Dubayda bo‘lib o‘tgan COP28 iqlim sammiti doirasida O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Tadweer (Abu-Dabi chiqindilarni boshqarish kompaniyasi) o‘rtasida memorandum imzolandi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Hujjatda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida ekologik toza texnologiyalar va xizmatlarni joriy etish, shuningdek, maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

“O‘zaro hamkorlikda chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish, qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib ketish, saralash, qayta ishlash, utilizatsiya qilish, chiqindi gazini yig‘ish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishni boshqarish tizimini takomillashtirish kabi muhim vazifalarni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz”, — dedi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.

Loyiha Navoiy, Buxoro viloyatlari va Farg‘ona vodiysiga qaratilgan texnik-iqtisodiy asoslashdan boshlanadi, har bir hududda chiqindilarni yo‘q qilish amaliyoti o‘rganiladi.

Tadweer ishtirokida qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish, jumladan, ularni saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish bo‘yicha boshqaruv tizimi ishlab chiqilishi kutilmoqda. Zavod elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish uchun poligon gazini qazib olishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, qattiq maishiy chiqindilar ishlab chiqaruvchi korxonalarda chiqindilarni saralash liniyalari o‘rnatish, plastmassa, qog‘oz, shisha, alyuminiy kabi ikkilamchi xomashyoni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

“Bu tashabbus O‘zbekistonda nafaqat qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida inqilob yasaydi, balki iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatishga ham katta hissa qo‘shadi. Eng ilg‘or texnologiyalar va chiqindilarni energiyaga aylantirish bo‘yicha strategik tashabbuslar orqali biz atrof-muhitni muhofaza qilishda yangi mezonlarni belgilashga tayyormiz”, — dedi Tadweer bosh direktori Ali Al Dhaheri.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, chiqindilar va resurslarni faol boshqarish global issiqxona gazlari chiqindilarining ta’sirini 15 -20 foizga kamaytiradi, bu esa atrof-muhit va iqtisodiy jihatdan sezilarli afzalliklarga olib keladi.

Tadweer rahbari 2-dekabr kuni Dubayga amaliy tashrif bilan borgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qabul qilindi.

Ma’lumot uchun: Tadweer BAAdagi chiqindilarni boshqarish bo‘yicha eng yirik davlat kompaniyasi bo‘lib, kompaniya veb-saytida qayd etilganidek, Abu-Dabida daromadlarni boshqarish bo‘yicha yagona tashkilot sanaladi.