30-noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Shimoliy Makedoniya poytaxti Skope shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 30-yig‘ilishi doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Xususan, u Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha yangi tayinlangan davlat kotibi Devid Kemeron bilan uchrashdi. Eslatib o‘tamiz, u 2011-yildan 2016-yilgacha Britaniya hukumatini boshqargan.

Vazirlar O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligining yo‘nalishlarini muhokama qildi, barcha sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdilar.

бахтиёр саидов, девид кемерон, ехҳт

So‘ngra Baxtiyor Saidov YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashdi.

“Janob Mekachchining yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga to‘xtalib, kelgusi yillar uchun hamkorlik rejalarini belgilab oldik”, — dedi TIV rahbari.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri YeXHTning ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdrahmonov bilan uchrashdi. U bilan YeXHT makonida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik tamoyillarini ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi.

Baxtiyor Saidov Kanada tashqi ishlar vazirining parlament kotibi Rob Olifant bilan esa O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi hamkorlikning foydalanilmagan salohiyati, ikki tomonlama kun tartibini kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar haqida suhbatlashdi.