30-noyabr kuni Dubayda BMT xalqaro iqlim konferensiyasi (COP28) ochildi. Uning ishida 12-dekabrga qadar 190 dan ortiq mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari, olimlar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etadi.

Bu yilgi COP28 mezboni Birlashgan Arab Amirliklari, konferensiya prezidenti esa BAA sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri va Abu-Dabi milliy neft kompaniyasi (Adnoc) bosh direktori Sulton Al-Jaberdir.

COP28 iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan yuzlab tadbirlarga mezbonlik qiladi. Asosiy tadbir — 1−2-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Butunjahon iqlim bo‘yicha sammit. Xuddi shu sanalarda Oliy darajadagi Segment sessiyasi rejalashtirilgan. Unda davlat va hukumat rahbarlari o‘z mamlakatlarining iqlim inqirozi bo‘yicha pozitsiyalari to‘g‘risida milliy bayonotlar bilan chiqishadi.

1-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan sessiyada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ma’ruza qiladi.

COP28 nima?

COP28`ning rasmiy nomi — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan har yili o‘tkaziladigan yig‘ilish bo‘lib, unda iqlim o‘zgarishi bilan qanday kurashish va uning oqibatlariga qanday moslashish kerakligi muhokama qilinadi.

Tomonlar 1992-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasini (UNFCCC) imzolagan davlatlardir.

Konferensiya Dubaydagi ko‘rgazma markazi — Expo Cityʼda bo‘lib o‘tadi. Unga turli mamlakatlardan 70 mingdan ortiq delegatlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi tarixdagi eng ko‘p ishtirokchi bo‘lgan sammit hisoblanadi.

Nima uchun bu muhim?

COP28 bu yil sayyoramizni qamrab olgan halokatli suv toshqinlari va katta o‘rmon yong‘inlari, shuningdek, bu yil Yerda qayd etilgan eng issiq yoz va, ehtimol, rekord darajadagi eng issiq yil bo‘lishi fonida o‘tkaziladi.

Sammit mamlakatlar uchun qo‘shma maqsadlarni ishlab chiqish va turli vositalar, jumladan, moliyalashtirish orqali iqlim o‘zgarishini yaxshiroq boshqarish imkoniyati sifatida ko‘rilmoqda.

2015-yilda COP28`da Parij kelishuvi qabul qilinganidan beri sammit ishtirokchilari asosiy maqsad — global haroratning selsiy bo‘yicha 2 darajadan oshishiga yo‘l qo‘ymaslikka erishishga qaratilgan.

COP28`da tomonlar birinchi marta Parij kelishuvining “global inventarizatsiyasi” — Parij maqsadlariga erishish yo‘lida insoniyatning jamoaviy taraqqiyoti tahlilini o‘tkazadilar.

Monitoring natijalariga ko‘ra, iqlim bo‘yicha maqsadlarga erishish uchun xalqaro hamjamiyatni yo‘naltira oladigan reja ishlab chiqiladi. Keyin hukumatlar ushbu global rejani iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy rejalarga kiritishlari va 2025-yilda BMTga progress haqida hisobot berishlari kerak bo‘ladi.