Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) o‘quvchilarning ta’limdagi ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur — PISA`ning 2022-yilgi natijalarini e’lon qildi. Tadqiqotda 81 mamlakat va hududdan 690 mingdan ortiq 15 yoshli maktab o‘quvchilari ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston, Kambodja, Salvador, Yamayka, Mongoliya va Falastin kabi ba’zi davlatlar birinchi marta ishtirok etdi.

2022-yilgi tadqiqotda asosiy e’tibor matematik savodxonlikka qaratildi. Tadqiqotga o‘qish savodxonligi va tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha testlar ham kiritilgan. Ishtirokchi davlatlarning o‘rtacha bali: matematik savodxonlik bo‘yicha 472 ball, o‘qish — 476 ball, tabiiy-ilmiy savodxonlik — 485 ball.

Mamlakatlar reytingi

Singapurlik o‘quvchilar barcha yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi natijalarni ko‘rsatdi: matematik savodxonlik bo‘yicha 575 ball, o‘qish savodxonligi bo‘yicha 543 ball va tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha 561 ball. Umuman olganda, Janubi-Sharqiy Osiyo va Xitoy mintaqalari o‘quvchilari tadqiqotda yetakchilik qildi. Estoniya va Kanada ham barcha yo‘nalishlar bo‘yicha kuchli o‘ntalikka kirdi.

Eng yaxshi natija ko‘rsatgan 10 mamlakat:


Matematik savodxonlik

O‘qish savodxonligi

Tabiiy-ilmiy savodxonlik

1
Singapur
Singapur
Singapur
2
Makao (Xitoy)
Irlandiya
Yaponiya
3
Taypey (Xitoy)
Yaponiya
Makao (Xitoy)
4
Gonkong (Xitoy)
Janubiy Koreya
Taypey (Xitoy)
5
Yaponiya
Taypey (Xitoy)
Janubiy Koreya
6
Janubiy Koreya
Estoniya
Estoniya
7
Estoniya
Makao (Xitoy)
Gonkong (Xitoy)
8
Shveysariya
Kanada
Kanada
9
Kanada
AQSh
Finlyandiya
10
Niderlandiya
Yangi Zelandiya
Avstraliya

23 ta mamlakatdagi maktab o‘quvchilari matematika savodxonligi bo‘yicha, 20 ta mamlakat maktab o‘quvchilari o‘qish savodxonligi bo‘yicha, 24 ta mamlakat maktab o‘quvchilari esa tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha o‘rtachadan yuqori ball to‘pladi.

Eng yomon natija qayd etgan 10 ta davlat:


Matematik savodxonlik

O‘qish savodxonligi

Tabiiy-ilmiy savodxonlik

72
O‘zbekiston
Shimoliy Makedoniya
Salvador
73
Iordaniya
Albaniya
Gvatemala
74
Panama
Dominikan respublikasi
Falastin
75
Kosovo
Falastin
Paragvay
76
Filippin
Filippin
Marokash
77
Gvatemala
Kosovo
Dominikan respublikasi
78
Salvador
Iordaniya
Kosovo
79
Dominikan respublikasi
Marokash
Filippin
80
Paragvay
O‘zbekiston
O‘zbekiston
81
Kambodja
Kambodja
Kambodja

Tadqiqotda ishtirok etgan postsovet davlatlari orasida Latviya, Litva va Ukraina yetakchilik qilmoqda (Rossiyaning keng miqyosdagi bosqini tufayli 27 ta hududdan 18 tasi qatnashgan). Umuman olganda, postsovet mamlakatlari quyidagi natijalarni ko‘rsatdi (o‘rin, ball):

Matematik savodxonlik
O‘qish savodxonligi
Tabiiy-ilmiy savodxonlik
21. Latviya (483 ball)
27. Latviya (475)
19. Latviya (494)
24. Litva (475)
32. Litva (472)
29. Litva (484)
41. Ukraina (441)
46. Ukraina (428)
39. Ukraina (450)
46. Qozog‘iston (425)
51. Moldova (411)
49. Qozog‘iston (423)
50. Moldova (414)
61. Qozog‘iston (386)
51. Moldova (417)
56. Ozarbayjon (Boku) (397)
67. Gruziya (374)
66. Gruziya (384)
60. Gruziya (390)
69. Ozarbayjon (Boku) (365)
68. Ozarbayjon (Boku) (380)

