Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha byurosi Beshqayrag‘och, Ko‘kcha Darvoza va Qoratosh ko‘chalarini o‘z ichiga olgan transport yo‘lagida mavjud yo‘l harakati xavfsizligi muammolarini hal etish loyihasi ustida ish olib bormoqda. Bu haqda “Gazeta.uz"ga loyiha byurosi direktori Murod Obidov ma’lum qildi.

Loyiha qanday paydo bo‘ldi?

Ushbu transport yo‘lagida yo‘l harakatini tashkil etish (YHTE) bilan bog‘liq o‘zgarishlar shaharning asosiy arteriyalarida YHTE ishlarini qayta tashkil etish dasturining bir qismi hisoblanadi. Bu prezidentning jamoat transporti tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan. Dasturni amalga oshirish uchun Loyiha byurosi mutaxassislari Toshkent ko‘chalarida transport vositalari qatnovi yuklamalarining umumiy manzarasini ishlab chiqdi.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

“Guvohi bo‘lib turibmizki, shahar chekkasidan odamlar va transport vositalarining yirik oqimi mavjud. Iyun oyi holatiga Toshkent shahrida 760 ming avtomobil ro‘yxatga olingan. Bundan tashqari, Toshkentga kuniga yana 160−280 ming avtomobil va 1,5 mln kishi kirib keladi. Yo‘l tarmog‘iga yuklamani kamaytirish uchun odamlar va transport shahar tarmog‘iga bir maromda singib ketishi lozim”, — deydi Murod Abidov.

Prezident qarori ijrosi doirasida Loyiha byurosi tomonidan umumiy uzunligi 472 km bo‘lgan 36 ta eng gavjum transport yo‘laklari aniqlandi. Mutaxassislar shoshilinch aralashuvni talab qiluvchi 13 ta ustuvor yo‘nalishni ajratib oldi.

Yangi yechimlarni ishlab chiqish uchun Loyiha byurosi jamoasi ushbu yo‘laklardan foydalanuvchi transport vositalari va yo‘lovchilar sonini hisoblab chiqdi, shuningdek, yo‘l-transport hodisalari (YTH) o‘choqlari va to‘qnashuvlar yuzaga kelishi sabablarini aniqladi. Murod Obidovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ikkita yo‘lak bo‘yicha takliflar tayyor: Amir Temur — Shahrisabz — Shota Rustaveli — Yangi Sergeli, shuningdek, Beshqayrag‘och — Ko‘kcha Darvoza — Qoratosh. Ularning uzunligi mos ravishda 23 va 8 kilometrni tashkil etadi. Yechimlar Jahon bankidan jalb qilingan xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan.

“Yo‘laklar rekonstruksiyasi uch bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda, — deya tushuntiradi byuro rahbari. — Avtobuslar harakatlanish huquqi ustuvorligini va yo‘l harakati qatnashchilari xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, svetoforlarni boshqarishning muvofiqlashtirilgan tizimini („aqlli“ svetoforlar) joriy etish zarur. Shundan keyin, jamoat transporti infratuzilmasini hamda odamlar hech bir qiyinchiliksiz jamoat transporti yo‘lovchisiga aylanishlari uchun to‘siqsiz piyodalar muhitini takomillashtirish lozim. Yengil transport vositalari yo‘lovchilarining transport vositasiga chiqishi va tushishi uchun shart-sharoit yaratish ham muhim ahamiyatga ega. Navoiy ko‘chasida ana shu narsa e’tibordan chetda qoldirilgan edi”.

Yo‘lakning asosiy muammolari

Beshqayrag‘och — Ko‘kcha darvoza — Qoratosh yo‘lagi Beshqayrag‘och ko‘chasining Toshkent halqa avtomobil yo‘li (THAY) bilan kesishgan joyidan boshlanib, Xalqlar do‘stligi maydonida tugaydi. Ushbu arteriyaning turli qismlaridan har kuni 40 minggacha avtomobil foydalanadi. THAYdan shaharga Beshqayrag‘och ko‘chasi orqali 77 ming kishi kirib keladi.

