5-dekabr kuni O‘zbekistonning yangi tayinlangan Belgiyadagi favqulodda va muxtor elchisi G‘ayrat Fozilov Bryussel shahriga yetib bordi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

G‘ayrat Fozilov 1974-yil 14-avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, 2005-yilda Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini tamomlagan.

Diplomatik xizmatini Yevropa davlatlari bilan hamkorlik bo‘yicha boshqarma attashesi sifatida boshlagan. Shuningdek, TIV markaziy apparatida, Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashida, shuningdek, O‘zbekistonning Fransiya, va Belgiyadagi elchixonalarida, NATO huzuridagi missiyada turli lavozimlarda ishlagan.

2018−2021-yillarda Yaponiyadagi elchi vazifasida faoliyat yuritgan. 2015−2017-yillar va 2021-yildan hozirgacha O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

G‘ayrat Fozilov 2017—2023-yillarda Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburgdagi elchi, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi va NATOdagi (qarorgohi Bryussel shahrida) vakolatxonalari rahbari lavozimlarida ishlagan Dilyor Hakimov o‘rniga tayinlandi.