Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilindi.

“Mamlakatdagi suv resurslarining 20 foizi O‘zbekistonning o‘zida, katta qismi esa qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamaymoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish bo‘yicha vaziyat ham jiddiy. Bularning ta’sirida 2030-yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinyapti”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, yuqoridagilarga qaramasdan suvdan samarasiz foydalanish davom etmoqda. Mamlakatdagi jami suv resursining 90 foizi qishloq xo‘jaligida sarflanayapti. O‘zbekistonda bir gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10−11 ming kubmetr suv sarflanayotgan bo‘lsa, iqlimi va yeri o‘xshash mamlakatlarda bundan 2−3 baravar kam suv ishlatilayapti. Bunga esa suvni to‘g‘ri boshqarish va isrof qilmaslik hisobiga erishilyapti.

Suv xo‘jaligiga har yili o‘rtacha 1 mlrd dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu soha budjetdan mablag‘ olish bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligidan keyin 4-o‘rinda turadi. Ammo tizimda hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, suv resurslarini boshqarishda eskicha yondashuvlar saqlanib qolgani uchun samara past.

Yig‘ilishda prezident bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi. Bunda birinchi muhim vazifa kanal va ariqlarni betonlash bo‘ladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga o‘rtacha 14 mlrd kub metr yoki 36 foiz suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof bo‘layapti. Eng ko‘p suv yo‘qotishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Navoiy, Xorazm va Buxoro viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Kanallarning oxirida joylashgan 175 ming gektar ekin maydonida suv ta’minoti juda og‘ir ekani aytilgan.

“Umuman, suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilayapti. Shu bois suv xo‘jaligida „kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil“ e’lon qilindi. Kelgusi yilda 1 ming 500 kilometr, ya’ni bu yilgiga nisbatan 4 barobar ko‘p yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. 2025-yildan boshlab kamida 2 ming kilometrdan kanallarni betonlashga o‘tiladi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Buning uchun noyabr-mart oylari eng qulay vaqt ekani, loyihasi tayyor kanallarda qurilishni hozirdan boshlash kerakligi qayd etilgan. Viloyat va tuman hokimlariga bir yil ichida 3 ming 500 kilometr ichki tarmoqlarni beton qoplamaga o‘tkazish topshirig‘i berilgan. Bundan manfaatdor klaster va fermerlarga maxsus texnika va qurilish materiallaridan yordam berib, xarajatlarni 2 karra kamaytirish mumkinligi ta’kidlangan.