Umuman olganda, PISA`ning avvalgi tadqiqotlarida qatnashgan ko‘plab mamlakatlarda ballar yomonlashgan. Matematika bo‘yicha o‘rtacha ball 15 ballga (yarim yillik o‘qish davriga teng), o‘qish bo‘yicha esa 10 ballga (o‘quv yilining to‘rtdan uch qismiga teng) kamaydi. Tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha natijalarda katta o‘zgarish kuzatilmadi. Mualliflarning xulosasiga ko‘ra, buning sababi faqatgina pandemiya bilan bog‘liq emas, chunki pasayish tendensiyasi PISA`ning avvalgi sikllarida ham kuzatilgan.

O‘zbekistonning natijalari

Tadqiqotda O‘zbekistondagi 202 maktabdan 7200 dan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi. Mamlakat har uch yo‘nalish bo‘yicha ham oxirgi o‘ntalikdan joy oldi: matematik savodxonlik — 364 ball (tadqiqotda ishtirok etgan davlatlar ko‘rsatgan o‘rtacha natija 472 ball bo‘ldi), o‘qish savodxonligi — 336 ball (476 ball), tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha — 355 ball (485 ball). O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston 2030-yilgacha PISA natijalari bo‘yicha top-30 davlat qatoriga kirishni rejalashtirmoqda.

Tadqiqot savodxonlikning har bir yo‘nalishida malakani 6 ta darajada aniqlaydi, ulardan ikkinchisi oddiy kundalik muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan bazaviy ko‘nikmalar hisoblanadi.

  • Matematik savodxonlik bo‘yicha O‘zbekiston maktablari o‘quvchilarining atigi 14,4 foizi 2-darajaga, 4,2 foizi 3-darajaga va 0,7 foizi 4-darajagacha yetib borgan. Qatnashganlar orasida matematikani 5 va 6-darajada biladigan o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari topilmadi.
  • O‘qish savodxonligi bo‘yicha: o‘quvchilarning atigi 12,2 foizi 2-darajaga, 1,8% — 3-darajaga va 0,1% — 4-darajaga erishdi.
  • Tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha: 16,5% 2-darajaga, 2,2% 3-darajaga va 0,1% 4-darajaga yetdi.

Umuman olganda, o‘quvchilarning 60% dan ortig‘i savodxonlikning uchta yo‘nalishi (o‘qish, matematika, tabiiy-ilmiy) bo‘yicha minimal darajaga (2-daraja) ham erisha olmadi.

Singapur (487 ball), Yaponiya (450 ball) va Estoniya (427 ball) kabi mamlakatlarning eng kam ta’minlangan o‘quvchilari (xalqaro o‘lchovlar bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy maqomda eng yomon 20 foizlik) matematikadan O‘zbekistonning eng farovon hayot kechirayotgan o‘quvchilaridan (xalqaro standartlar bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy maqomda eng yaxshi 20 foizlik) yaxshiroq natijalarga erishdi (386 ball).

Genderlararo farq: O‘g‘il bolalar matematikadan, qizlar esa o‘qishdan yaxshiroq ball to‘plagan. Matematikada past natijalarga erishgan qizlar ulushi yuqoriroq (qizlar uchun 83% va o‘g‘il bolalar uchun 78%), o‘qishda esa aksincha (qizlar uchun 84% va o‘g‘il bolalar uchun 88%). Natijalari minimal darajadan oshish bo‘yicha har 10 nafar o‘g‘il bolaga 8 nafardan kamroq qiz to‘g‘ri keldi.

