Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida qora rangdagi Gentra avtomashinalari haydovchilari bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi, deb xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Boshqarma ayni kunlarda Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida aynan qora rangdagi Gentra avtomashinalari haydovchilari tomonidan davlat raqam belgisini yechib olib harakatlanish holatlari ko‘p uchrayotganini ta’kidladi. Xabarga ilova qilingan suratlarda qora rangdagi o‘nlab Gentra mashinalari turganini ko‘rish mumkin.

“O‘tkazilgan profilaktik tadbirda viloyat IIB boshlig‘i, general-mayor Azizbek Ikramov shaxsan ishtirok etib, Gentra avtomashinalari haydovchilari bilan suhbat o‘tkazdi. Unda yuqoridagi kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, aks holda, haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilishi, avtomashina esa jarima maydoniga olib kirilishi tushuntirildi”, — deyiladi xabarda

Mazkur jarayon tarmoqlarda muhokama qilinib, holat Aybsizlik prezumpsiyasiga zid yoki yo‘qligi bo‘yicha savollar paydo bo‘ldi.

Viloyat IIB matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga bildirishicha, bu holatda Aybsizlik prezumpsiyasi buzilmagan.

“Biz hech kimni aybdor qilib ko‘rsatganimiz yo‘q. Bu profilaktik ishlarning bir qismi hisoblanadi”, — deya javob qaytardi viloyat IIB axborot xizmati boshlig‘i Ismoiljon Sharipov.