Milliy banklararo protsessing markazi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) yurisdiksiyasiga o‘tkaziladi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 30-noyabrdagi “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjat bilan hozirda Markaziy bankning Bosh axborotlashtirish markaziga tegishli bo‘lgan Humo to‘lov tizimidagi davlat ulushi (100 foiz) to‘liq DABAga o‘tkaziladi. Ushbu qarorning maqsadi tushuntirilmagan.

Qarorda ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda bank kartalaridan foydalangan holda o‘g‘irlik va firibgarlik holatlarining ko‘payishi aholining raqamli moliyaviy savodxonligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasi yetarli emasligi, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarida huquqbuzarliklarning oldini olishning zamonaviy tizimlari mavjud emasligidan dalolat bermoqda (Humo va Uzcard tizimlari nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin — tahr.).

“Gazeta.uz” yangilik bo‘yicha Markaziy bank va Humo`ga so‘rov yubordi. Hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun ham chiqarilmagan.

Milliy to‘lov tizimi 2018-yil sentabr oyida yaratilgan. O‘shanda chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizlik darajasini pasaytiradi, to‘lov infratuzilmasini yagona integratsiyalashuviga yo‘l qo‘ymaydi va bitta monopoliya tizimining hukmronligiga olib kelishi ta’kidlangandi.

Humo o‘sha paytdagi yagona protsessing markazi — xususiy tuzilma bo‘lgan Uzcard dasturiy ta’minotidagi katta nosozlikdan keyin tuzilgan.