Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-noyabr kuni “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, so‘nggi paytlarda bank kartalaridan foydalangan holda o‘g‘irlik va firibgarlik holatlarining ko‘payishi aholining raqamli moliyaviy savodxonligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasi yetarli emasligi, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarida huquqbuzarliklarning oldini olishning zamonaviy tizimlari mavjud emasligidan dalolat bermoqda (Humo va Uzcard tizimlari nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin — tahr.).

O‘g‘irlik, firibgarlik va boshqa huquqbuzarliklarga o‘z vaqtida chek qo‘yish maqsadida Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalar sodir etilganda, bank kartalari, bank hisobvaraqlari va mobil ilovalardagi hisobvaraqlardan foydalanishni uch kungacha muddatga vaqtincha cheklash to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar berish vakolatini oladi.

Markaziy bankka bir oy muddatda quyidagilar nazarda tutilgan chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi:

  • tijroat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari tomonidan fuqarolarga onlayn xizmatlar ko‘rsatishda texnik himoya usullarini takomillashtirish, antifrod tizimlarini joriy etish, ketma-ket uch yoki undan ortiq o‘tkazmalar nazoratini avtomatlashtirish, bank kartalaridan foydalanishni hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida katta miqdordagi pul o‘tkazmalarini (p2p-o‘tkazmalar) biometrik va boshqa himoya choralarini qo‘llagan holda nazorat qilish mehanzimlarini joriy etish;
  • zamonaviy tahdidlar, bank kartalari (karta rekvizitlari) bilan, shu jumladan elektron to‘lov tizimlari orqali noqonuniy operatsiyalarning oldini olish uchun aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish.

Bundan tashqari, mablag‘larni oluvchi tomonidan qimor o‘yinlari tashkil etish va o‘tkazish faoliyati hamda kapital harakati operatsiyalari amalga oshirilayotgani to‘g‘risidagi to‘lov tizimining operatsiya kodi yoki boshqa identifikatorlar belgilanmani haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lganda, tijorat banklarining bank kartasi yordamida O‘zbekistondan tashqarida joylashgan mablag‘ qabul qiluvchiga transchegaraviy o‘tkazish taqiqlanadi.

Bosh prokuratura Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga raqamli texnologiyalar vositasida jinoyat sodir etilgan joy va usulini aniqlashning jinoiy va jinoyat-protsessual asoslarini, elektron (raqamli) dalillarni aniqlash, to‘plash, tekshirish, ekspertiza qilish, hisobga olish va saqlash tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Ichki ishlar vazirligiga boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda uch oy muddatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish metodikasini tasdiqlash topshirildi.