Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tibbiyot sohasi vakillari ishtirokida videoselektor o‘tkazdi. Unda viloyat hokimi dori ishlab chiqaruvchi turli firmalar bilan kelishib, bemorlarga kerak bo‘lmagan dorilarni yozib beruvchi shifokorlarni tanqid qildi.

“Noinsoflar, o‘tirasanda retsepti yozaverasan, cho‘ntagidan „uraverasan“. Bitta Samarqand 482 million dollar boshqa davlatlarga pul ko‘chirib dori sotib oladi. Boshqa davlatni odamlarini ish bilan ta’minlaymiz, boshqa davlatni budjetini to‘ldiramiz. Boshqa davlatlarni boy qilamiz. O‘zimiz [esa] mayib bo‘lamiz u dorilarni yeyaverib. „Pachkalab“, tonnalab dori yeymiz” — dedi hokim.

Matbuot xizmati qayd etishicha, ko‘plab shifokorlar bemorlarni aldab, mavjud bo‘lmagan kasalliklarga tashxis qo‘yib, ularga farmatsevtika kompaniyalari manfaatiga yoki ular bilan foiz asosida ishlab norasmiy shartnomalar bo‘yicha manfaatlarni ko‘zlab tijoriy jihatdan davolanishni buyurishmoqda.

“Insonlarni sog‘lig‘i biznesga aylanib ketdi. Ko‘p shifokorlar o‘zining tanish dorixonasi orqali dori yozib beradi, standartlarga amal qilmaydi. Har hafta hisobot qilib borish kerak: qaysi noinsof dorixonachi, qaysi noinsof shifokor standartdan chiqdi. Xususiy [shifoxona]lar diqqatiga, kim kerak bo‘lmaydigan dorilarni yozib beradigan bo‘lsa, u korxonaga nisbatan yopish choralarini ko‘ramiz, sudga beramiz. Keyin bosh shifokori va ta’sischisini xalqqa tanishtiramiz. Buni hamma darajadagi xususiy klinikalar o‘zlariga yozib olishi kerak, qulog‘iga quyib olish kerak xalqni sog‘lig‘i orqasidan boylik orttirishni kim niyat qilayotgan bo‘lsa, u o‘ziga dushmanlik qilayotgan odam bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan bizni samarqandliklar ham bilishi kerak: qancha ko‘p dori ichsangiz sizga foydasi yo‘q u dorini. Bobomiz Ibn Sino bejiz aytmagan, inson muntazam tarzda badantarbiya bilan shug‘ullansa unga dori-darmon kerak bo‘lmaydi” — dedi Erkinjon Turdimov.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining ma’lum qilishicha, Samarqand shahar 1-son bolalar shifoxonasida bemorni laborator tekshiruvlardan o‘tkazish uchun xususiy shifoxonaga blank-kelishuv asosida yuborgani aniqlangan. Vaholanki, shifoxonaning o‘zida laborator tekshiruvlari uchun barcha uskunalar mavjud bo‘lgan. Shuningdek, bemorga davolash standartida belgilangan dorilardan tashqari qo‘shimcha, bemorga keragi bo‘lmagan turli firmalarning qimmat dorilari yozib berilgan.

Viloyat hokimi ayrim tibbiyot muassasalarida mahalliy budjetdan ayrim dori-darmonlar ajratilgan bo‘lsada, bemorlar dorilarni ko‘chadagi dorixonalardan sotib olishga yuborayotganini tanqid qildi.

“[Shifoxonalarning] har bir kirish joyiga qanday dorilar borligini yozib qo‘yish kerak, deb avval ham aytgandim. Agar [ro‘yxatni] o‘zgartirish yoqmasa, taxtaga bo‘r bilan yozib qo‘ying. Qaysi dorilar mavjud, qaysi dorilar bepul, qaysi dorilar pullik ekanini yozish kerak. O‘sha joydagi [bemorlar] bilishi kerak. Tumanlarda ayrim [bemor]lar shpritsni ham o‘zim olib kelganman, derdi”, — dedi viloyat hokimi.

Turdimov viloyat sog‘liqni saqlash mas’ullariga tizimni raqamlashtirish, unda shifokorlar tomonidan yozilgan har bir raqamlangan retsept va davolash retseptidagi qoidabuzarliklarni qayd etish vazifasini yukladi. U tibbiyot xodimlari bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga standartdan chiqib retsept yozgan xodimlar ishdan bo‘shatilishi haqida band qo‘shish kerakligini aytdi.

Kim standartdan chiqib retsept yozsa, ishdan ketishi kerak. Shuning uchun topshiriq quyidagicha: hamma tibbiyot xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga qo‘shimcha kiritiladi, qonuniy, adliya bilan birgalikda. Hamma xodimlar bilan shartnomani qaytadan tuziladi. Bugundan boshlab standartdan boshqa dori yozib berishga hech kimni haqqi yo‘q” — dedi Erkinjon Turdimov.