Rossiya Federatsiya kengashi mamlakatda navbatdagi prezident saylovi 2024-yil 17-martda o‘tkazilishi bo‘yicha qaror qabul qildi, deb xabar berdi “RIA Novosti”. Parlamentning yuqori palatasida bu masala bo‘yicha ovoz berish 7-dekabrda bo‘lib o‘tdi.

Palata spikeri Valentina Matviyenkoning aytishicha, bu qaror saylov kampaniyasi boshlanganidan dalolat beradi. Uning ta’kidlashicha, bo‘lajak saylovlar Rossiyaning “rivojlanish vektorini aniqlaydi”.

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi rahbari Ella Pamfilovaning ma’lum qilishicha, 8-dekabr kuni prezidentlik saylovlarida uch kun davomida — 15, 16 va 17-mart kunlari ovoz berish to‘g‘risidagi qaror loyihasi ko‘rib chiqiladi.

Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida saylovlar o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror FXX, Mudofaa vazirligi va ushbu hududlarning Rossiya tomonidan tayinlangan organlari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilinadi, dedi Markaziy saylov komissiyasi rahbari.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024-yilgi saylovlarda ishtirok etishini hali rasman e’lon qilgani yo‘q. U parlament saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilmaguncha, saylovlarda qatnashish haqida gapirishdan bosh tortgan.

Putinning amaldagi vakolatlari 2024-yil martida tugaydi. 2020-yilda Rossiya Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritildi, bu uning muddatlarini “nollashtirdi” va unga yana ikki marta davlat rahbari lavozimiga nomzod bo‘lish huquqini berdi.