1-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tuman sudi gumonlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan Bo‘ka tumani ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Avvalroq, 4-iyun kuni bir qator o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib tergovga jalb etilgan, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 36 yoshli U.S. protsessual tartibda ushlangan. U tuman IIBdagi fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasiga joylashtirilgan.

Gumonlanuvchi jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘lim yuz bergan.

Shundan so‘ng holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim J.D. va G‘.Sh. hibsga olingan va ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatilgan.

Ish materiallariga ko‘ra, ayblanuvchilar soni 2 tadan 4 taga ko‘paygan, tergovda ham yangi ayblovlar qo‘yilgan.

30-avgust kuni o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasida marhumda ko‘krak qafasi chap tomonlama 5-qovurg‘aning to‘sh sohasiga birikib, yopiq sinishi, atrof to‘qimalariga qon quyilishi, qorin parda osti, ingichka ichak va ichak tutqichlariga ko‘p miqdorda qon quyilishlari, bo‘yinning qalqonsimon tog‘ay va til osti suyagi sohalari to‘qimalariga qon quyilishi kabi jarohatlar aniqlangan.

Sud qarorida qayd etilishicha, tergovchilar U.S.ning aybiga dalil topa olmagan va undan aybiga iqror bo‘lish uchun qiynoqlar qo‘llagan.

Sud hukmiga ko‘ra, mazkur o‘limda Bo‘ka tumani IIB JQB boshlig‘i bo‘lgan 37 yoshli J.S., bo‘limning tezkor vakillari — 38 yoshli D.J. hamda 31 yoshli Sh.G‘., shuningdek, Bo‘ka tumani IIB profilaktika inspektori, 31 yoshli S.T. aybdor deb topildi.

Sud majlisida ayblanuvchilar o‘z ayblariga iqror bo‘lmagan, biroq ularning aybi sud majlisida so‘roq qilingan guvohlarning ko‘rsatmalari, shuningdek, ekspert xulosalari bilan tasdiqlangan, deyiladi sud qarorida.

Sud sudlanuvchi, tuman IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i J.S.ni Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi “a” bandi, 234-moddasi (Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi, 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi “a, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor dep topdi. U tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3 yil muddatga ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Profilaktika inspektori S.T.ga Jinoyat kodeksining 235-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tezkor xodimlar D.J. va Sh. G.lar Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Ular 3 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sud qarori 1-dekabr kuni qabul qilingan va hali kuchga kirmagan. Tomonlar 20 kun ichida Toshkent viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati berishi yoki protest keltirishi mumkin.