7,5 yilga qamalgan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev muddatidan oldin ozodlikka chiqdi. Bu haqda 6-dekabr kuni birinchi bo‘lib O‘zbekiston “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bloger Navoiy viloyatidagi koloniyadan “shartli ravishda” ozod qilingan.

Ma’lumotni “Gazeta.uz”ga Orifxo‘jayevning yaqinlari tasdiqladi. Uning 7,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi maoshining bir qismi davlat foydasiga ushlab qolingan holda shartli jazo bilan almashtirildi. U probatsiya xizmati xodimlari nazoratida bo‘ladi, ya’ni har qanday qoidabuzarlik uchun u yana koloniyaga qaytarilishi mumkin, deya ta’kidladi uning qarindoshlari.

Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev ishi

41 yoshli Fozilxodja Orifxodjayev davlat xizmatchilari, din sohasida hokimiyat vakillarining siyosatini, shuningdek, ayrim masjidlarning imomlarini bir necha marotaba va keskin tanqid qilgan.

2021-yilning 26-iyun kuni Orifxodjayev Olmazor tumanida joylashgan “To‘xtaboy” jome masjidiga borib, diniy bloger Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy nomi bilan tanilgan) ma’ruza qilayotgan vaqtda uni “munofiq” deb atagandi. Ta’kidlash joiz, ularning o‘rtasidagi mojaro bir necha yillardan beri davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ular bir-birining nomiga qarata murojaatlar, shu jumladan haqoratli so‘zlar bilan chiqishgan.

Masjiddagi hodisadan so‘ng, Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga (mayda bezorilik) ko‘ra, 15 sutkaga qamalgandi.

Biroq, muddat tugashi bilan u ozodlikka chiqarilmagan. Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv jarayonida “huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Fozilxodja Orifxodjayevning telefonida shubhali diniy mazmundagi materiallar mavjudligi va ularni boshqa fuqarolarga namoyish etganligi” haqida xabar kelib tushgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasiga ko‘ra, uning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Fozilxo‘ja Orifxodjayev” nomli profiliga joylashtirilgan “ayrim materiallar diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar sirasiga kirishligi aniqlangan”. Ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Toshkent IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi JKning 244−1-moddasi 3-qismi “g” bandi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tumani sudi 2022-yil 26-yanvar kuni Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevni ushbu ayblovda aybdor deb topib, 7 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi.

Ayblanuvchining advokati Sergey Mayorovning aytishicha, Orifxo‘jayevga nisbatan 2021-yil 6-martdagi postni qayta (repost) joylashtirgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Post “Musulmonning musulmon bo‘lmaganlarni bayramlari, xususan, Xalqaro xotin-qizlar kuni (8-mart) bilan tabriklashi to‘g‘rimi?” mazmunida bo‘lgan.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti Orifxo‘jayevning hibsga olinishi “o‘zboshimchalik va xalqaro qonunlarga zid” ekanini aytdi.

“Facebook'da e’lon qilingan musulmon boshqa e’tiqod vakillarini ularning diniy bayramlari bilan tabriklashi mumkin yoki yo‘qligi haqidagi post ayrimlar uchun bahsli bo‘lishi mumkin, lekin bu so‘zsiz jinoyat hisoblanmaydi. Bundan tashqari, inson huquqi sohasida so‘z [erkinligi] xalqaro normalar bilan himoyalangan”, — deyiladi inson huquqlari tashkiloti bayonotida.

Advokat Sergey Mayorov apellyatsiya shikoyati bergandi va materiallar dinshunoslik ekspertizasi qonunbuzarliklar bilan o‘tkazilganini ta’kidlagandi, biroq birinchi instansiya sudining qarori o‘zgarishsiz qolgan.