Toshkent shahar sudida 17-noyabr kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Unda jabrlanuvchilar, guvoh va ekspertlar ishtirok so‘zga chiqdi.

15-noyabr kuni bo‘lgan sud majlisida raislik qiluvchi sudya Muso Yusupov 17-noyabrdagi majlis jabrlanuvchilar taklif etiladigan oxirgi kun bo‘lishini e’lon qilgan edi.

“Juma kuni jabrlanuvchilarimizning kelgani keladi. Biz taklif qilyapmiz. Ko‘pchilik e’tiroz bildiryapti. „Endigina o‘zimizga keldik, yaramizni yangilamanglar“ degan masalalar ham bo‘lyapti. Agar vaziyat shunday bo‘lsa, ulardan o‘z fikrlarini ariza shaklida taqdim etishlarini so‘radik. Olgan [arizalarimizni] sizga ma’lum qilamiz”, — degandi sudya.

Sudya Yusupov 17-noyabrdagi majlis avvalida sud zaliga kelgan jabrlanuvchilar shoshib turgani uchun avval ularning ko‘rsatmalari tinglanishi, bunga tomonlarning e’tirozi bor-yo‘qligini so‘radi.

Advokatlardan biri: Hurmatli raislik etuvchi, bir taklif bor edi. Agar jabrlanuvchilar shoshayotgan bo‘lsa, ularning ko‘rsatmasini o‘qib eshittirib, yuborsangiz ham bo‘ladi. Hech kimga moneligim yo‘q. Lekin keling, guvohlardan boshlaylik. Bizga asosan guvohlar kerak. Jabrlanuvchilar unchalik emas. Shunaqa taklif bo‘ldi. E’tiborga olishingizni xohlaymiz.

Sudya: Endi, to‘g‘ri qabul qilasizlar. Farzandini yo‘qotib, viloyatdan kelib turibdi, Navoiydan kelgan. Hozir “Ko‘rsatuvingizni o‘qib eshittiramiz, ketavering”, deyish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi? Shuning uchun hozir ish bo‘yicha jabrlanuvchilarning qonuniy vakillarini, keyin Andijonni, so‘ngra sudlanuvchi N.Sh.ning iltimosiga ko‘ra [chaqirilgan] guvohlarni so‘raymiz.

Tomonlar bunga roziligini bildirdi.

Jabrlanuvchi Doston Sattorov ko‘rsatmasi

Doston Sattorov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Doston Sattorov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Jabrlanuvchi Doston Sattorov 1993-yil Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. Hozirda Zarafshon shahar Qizilqum fosforit kompleksida kombayn mashinisti bo‘lib ishlaydi. Uning 2021-yil 22-iyunda tug‘ilgan farzandi Damir Shokirov 2022-yil oktabri oxirida shamollashdan tuzalish uchun dori qabul qilgach, ahvoli og‘irlashib, vafot etgan.

Ko‘rsatmadan oldingi shaxsga oid qisqa savol-javobdan:

Sudya: Oilangiz bormi?

Jabrlanuvchi: Bor.

Sudya: Nechta farzandingiz bor?

Jabrlanuvchi: Hozir yo‘q endi.

Farzandimizning hech narsadan shikoyati yo‘q, qolgan tengdoshlariga nisbatan o‘sishi [ham] yaxshi edi. Keyin qandaydir shamollagandek bo‘lib, kechqurun “temperatura” qildi. “Dok-1 Maks"ni bundan oldin ham, kichkinalik paytida, bir flakonlar chamasi bergan edik. “Temperaturasi” juda baland bo‘lmagani uchun shifoxonaga bormasdan, onasi aytgani, atrofdan [ham] so‘ralgani uchun o‘zimiz uy sharoitida ["Dok-1 Maks"]dan berdik.

Ayolim dorilarning ichidagi kichik qoshiqcha bilan ikki mahaldan, ikki yarim kun bergan. U qoshiqcha necha grammligini bilmayman. Keyin bolada qayt qilish, holsizlanish, boshqa alomatlar sezilavergandi, Zarafshon shahar shifoxonasiga olib bordik. Do‘xtirlar bronx yo‘llarida qandaydir shamollashi bor, shuning uchun qayt qilyapti [dedi].

Ta’kidlab o‘tishim kerakki, Zarafshon shahridagi barcha tibbiyot markazlarida — xoh kattalar, xoh bolalar uchun bo‘lsin — barcha do‘xtirlarning tibbiy saviyasi past, deb o‘ylayman. Necha marta borgan bo‘lsak ham hech qanday aniq tashxis bo‘lmagan.

Mana shu holatida shamollash deb, bolamni uch kun davolashgan. Nima kerak bo‘lsa, hamma narsani olib kelib berdik. Shundan keyin ham UZI qilib, “Buyragida hech qanday muammo yo‘q”, deyishdi. Juda mazasi bo‘lmay, o‘rnidan turolmay, holsizlanib, siymay qo‘ygach, yana UZI qilishdi-da, “Siydik yo‘lidami, kanalidami torayish bor”, deb takror xato tashxis qo‘yishdi.

Keyin Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib bordik. U yerda UZI qilgan zahoti “Buyrak „otkaz“ bergan, ishlamayapti, qonda zaharlanish boshlangan” deyishdi. Shundan keyin bir sutka Navoiy shahrida qoldi.

