Oliy ta’lim muassasalarining 1-kurs va o‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilgan talabalari uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 25-dekabrga qadar uzaytirildi, deya xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2023/2024-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriati va magistraturasiga to‘lov-kontrakt, jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklangan talabalar o‘qishi uchun to‘lov haqini o‘tkazish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 25-dekabr (shu kuni ham) etib belgilandi.

“Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Qaror ko‘pchilik abituriyentlar va ularning ota-onalari hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining murojaatlarini inobatga olingan holda davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan chiqarildi.