29-noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi Isroilni bosib olingan Golan tepaliklarini ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi, deya xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.

Hujjat uchun 91 davlat, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, shuningdek, Rossiya, Braziliya, Hindiston hamda Xitoy ovoz berdi. Sakkiz davlat, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada bunga qarshi chiqdi. Yana 62 davlat betaraf qoldi.

бмт ассамблеяси, голан tepaliklari, исроил, сuрия

Rezolyutsiya hammualliflari Misr, Iordaniya, Iroq, BAA, Suriya va boshqa davlatlar edi.

Hujjat sakkiz banddan iborat bo‘lib, birinchisi, Isroil BMT Xavfsizlik Kengashining 1981-yildagi 497-sonli rezolyutsiyasiga hali ham amal qilmagani haqidagi bayonot bo‘lib, u mamlakatdan Golan tepaliklari ustidan Isroil yurisdiksiyasini o‘rnatuvchi qonunni bekor qilishni talab qiladi.

Bundan tashqari, rezolyutsiyada “Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga muvofiq Isroil bosib olgan Suriyaning Golan tepaliklaridan 1967-yil 4-iyunda mavjud bo‘lgan chiziqqa chekinishi” talab qilinadi. Rezolyutsiyada, shuningdek, “Suriyaning Golanini ishg‘ol qilishning davom etishi va uning amalda qo‘shib olinishi mintaqada adolatli, keng qamrovli va mustahkam tinchlikka erishish yo‘lida to‘siq bo‘lishi” ta’kidlanadi.

Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan rezolyutsiya qabul qilingandan so‘ng, uning mamlakati ushbu hujjat talablarini bajaradi deb hisoblamasligini aytdi. “Biz uning matni bilan tubdan rozi emasmiz va bu rezolyutsiyani prinsipial ravishda amalga oshirmoqchi emasmiz. Bu BMT hozirda Isroil bilan bog‘liq adekvat qarorlar qabul qila olmasligining yana bir tasdig‘i bo‘ldi”, — deya uning so‘zlarini keltiradi “Kommersant”.

Golan tepaliklari 1967-yilgacha Suriya hududining bir qismi bo‘lib, olti kunlik urush paytida Isroil tomonidan bosib olingan va keyinchalik yahudiy davlati tarkibiga kiritilgan. 1981-yilda Isroil parlamenti bu hududda yahudiy davlatining suverenitetini bir tomonlama e’lon qilgan qonunni qabul qildi. BMT Xavfsizlik Kengashining 1981-yil 17-dekabrdagi 497-rezolyutsiyasi anneksiyani haqiqiy emas deb topdi.

1973-yilda Arab-Isroil urushi paytida Suriya Golan tepaliklarini qaytarib olishga harakat qildi, ammo mag‘lubiyatga uchradi. Isroil va Suriya qo‘shinlari o‘rtasida BMT kuchlari tomonidan nazorat qilinadigan neytral demilitarizatsiya zonasi yaratildi.

Suriya hamon Golan tepaliklarini o‘z hududi deb biladi va ularning qaytarilishi Isroil bilan tinchlik shartnomasini imzolashning eng muhim shartidir.