Loyihaviy yechimlar Loyiha byurosi maslahatchisi, YHTE bo‘yicha mutaxassis Andrey Baginov tomonidan ishlab chiqilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihaning global maqsadi — yo‘llarning o‘tkazuvchanligini saqlab qolgan holda, nizoli holatlarni kamaytirish hamda jamoat transporti ustuvorligi va piyodalar xavfsizligini ta’minlash orqali yo‘l harakatini qanday qilib xavfsizroq qilish mumkinligini ko‘rsatib berishdan iborat.

Poytaxtning ushbu va boshqa yo‘laklarida mavjud transport muammolarini hal qilish bilan bog‘liq asosiy qiyinchilik — shahar bosh rejasining mavjud emasligida, deya tushuntiradi Andrey Baginov va uning hamkasbi Bobur Sirojev. Qurilish obyektlarining oldindan taxmin qilib bo‘lmas va rejasiz ekanligi transport harakati va talabdagi o‘zgarishlarni oldindan prognoz qilishga imkon bermaydi.

Bir necha yil ichida Beshqayrag‘och va Ko‘kcha darvoza ko‘chalari bo‘ylab yakka tartibdagi qurilish obyektlari o‘rnida qisman yoki to‘liq ko‘p qavatli turar-joylar qurilsa yoki bu yerda yirik savdo yoki ijtimoiy obyektlar paydo bo‘lgan taqdirda, bu ko‘cha-yo‘l tarmog‘idagi yuklamaga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shahar bosh rejasi mavjud emasligi sababli, transport tizimini rejalashtiruvchi mutaxassislar faqatgina shu yerning o‘zida va ayni paytda mavjud bo‘lgan obyektlarni hisobga olgan holda ishlash imkoniga ega. Qurilish obyektlari bilan bog‘liq har qanday jiddiy o‘zgarish YHTEni o‘zgartirish uchun katta miqdordagi xarajatlarni talab qilishi mumkin.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

“Biz asosiy chorrahalardagi oqimni hisoblab chiqdik, uning tarkibini aniqladik va voqelikning raqamli egizagini modellashtirdik (transport tizimining raqamli egizagi — bu real voqelikni takrorlaydigan yo‘l harakati holatining kompyuter dasturidagi aksi — tahr.). Biroq, koridor bo‘ylab oqimni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yirik obyekt quriladi, deb ishonish uchun hech qanday asosimiz yo‘q. Normal holatda, har qanday raqamli egizaklar yiliga yoki hatto har mavsumda bir marta, hech bo‘lmaganda svetoforlar faoliyati bilan muvofiqlashtirish uchun, yangilab turilishi lozim. Ularni transport harakatining amaldagi holatiga moslashtirish zarur”, — deydi Andrey Baginov.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, mutaxassislar infratuzilmada mavjud bir qator kamchiliklarni aniqladi:

  • Yo‘lakning ko‘p qismlarida piyodalar yo‘lkalari yoki piyodalar o‘tish joylari mavjud emas, ayrim joylarda piyodalar yo‘lkalari mashinalar to‘xtash joyiga “aylantirilgan”.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

  • Xususiy xonadonlar bo‘ylab joylashgan piyodalar yo‘lkalarining aksariyati juda tor, bir yarim metrgacha balandlikdagi chiqish joylari mavjud. Bu, aslida, Toshkent shahri va mamlakatning boshqa shaharlari uchun odatiy hol, chunki uy egalari ko‘pincha foydalanilmayotgan tomorqa uchun o‘zlari va vatandoshlarini xavfsiz va qulay piyodalar muhitidan mahrum qiladilar. Bu davlat tomonidan hech qanday tarzda tartibga solinmaydi.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

  • Yo‘lakning butun uzunligi bo‘ylab, chorrahalardan tashqari joylarda faqat bitta tartibga solingan piyodalar o‘tish joyi mavjud. Qolgan joylarda odamlar olti polosali ko‘chani belgilanmagan joylardan kesib o‘tishga majbur bo‘ladi.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

