Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov O‘zbekistonda o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, hozirda aksariyat mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham mavsumiy kasalliklar tarqalishi ko‘paygan. Ayniqsa, bolalarda bu jarayon biroz og‘ir kechmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” tez tibbiy yordam markazi va shifoxonalarda bo‘lib reportaj tayyorlagandi.

Nurmat Atabekovning so‘zlariga ko‘ra, kasalliklar tarqalishini oldini olish uchun o‘tkir respirator infeksiyalar tarqalishi zanjirini uzishga harakat qilish zarur.

“Kasallik tarqalishida uch muhim bo‘g‘in bor: kasallik manbai, yuqish yo‘li, yuqtirishga moyil organizm. Agar kasallangan bolalarni maktabga, bog‘chaga, jamoat joylariga yuboraversak, ular boshqalarga infeksiya yuqtirishda davom etadi. Har birimiz o‘tkir respirator kasalliklar, xususan, grippni yuqtirishga moyilmiz”, — dedi u.

Shuning uchun mutaxassis ota-onalarga kasallik belgilari bo‘lgan farzandlarini bog‘cha va maktablarga, oliy ta’lim muassasalariga yubormaslikni maslahat berdi. Bunday paytda shifokor ko‘rsatmasiga asosan, uy sharoitida zarur muolajalarni olib borishni tavsiya qildi.

“Bundan tashqari, yurtimizdagi barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemorlar uchun o‘rin-joy va zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan. Aholi orasida gripp mavsumi haqida „bu — yangi pandemiya“ degan mish-mishlar uchramoqda. Bu gaplar mutlaqo asossiz. Aytish kerakki, bu hatto epidemiya ham emas”, — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Ijtimoiy tarmoqlarda epidemik vaziyatni barqarorlashtirish, yuqumli kasallikni yengish uchun ta’lim muassasalarini vaqtinchalik yopish taklifi ilgari surilgandi.

Nurmat Atabekov esa o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi poytaxtda va ayrim hududlarda ko‘proq qayd etilayotgani kasallik tarqalishi epidemik bo‘sag‘aga yetganiga asos bo‘la olmasligini bildirdi.

“Shu sababdan ham o‘quv muassasalarida ta’lim jarayonini to‘xtatishga yetarli asos ko‘rmayapmiz. Hozirgi vaziyatda bizning vazifamiz: bemorlarni alohidalash, ularni jamoat joylaridan uzoqda tutish. Bemorlar muloqot chog‘ida doim tibbiy niqobda bo‘lishlari, ijtimoiy masofa saqlashlari, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilishlari shart”, — deya qo‘shimcha qildi SES vakili.

Shuningdek, kasallikka qarshi emlanish unga qarshi kurashishning samarali usuli ekanini eslatib, grippga qarshi vaksinalarning yetarli miqdori shakllantirilgani va ayni paytda xususiy emlash punktlarida ham 3 xil grippga qarshi vaksina mavjudligini qayd etdi.