O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev qator mahkumlarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Farmon bilan jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 334 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 34 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 249 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 6 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 45 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 18 nafarini chet el fuqarolari, 23 nafarini ayol, 15 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar hamda 88 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.