  • Transport vositalari shundoqqina bordyur bo‘ylab to‘xtab turadi. Bu haydovchilar uchun bir-birini va piyodalarni ko‘rishni qiyinlashtiradi.
  • Svetoforsiz burilishlar bo‘ylab avtomobillar to‘xtab turadi. Bu transport boshqaruvi vaqtida qaltis manyovrlarga olib keladi.
  • Bir paytlar tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlaridan farqli o‘laroq, kirish va chiqish joylari juda ko‘p. Ushbu kesishmalardagi tirbandlik asosiy ko‘chadagi umumiy yuklamaga ta’sir qiladi va jamoat transporti harakatini sekinlashtiradi. Nazariy jihatdan, har bir kirish joyi ko‘cha balansi egasi, arxitektura va qurilish boshqarmasi hamda bosh reja instituti bilan kelishilgan bo‘lishi lozim. Biroq, bu O‘zbekiston kontekstidagi alohida yirik muammo. Har qanday qurilish obyekti loyihasi shahar ko‘chalariga “ulanishi” kerak. Har bir kirish joyi chiqish joyi vazifasini ham o‘tashi shart emas. Kirish joylari bir tomonlama bo‘lishi mumkin, transport oqimlarini mavzelar ichida tashkil qilish va boshqarish zarur.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

  • Binolar yonidagi shaxsiy avtoturargohlarning aksariyati noqonuniy.

2022-yil yakunlariga ko‘ra, ko‘chada 33 ta YTH qayd etilgan bo‘lib, ularda jami 6 kishi halok bo‘lgan. O‘limga olib kelgan oltita YTHdan beshtasida piyodalar transport vositalari urib ketishi natijasida halok bo‘lgan. YTHlar sodir bo‘lishiga asosiy sabab:

  • piyodalar yo‘lkalari mavjud emas;
  • piyodalar o‘tish joylari mavjud emas;
  • piyodalar o‘tish joylari svetofor vositasida tartibga solinmagan;
  • qatnov qismidagi yo‘laklar ixtisoslashtirilmagan (yo‘l ko‘rsatkich ko‘rinishidagi belgilar, chorrahalar hududida trayektoriya marshrutlari, haydovchilarga to‘g‘riga, chapga, o‘ngga harakatlanish yoki qayrilish uchun qaysi yo‘lakka o‘tish kerakligini oldindan aytib beruvchi yo‘l belgilari);
  • svetoforlarni ko‘rib bo‘lmaydi.

“Muammo, shuningdek, O‘zbekiston qonunchiligida YTHlar o‘chog‘i tushunchasi mavjud emasligi, qanday hollarda YTHlar jamlangan hududlarni saralash kerakligi, ularni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rish zarurligi belgilanmaganligi bilan ham bog‘liq, — deydi Andrey Baginov. — Biz Rossiya me’yorlarini asos qilib oldik, barcha YTH o‘choqlarini aniqladik va qanday chora ko‘rish mumkinligini o‘rgandik”.

Mutaxassislar tomonidan Beshqayrag‘och yo‘lagida YHTE bo‘yicha qanday o‘zgarishlar taklif etilmoqda?

Yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni, jumladan, YTHlarni bartaraf etish maqsadida mutaxassislar tomonidan qator chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Svetofor va yo‘l belgilarini ko‘zga tashlanadigan qilish. Ba’zi joylarda ularni daraxt shoxlari yopib qo‘ygan yoki yo‘lning qatnov qismi yuqorisiga svetoforlar o‘rnatilmagan, vaholanki, uch yoki undan ortiq yo‘lak mavjud bo‘lgan taqdirda, bu majburiy hisoblanadi, deydi Andrey Baginov.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

O‘tkazuvchanlikni oshirish. Buning uchun barcha svetoforlarni shunday sozlash kerakki, transport vositasi bitta katta chorrahadan ikkinchisiga “yashil to‘lqin” bo‘ylab o‘tsin.

Tashuvchanlikni oshirish. Shaharning global missiyasiga mos keluvchi konsepsiyaning asosiy g‘oyasi — taksi haydovchilari va yo‘lovchilarini jamoat transporti yo‘lovchilariga aylantirish.

