foyda olish uchun loyiha qishloq ayollariga barqaror qishloq xo‘jaligi va iqlim o‘zgarishiga chidamli amaliyotlarni o‘rgatish orqali ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Tadbirkorlik va tirikchilik ko‘nikmalarini o‘rgatish maqsadida aholi punktlarini rivojlantirish muassasalari modernizatsiya qilinadi va gender zo‘ravonlik va yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 1995-yildan buyon shu paytga qadar bank O‘zbekistonga 10,8 mlrd dollar miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.