Milliy gvardiyaning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Axmedov Atamurad Baxtiyarovich egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Bugun.uz xabar qildi.

Nashr o‘z ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Ahmedov o‘tgan dam olish kunlari qozog‘istonlik reper Jah Khalib`ning konsertida sodir bo‘lgan voqealar kelib chiqishiga javobgar etib jazolangan. U ommaviy tadbirlar vaqtida xavfsizlik ta’minlanmagani hamda tashkiliy masalalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sabab ishdan olingan.

Hozirda Madumarov Mirzaakbar Madaminovich Toshkent shahar bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarma boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. Tayinlovga qadar polkovnik Mirzaakbar Madumarov Milliy gvardiya tasarrufidagi Chirchiq shahridagi brigada komandiri lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, shanba kuni konsert boshlanishidan avval muxlislar zonasiga kiraverishda tiqilinch yuzaga kelgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda kiraverishda minglab odamlar to‘planib qolgani aks etgan videolar tarqaldi.

iTicket.uz tartibsizliklarga konsert uchun soxta chiptalarni rasmiy platformasi orqali emas, balki uchinchi tomon saytlarida xarid qilgan ko‘plab odamlar sabab bo‘lganini ma’lum qildi.