Buning uchun koridorda butun koridor bo‘ylab qatnovchi avtobus yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, u Islom Karimov ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi maydoni bo‘ylab Botir Zokirov ko‘chasi (“O‘zbekiston” metro bekati) bilan kesishgan chorrahaga, u yerdan Navoiy ko‘chasiga chiqadi. Marshrut Chorsu maydonida tugaydi.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

“Shunday qilib, avtobus yo‘lovchilarni aglomeratsiya (“Nazarbek” posti)dan ikki metro yo‘nalishi — “Chilonzor” yo‘nalishida “Xalqlar do‘stligi” metro bekati va “O‘zbekiston” yo‘nalishida “O‘zbekiston” metro bekati bo‘ylab “tarqatadi”. Avvaliga biz bu oqimni “Paxtakor"ga tushirishni o‘ylagandik, biroq bu bekat yuklamasi shundoq ham juda yuqori”, — deya tushuntirdi Murod Abidov.

Andrey Baginovning so‘zlariga ko‘ra, avtobuslar yo‘l chetidagi ajratilgan yo‘lak bo‘ylab harakatlanishi mumkin. Yakka tartibdagi transport vositalari to‘xtashi, yo‘lovchilarni transport vositasiga chiqarish va tushirish muammosini hal qilish uchun shunga mo‘ljallangan hududlarda dublyorlar paydo bo‘ladi.

Yo‘l bo‘yida avtoturargohlar tashkil qilish. Avtoturargoh faqat Ko‘kcha darvoza va Qoratosh ko‘chalaridagi dublyorlarda saqlanib qolmoqda. Konsepsiyada Beshqayrag‘och ko‘chasidagi yo‘l bo‘ylab to‘xtash joylari ko‘zda tutilmagan. Biroq, yakka tartibdagi transport vositalari uchun yo‘lovchilarini chiqarish va tushirish joylari bo‘ladi. Avtoturargoh faqat dublyorlarda tashkil etiladi.

Avtoturargohlar va dublyorlarni tashkil qilish chastotasida muayyan bir namuna mavjud emas, deydi Andrey Baginov. Shahar ma’muriyati xususiy shaxslar tomonidan egallab olingan va shaxsiy avtoturargohlar uchun jihozlangan kommunal foydalanish joylariga qaytgan taqdirda, ular istalgan joyda paydo bo‘lishi mumkin. Ayni paytda, jamoat transporti bekatlari asosiy ko‘chada qoladi.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

Yo‘laklarning ixtisoslashuvi va chorrahalardagi belgilar. Chorrahalardagi nizoli holatlar muammosini hal qilishi mumkin bo‘lgan choralardan biri — bu yo‘laklarni marshrutlash va ixtisoslashtirishdir. Andrey Baginovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda chorrahalarda hech qanday yo‘l chiziqlari mavjud emas. Vaholanki, aynan yo‘l chiziqlari (strelkalar, haydovchilarga to‘g‘riga, chapga, o‘ngga harakatlanish yoki qayrilish uchun qaysi yo‘lakka o‘tish kerakligini oldindan ma’lum qiluvchi belgilar) haydovchilarga manyovr paytida trayektoriyadan chiqib ketmaslikka yordam beradi.

Piyodalar xavfsizligi. Piyodalar xavfsizligini oshirish uchun butun yo‘lak bo‘ylab 9 ta yangi svetofor tizimi tashkil qilinadi. Ularning ayrimlari mavjud piyodalar o‘tish joylariga, boshqalari loyihada ko‘zda tutilgan yangi o‘tish joylariga o‘rnatiladi. Bu o‘tish joylarida transport vositalarining piyodalar bilan to‘qnashuvi muammosini hal qiladi.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

Piyodalar bilan yuzaga keladigan nizoli holatlarni bartaraf etishning yana bir yechimi — piyodalar yo‘lkalari mavjud bo‘lmagan joylarda ularni tashkil etish. Bundan tashqari, piyodalar yo‘lkalarida mashinalar to‘xtashi uchun jismonan hech bir imkon qoldirmaslik kerak.

“Masalan, qayerdadir yo‘l chetida ketayotgan piyoda urib yuborilgan. U piyodalar yo‘lkasi yo‘qligi uchun yo‘l chetidan yurishga majbur bo‘lgan. Agar piyodalar yo‘lkasi mavjud bo‘lganida, piyoda katta yo‘lga chiqmagan bo‘lardi. Piyodalar yo‘lkalarini tashkil qilish orqali biz bu muammoni hal qilamiz”, — deydi Andrey Baginov.