O‘zbekiston ижтимоий-iqtisodiy farqlar matematika natijalariga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan davlatlar qatoriga kiradi. Badavlat oilalar farzandlari (ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bo‘yicha eng yuqori 25 foizlik) ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bo‘yicha eng quyi 25 foizlikdagi bolalardan 22 ball ko‘proq to‘pladi. Shu bilan bir qatorda, kam ta’minlangan oilalardagi bolalarning taxminan 20 foizi matematika bo‘yicha top-25% natijaga erisha oldi.

Tadqiqot, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va matematika ballari o‘rtasida kuchli bog‘liqlikni aniqladi. Haftada bir marta yoki undan ko‘proq oziq-ovqat sotib olmaslik akademik yutuqlarga salbiy ta’sir qiladi. Tadqiqotda ishtirok etgan o‘zbekistonlik qatnashchilarning taxminan 30 foizi haftasiga kamida bir marta oziq-ovqat sotib ololmasligini aytgan.

Maktab hayoti:

  • O‘quvchilarning 18 foizi maktabda o‘zini yolg‘iz his qiladi, yana 18 foizi maktabga bog‘liqligini his qilmaydi.
  • O‘quvchilarning 10 foizi hayotidan qoniqmaydi.
  • O‘quvchilarning deyarli yarmi maktabga borishda yoki maktab hududida o‘zlarini xavfsiz his qilmaydi.
  • 20−25% o‘quvchi sinfda tartib-intizom bilan bog‘liq muammolarni qayd etdi.
  • Qizlarning 15 foizi va o‘g‘il bolalarning 19 foizi maktabda bulling qurboni bo‘lgan.

Resurslar:

  • O‘zbekistonda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan har bir o‘quvchiga o‘n yillik ta’lim uchun taxminan 15 300 dollar (XQP — xarid qobiliyati pariteti) sarflanadi.
  • Bolalarning 24 foizi o‘qituvchilar yetishmaydigan maktablarda o‘qiydi.
  • Bolalarning 28 foizi malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlashda muammosi bo‘lgan maktablarda o‘qiydi.

Tadqiqotdagi boshqa xulosalar

Ta’lim tizimining xususiyatlari (ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlar, ta’lim siyosati) IHTTga a’zo bo‘lmagan mamlakatlarda o‘quvchilarning matematika ko‘rsatkichlariga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatdi. IHTT a’zosi bo‘lgan mamlakatlarda ta’lim tizimi xususiyatlarining ta’siri unchalik katta emas, chunki ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlar o‘xshash. (O‘zbekiston IHTT a’zosi emas).

Muayyan chegaragacha (o‘n yillik o‘qish uchun har bir o‘quvchi uchun 75 000 dollargacha (XQP)) ta’lim xarajatlari va ta’lim yutuqlari o‘rtasida ijobiy bog‘liqlik mavjud: mamlakat ta’limga qancha ko‘p mablag‘ sarflasa, natija shunchalik yaxshi bo‘ladi.

Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ota-onalarning ta’lim darajasi va o‘quvchilarning matematikadagi yutuqlari o‘rtasida mustahkam bog‘liqlik ham aniqlandi. Badavlat oilalarning bolalari yaxshiroq natija qayd etdi. 35−44 yoshdagi aholisi ko‘proq oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mamlakatlar yaxshi natijalarni ko‘rsatdi.

Bolalarni turli o‘quv dasturlariga erta yo‘naltiradigan mamlakatlarda bolaning ijtimoiy-iqtisodiy holati va ularning o‘quv natijalari o‘rtasidagi bog‘liqlik chuqurlashdi.

Maktabgacha ta’lim olgan bolalar maktabda yaxshiroq o‘qimoqda.

Yuqori natijalarga erishgan mamlakatlarda maktablar bolalarga uy vazifalarini bajarishlari uchun joy va bolalarga yordam berish uchun o‘qituvchilar bilan ta’minlaydi.

Ota-onalarning farzandi ta’lim olishida ishtirok etishi, farzandlarining bilim olishiga qiziqishi bolalarning o‘quv faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Raqamli qurilmalardan o‘quv maqsadlarida o‘rtacha (kuniga bir soatgacha) foydalanish, shuningdek, ularni hordiq chiqarish uchun me’yorida ishlatish bolalarning o‘quv faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.