Uzbekistan Airways Farg‘ona xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari olib borilishi munosabati bilan 7-dekabrdan 31-yanvarga qadar ushbu shaharga kelib-ketuvchi barcha reyslarni bekor qiladi, deb xabar qildi aviakompaniya matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, ba’zi reyslar quyidagi yo‘nalishlarda o‘zgartiriladi:

  • Farg‘ona — Jidda — Farg‘ona — Namangan xalqaro aeroporti orqali;
  • Rossiyaga uchuvchi barcha reyslar — Toshkent xalqaro aeroporti orqali.

Batafsil ma’lumot uchun www.uzairways.com veb-saytiga tashrif buyurish yoki aviakompaniyaning +998 78 140 02 00 aloqa markaziga murojaat qilish mumkin.

Uzbekistan Airports kompaniyasi Farg‘ona aeroportida Transport vazirligi huzuridagi “O‘zaeronavigatsiya” DUK tomonidan zamonaviy uskunalar — uzoq masofali DME/NL2700 radiomayoq va SP-200 radionavigatsiya uskunasi o‘rnatilayotgani haqida xabar berdi.

“Ushbu ishlar aeroport faoliyatini to‘xtatish va uni vaqtincha yopish uchun asos bo‘lmaydi. Farg‘ona xalqaro aeroporti odatiy rejimda ishlamoqda”, — deyiladi xabarda.

Farg‘onaga milliy aviatashuvchidan tashqari Turkish Airlines, “Aeroflot”, “Azimut”, Qanot Sharq, Centrum Air, Utair, Ural Airlines, S7, Silk Avia kabi aviakompaniyalar ham parvozlarni amalga oshirmoqda. Ushbu aviakompaniyalar reyslarni ko‘chirish haqida hech qanday ma’lumot bermagan.

Yo‘lovchilar reyslar haqidagi dolzarb ma’lumotlarni uzairports.com rasmiy sayti, Telegram boti, shuningdek, +99855 501 45 55 telefon raqami orqali aloqa markazidan olishlari mumkin.