Qayrilish joylarini o‘rash. Yo‘lakning butun uzunligi bo‘ylab bir nechta o‘ralgan qayrilish joylari paydo bo‘ladi. Ular qayrilish paytida yuzaga keladigan to‘qnashuvlar xavfini minimallashtirish uchun o‘rab qo‘yiladi. Oqimlarni ajratib turadigan yo‘naltiruvchi orolchalar tufayli bunday “cho‘ntak"ka qayrilish uchun ketma-ket ikkitadan ko‘p bo‘lmagan mashina joylashishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, bunday qayrilishlar piyodalarga ko‘chani xavfsiz kesib o‘tish imkonini beradi.

jamoat transporti, odamlar uchun shahar, orzudagi toshkent, toshkentning transport tizimi modeli, yhx

Navoiy ko‘chasidagi o‘ralgan qayrilish joyi.

Boshqa ko‘plab hududlarda yo‘naltiruvchi orolchalar tashkil qilinadi. Aksariyat holda ular yo‘lning kengligi yoki chorraha maydoni bunday obyektlarni qurish imkonini bergan taqdirda, quriladi. Ular to‘qnashuvlarni kamaytiradi va qayta qurish ehtimolini bartaraf etadi. Ko‘plab yo‘naltiruvchi orolchalar ham xavfsizlik orolchasi vazifasini bajaradi, ham piyodalarga yo‘lni xavfsiz kesib o‘tishi uchun imkon yaratadi.

Ijtimoiy makon. Loyiha byurosi jamoasi koridor bo‘ylab joylashgan barcha ijtimoiy obyektlar: maktablar, shifoxonalar, masjidlarni ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislar ushbu obyektlardan foydalanuvchilarning taxminiy sonini hisoblab chiqdi. Ularning yonida kengaytirilgan piyodalar yo‘lkalari, avtoturargohlar, piyodalar o‘tish joylari loyihalashtirildi.

Ayrim avtobus bekatlarini ko‘chirish. Ayrim hollarda bekatlarni odamlarni eng ko‘p jalb qiladigan joylarga yaqinlashtirish kerak. Jumladan, “Samarqand Darvoza” savdo markazining savdo majmuasi tomonidagi bekati ko‘p qavatli avtoturargohdan keyin joylashgan. Piyodalar savdo markazigacha 150 metr masofaga piyoda yurib borishlari talab etiladi, yakka tartibdagi transport vositalari esa yo‘lovchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri markazga kirish joyida tushiradi. Bundan tashqari, bekat qarshisida piyodalar o‘tish joyi mavjud emas, vaholanki, me’yoriy hujjatlarda bu yerda piyodalar o‘tish joyini tashkil etish ko‘zda tutilishi lozim. Shu sababli, Loyiha byurosi ushbu bekatni savdo markazining o‘ziga yaqinlashtirishni taklif qilmoqda.

Chapga burilish joylarini yopish: Ko‘kcha Darvoza — Oqsoy va Qoratosh — O‘zgarish ko‘chalari kesishmasida joylashgan chapga burilish joylarini yopish taklif qilinmoqda. Birinchi holatda, Andrey Baginovning so‘zlariga ko‘ra, transport oqimi shunchalik kichikki, chapga burilish joyining mavjudligidan ma’ni yo‘q. Ushbu oqimni qayrilishga yoki boshqa ko‘chalarga yo‘naltirish hamda ustuvorlikni piyodalarga berish maqsadga muvofiq, shunda ular svetoforning chapga buriladigan transport vositalariga mo‘ljallangan fazasida ko‘chani kesib o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi holda, chapga burilish joyi haydovchilarni chalg‘itmaslik uchun yopiladi. Ular dublyor bilan adashtirib yuborilishi mumkin.

Kompyuter modelining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, yechimlar, shuningdek, koridorning o‘tkazuvchanligini 15 foizga oshiradi. Shunday qilib, ertalabki tig‘iz vaqtda markazdan shahar chetlariga yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazuvchanlik hozirgi 1882 ta avtomobildan 2095 tagacha, shahar chetlaridan markazga soatiga 2944 tadan 3241 tagacha oshadi. Yo‘lak ichidagi barcha chorrahalarning o‘tkazuvchanligi soatiga taxminan 11,5 ming avtomobildan 13,2 mingdan ziyodgacha ortadi.