Dubayda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida 130 nafardan ortiq dunyo yetakchilari (SOR28) o‘z bayonotlari bilan ishtirok etdi. Ular orasida Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari ham bor. “Gazeta.uz” ularning nutqlaridan parchalarni taqdim etadi.

O‘zbekiston

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiFoto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Orol fojiasi tufayli iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari, ayniqsa, Markaziy Osiyoda keskin sezilmoqda. Mintaqamizda havo haroratining ko‘tarilishi jahon miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar yuqori. O‘ta issiq kunlar soni ikki baravar ko‘paydi, muzliklarning uchdan bir qismi eridi”, — dedi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

“Yashil iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish O‘zbekistonning ustuvor strategik maqsadlaridandir”.

Global past uglerodli iqtisodiyotga o‘tish adolatli, shaffof va inklyuziv bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, bu jarayonda rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlarini hisobga olish shart. Ushbu dolzarb muammoni „katta yettilik“ va „katta yigirmatalik“ formatlarida doimiy ravishda ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi”.

O‘zbekiston rahbarining nutqini bu yerda to‘liq o‘qish mumkin.

Qozog‘iston

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatiFoto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Eng ko‘p xavf ostida kichik orollar shaklida rivojlanayotgan davlatlar, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar va kam rivojlangan davlatlar qolmoqda. Doimiy geosiyosiy beqarorlik va energiya xavfsizligining yo‘qligi ham kun tartibidagi iqlim masalasiga e’tibor qaratish vazifasini murakkablashtiradi”, — dedi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev.

“Qozog‘iston Parij kelishuvini ratifikatsiya qilgan va 2060-yilgacha uglerod neytralligi strategiyasini qabul qilgan mintaqadagi birinchi davlat bo‘ldi”.

“Mamlakatimiz shamol va quyosh energetikasini rivojlantirish, shuningdek, „yashil“ vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Biz bu salohiyatni yuzaga chiqarish uchun hamkorlarimiz bilan yaqindan ishlashda davom etamiz”.

Iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlardan iqlimni muhofaza qilish yo‘lida milliy taraqqiyot va modernizatsiyani qurbon qilishlarini talab qilmaslik prinsipial va adolatli deb hisoblayman. Aksincha, bu maqsadlar yonma-yon borishi va bir-birini mustahkamlashi kerak. Dadil qadamlar lozim”.

“Metan chiqindilarini kamaytirish global isish tezligini sekinlashtirishning eng tezkor usuli hisoblanadi. Shu bois Qozog‘iston metanni kamaytirish bo‘yicha global majburiyatga qo‘shilishga qaror qilganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman”.

2050-yilga borib, global haroratning ko‘tarilishini 1,5 darajagacha cheklashga muvaffaq bo‘lsak ham, Markaziy Osiyo mamlakatlari baribir havo haroratining 2,5 darajagacha ko‘tarilishi bilan yuzlashadi. Bu suv tanqisligi, kuchli issiq, cho‘llanish va ekstremal gidrologik hodisalarga olib keladi. Shuning uchun adaptatsiya muqarrar va zarurdir”.

“Bizda sayyoramizni asrab-avaylash va har bir inson uchun barqaror kelajakni ta’minlash yo‘lida umumiy mas’uliyat mavjud. Qozog‘iston faqat jamoaviy harakat va hamkorlik iqlim inqirozini hal qilishga yordam berishiga qat’iy ishonadi”.

Qirg‘iziston

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatiFoto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

“Iqlim o‘zgarishi allaqachon muzliklarning jadal erishi va muzliklar maydonining qisqarishiga, qurg‘oqchilik va suv taqchil bo‘lgan davrlarning keskin uzayishiga, odamlar salomatligining yomonlashishiga, shuningdek, tabiiy ofatlar sonining ko‘payishiga olib keldi”, — dedi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov.

“Bu iqtisodiyotning asosiy tarmoqlariga, birinchi navbatda, energetika va qishloq xo‘jaligiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatdi va ko‘rsatishda davom etmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita yo‘qotishlardan zarar yil sayin ortib bormoqda”.

“Qirg‘iziston issiqxona gazlari chiqindilari darajasi past mamlakat hisoblanadi, mamlakat Parij kelishuvi maqsadlariga sodiq qoladi va 2030-yilga borib emissiyalarni „odatiy biznes“ ssenariysiga nisbatan 16 foizga, xalqaro ko‘mak berilgan sharoitda esa 44 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda”.

“Men jahon hamjamiyatini, birinchi navbatda, rivojlangan mamlakatlarni rivojlanayotgan, [iqlim o‘zgarishiga ko‘proq] sezuvchan tog‘li mamlakatlarni, jumladan, yo‘qotishlar va zararlar bo‘yicha jamg‘armani erta ishga tushirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy ko‘mak, eng yangi texnologiyalarni bepul taqdim etish hamda iqlim loyihalari uchun tashqi qarz almashish mexanizmlarini yaratish orqali yanada faolroq qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman”.

Tojikiston

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmatiFoto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

“Hududining 93 foizini tog‘lar egallagan Tojikiston ham tez-tez sodir bo‘ladigan tabiiy ofatlar sababli iqlim o‘zgarishiga sezuvchanroq hisoblanadi. Har yili tabiiy ofatlar Tojikiston iqtisodiga yuzlab million dollar zarar yetkazadi, ayrim hollarda odamlarning halok bo‘lishiga olib keladi”, — dedi prezident Emomali Rahmon.

Iqlim o‘zgarishi muzliklarning tezda erishiga, daryolardagi suv hajmining kamayishiga olib kelmoqda va milliy iqtisodiyotning energetika, qishloq xo‘jaligi va sanoat kabi muhim tarmoqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

“Hozirgi kungacha Tojikistondagi 13 ming muzlikdan mingdan ortig‘i butunlay erib ketgan. Markaziy Osiyodagi suv resurslarining 60 foizi esa Tojikiston muzliklarida hosil bo‘ladi”.

“Biz Parij kelishuvi maqsadlariga erishish yo‘llaridan biri “yashil iqtisodiyot”ni shakllantirish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish deb hisoblaymiz”.

“Albatta, Tojikistonga ham boshqa rivojlanayotgan davlatlar singari, faqat budjet mablag‘laridan foydalangan holda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga qaratilgan hukumat siyosatini amalga oshirish qiyin. Shu sababli biz mamlakatning ushbu yo‘nalishdagi salohiyatni rivojlantirish va mustahkamlash uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va rivojlangan mamlakatlarning qo‘shadigan hissasidan manfaatdormiz”.

Turkmaniston

Foto: Videodan kadrFoto: Videodan kadr

Turkmaniston iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashda keyingi taraqqiyotni ta’minlash uchun xalqaro va milliy darajadagi maqsadli ishlarni davom ettirish zarur ekanini tushunadi”, — dedi Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov.

“Bugun Turkmaniston mana shu yuqori minbardan turib metan bo‘yicha global majburiyatga qo‘shilganini rasman e’lon qiladi”.

“Shu bilan birga, mamlakatimiz metan bo‘yicha global majburiyatdan kelib chiqadigan shartlarni bajarishga qaratilgan mavjud loyiha va dasturlar doirasida xalqaro tashkilotlar va hamkor davlatlar bilan doimiy hamkorlikni davom ettiradi”.