UzAuto Motors 2024-yil yanvaridan Chevrolet Gentra (Lacetti) sedanini ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Qaror GM Global siyosati bilan bog‘liq. Gentra uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish quvvati yangi modellarga yo‘naltiriladi, deya ta’kidladi kompaniya.

Ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalari 2022-yil dekabr oyida e’lon qilingandi. Avtomobil modellarining hayot sikli haqidagi slaydda Gentra`ning sikli 2023-yil oxirida tugashi ko‘rsatilgandi. Xuddi shunday belgilar Spark va Nexia modellarida ham ko‘rsatilgan — ularning ishlab chiqarilishi 2022-yil oxirida yakunlangan.

Kompaniya 2023-yilning ikkinchi choragidan Cadillac avtomobillarini (General Motors`ning hashamatli avtomobillar brendi) sotuvga chiqarishni rejalashtirgandi. Biroq kompaniya “Gazeta.uz”ning bu bo‘yicha savoliga hozircha ma’lumot yo‘q, deya javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, Chevrolet Lacetti sedanining yirik blokli yig‘ilishi Asaka avtomobil zavodida 2003-yilda tashkil etilgan. 2008-yilda ushbu avtomobilni to‘liq ishlab chiqarish boshlangan. Besh yil o‘tgach, ushbu modelning yangilangan versiyasi taqdim etilgan.