Toshkent shahrida kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda, deya xabar berdi poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

“Poytaxtimiz hududida jinoyatlarni oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida, Toshkent shahar IIBB hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotganligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Fuqarolardan xavfsizlik qoidalariga rioya etish va xavotirga berilmaslik so‘ralgan. Qayd etilishicha, “barcha harakatlar shaharning tinchlik va osoyishtaligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda”.

Kuni kecha Kun.uz nashri so‘nggi bir hafta ichida Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha jinoiy guruhlari va jinoiy dunyoning o‘nlab vakillari”ga qarshi keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi. Nashrning yozishicha, qo‘lga olinganlar tergov natijalariga ko‘ra o‘z harakatlariga baho berish uchun tergov izolyatorlariga joylashtiriladi.