Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda qarg‘ish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi rejalashtirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga (Haqorat qilish) qarg‘ish bandi kiritilgani, unga ko‘ra 7 million so‘m jarima va 15 sutkagacha qamoq jazosi nazarda tutilgani ta’kidlandi.

Ba’zilar esa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portaliga uchun ishlamaydigan havolani e’lon qildi.

Adliya vazirligi matbuot xizmati bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi — bunday hujjat regulation.gov.uz portalida e’lon qilinmagan.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan loyihalarga tizim tomonidan avtomatik ravishda tegishli identifikatsiya raqami beriladi va ushbu raqam havolada aks etadi.

“Ijtimoiy tarmoq kanallari yurituvchilaridan yolg‘on va noxolis, tekshirilmagan axborotlarni jamoatchilikka tarqatish orqali fuqarolarimizda turli xil tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.