1-dekabrdan Toshkent shahrida yo‘nalishli transport vositalarining harakati uchun mo‘ljallangan (“A” harfi chizilgan) tasmalarda qoidabuzarliklarni qayd etuvchi kameralar ishga tushdi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi.

Kameralar maxsus ajratilgan yo‘lakda sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, avtobuslarning harakatiga xalaqit bergan, qoldirib ketilgan transport vositalarini qayd etadi. Qoidani buzganlarga nisbatan belgilangan tartibda jarima qo‘llaniladi.

Maxsus ajratilgan yo‘laklar

O‘tgan yil oxirida Toshkent shahrida jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar tashkil etila boshlangandi. Bugungi kunga qadar ular ko‘plab markaziy ko‘chalarda mavjud.

Prezident 2023-yil yanvar oyida Toshkentdagi 73 ta ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi haqida ma’lum qildi.

Transport vazirligi huzuridagi Poytaxt transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha boshqarmasi direktori Murod Obidov “Gazeta.uz”ga 2023-yilda poytaxtdagi mavjud 34 ta asosiy ko‘chalarning 13 tasida alohida ajratilgan yo‘laklarni joriy etish, shuningdek, mazkur yo‘laklarda joylashgan chorrahalarni muvofiqlashtirilgan holda boshqarish uchun “aqlli” svetoforlar o‘rnatish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. O‘shanda “Ishning bajarilishi moliyaviy sabablar tufayli kechikishi mumkin”, deya ogohlantirgandi Murod Obidov.

Maxsus ajratilgan yo‘laklar tashkil etilgan va rejalashtirilgan ko‘chalar.Maxsus ajratilgan yo‘laklar tashkil etilgan va rejalashtirilgan ko‘chalar.