Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining 18−64 yoshdagi aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining yarmi og‘ir vaznli, 20 foizi semiz hisoblanadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar qildi.

Tadqiqotda, shuningdek, har kuni aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) yetarli miqdorda (400 grammdan kam) sabzavot va mevalar iste’mol qilmaydi, 46 foizining qonida xolesterin miqdori oshgan.

Shuningdek, aholining o‘rtacha tuz iste’moli kuniga 14,9 grammni tashkil etadi. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan miqdordan 3 baravar ko‘p (kuniga 5 grammdan oshmasligi lozim) deganidir.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, jismoniy faollik hamda ovqatlanish me’yor va qoidalariga amal qilmaslik, tarkibida tuz, qand, yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan taom va shirinliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish, shuningdek, yetarli darajada vitamin va minerallar iste’mol qilmaslik yoshlarda ratsional o‘sish va aqliy rivojlanishda ortda qolishi va kattalarda yurak qon-tomir, endokrin, xavfli o‘sma kabi insonning erta o‘limiga olib keluvchi qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

2023-yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadida O‘zbekistonda “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilishi qayd etilgandi.