Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning “Mening hayotim. Qaramlikdan ozodlikka” nomli memuar asari nusxasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

6-dekabr kuni Nursulton Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibay muallif dastxati qo‘yilgan kitobni Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadovga topshirdi.

“Tarixiy jarayonlar va shaxsiy munosabatni o‘zida mujassamlashtirgan kitobda Nursulton Nazarboyev o‘zining hayot yo‘li, mamlakatning shakllanish va rivojlanish davri to‘g‘risidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashadi. Respublikaga rahbarlik qilgan oxirgi o‘nyilliklardagi voqealarga baho beradi. Kitob qahramonlari orasida muallif siyosiy maydonda kesishgan taniqli siyosatchilar ham bor”, — deyiladi xabarda.

nazarbayev.kz.nazarbayev.kz.

Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston yetakchisi, “atoqli siyosiy arbob Shavkat Mirziyoyev”ni alohida qayd etadi. Kitobda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgan islohotlar yuksak baholangan, deya ta’kidladi O‘zA.

Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti bo‘lib, 1991-yilda saylangan va 2019-yil martigacha — 25 yildan ortiq bu lavozimda ishlagan.

Nazarboyevning “Mening hayotim. Qaramlikdan ozodlikka” memuari 1-dekabrda chiqarildi. Kitob 22 bobdan iborat bo‘lib, ularning har biri muallifning shaxsiy hayoti yoki siyosiy faoliyatidagi voqealarga bag‘ishlangan. Jumladan, Nazarboyev o‘z xotiralarida Qosim-Jomart Toqayevni Qozog‘iston prezidenti etib saylash qarori va 2022-yil yanvarida respublikada bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlari haqida so‘z borgan.