Ular Samarqandga diagnoz qilishga yubordi. O‘zim olib keldim, joylashtirdik. To‘rt marta dializ oldi. Ikki marta qon, ikki marta suvini tozalab olishdi, lekin hech qanday foyda qilmadi. O‘sha vaqtda ham, Samarqandda ham aniq tashxis yo‘q. Shamollash, ovqatdan [zaharlanish] variantlari bor, lekin aniq hech narsa yo‘q. Ular ham o‘sha o‘sha payt ["Dok-1 Maks"]dan ekanini bilishmagan. Do‘xtirlar qanday dorilar berganimizni so‘rashganda aytib o‘tganmiz.

24 — 25-oktabrlar mazasi bo‘lmay qolganida [dori] berib boshlagan bo‘lsak, 3-noyabrda bo‘lmadi, komaga tushdi. Ikki-uch kun davomida boshida suv to‘planib, ko‘zlaridan suv chiqar holatga keldi (yig‘lamsirab gapirdi — tahr.). Bilmadim endi, bunga qanday izoh berish mumkin?

Butun Samarqand viloyati, 50−60 ta dorixonadan oddiy bir kateter topilmadi. Toshkentdan olib keltirsak, uning ham o‘lchami to‘g‘ri kelmadi. Ertasiga Toshkentdan yana pochta qildirib, boshqa olib keldik. Bola deyarli ikki kun o‘sha ahvolda yotib, battar orqaga ketaverdi. Mana shu narsalar qanday qilib tanqis bo‘lishi mumkin, bilmadim endi.

Dializ qildi, birinchi kun yaxshilangandek bo‘ldi, ikkinchi kun orqaga keta boshladi. Yurakni suv qisyapti deyishdi. Mana shu holatda o‘g‘lim olamdan o‘tdi.

Sudya: Aka, farzandingizga dorini kim tavsiya qilgan?

Jabrlanuvchi: Avvalroq bir shamollagan payti shifoxonaga borganimizda do‘xtir “Ibufen D” degan doridan tavsiya qilgandi. Shu dori bir qancha vaqt chiqmay qoldi shekilli, ko‘pchilik o‘rniga shu ["Dok-1 Maks"]dan ishlatayotgan ekan deb, uy sharoitda o‘zimiz bera boshladik. O‘zimizning “dom"imiz pastidagi dorixonadan olingan.

Sudya: Farzandingizga necha kun ichirilgan?

Jabrlanuvchi: Ikki yarim kun davomida, ikki mahaldan kichkina qoshiqchada berilgan.

Sudya: Grammi qancha bo‘lgan?

Jabrlanuvchi: Ikki-uch grammdan oshmaydi. Anig‘ini bilmadim endi. Siroplarning ichida qoshig‘i bo‘ladi-ku, besh grammgacha bordir. Ayolim ichirgan.

Sudya: Tushunarli. Dorining qolgani nima bo‘ldi?

Jabrlanuvchi: [Bolam vafot etgandan keyin] hamma dorilarni yig‘ishtirib tashladik. Haliyam shunday qilgan ekanmiz. Boshqa biror jiyanlarga berilmagan ekan. Doridanligi aniq bo‘lgach, uyda bo‘lsa laboratoriyaga beramiz, deb o‘zimiz ham izlab yurdik. Yo‘q, chiqarib tashlangan ekan, topilmadi.

Sudya: [Tergovchilarga] dorixonani ko‘rsatdingizmi?

Jabrlanuvchi: Ha, ko‘rsatgandim.

Sudya: Tushunarli. Prokuror, savollar bormi?

Prokuror: Sudlanuvchilarga nisbatan da’voyingiz bormi? Bo‘lsa, qanaqa da’vo? Jazo masalasida-chi?

dok-1 maks, sud

Jabrlanuvchi: Jazo xohlayman. Hech narsa bilan [bolamni] qaytarib bo‘lmaydi. Mana shundan keyin xotinim qancha depressiya holatini [boshidan kechirdi]. Necha oydan beri davolanamiz — o‘ziga kelmaydi. Bu narsa [bolasidan ayrilgan] 66 oilaning barini har taraflama barbod qildi deb o‘ylayman. Hozirgacha ham [boshqa] farzandimiz bo‘lmasligi shuning stressidanmi [deb qolaman]. Umuman, hayotimizni boshqa tomonga o‘zgartirib, yubordi.

Bularga hech qanday amnistiyasiz, umrining oxirigacha qamoq jazosi berilishini xohlayman. Qolgan moddiy tomonlarini [esa] hamma jabrlanuvchilar uchun [qanday] kompensatsiya ajratilsa, shunday ajratilishini so‘rab qolaman.

Sudya: Advokatlarimizda savollar bormi?

Advokatlardan biri: Dorixonadan dorini o‘zingiz oldingizmi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: O‘shanda dorixonachiga farzandingizning yoshini aytganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha, aytganmiz.

Advokat: Yoshini aytgan bo‘lsangiz ham tavsiya qilganmi?

Jabrlanuvchi: Tavsiya emas, o‘zimiz “Dok-1 Maks” bormi, deb so‘raganmiz. Shundan olib, keyin berganmiz.

Advokat: Berilayotgan paytda yo‘riqnomasini o‘qiganmisiz?

Jabrlanuvchi: Oxirgi berishimizdan oldin ham bir flakon ishlatganimizda o‘qiganmiz. Bir yoshu besh oylik bo‘layotgandi, onasi tugab qolgan degandan keyin borib olib kelgandim.

Advokat: Necha oy oldin berilgan?

Jabrlanuvchi: Bilmadim, necha oy oldin berilgan. [O‘shandan qolgani] ancha vaqt qolib ketganda, qandaydir o‘zgargandir deb uni bermay, boshqa olib keldik. O‘zi [bolam] ko‘p shamollamasdi. O‘sha payt ham kunduz kunlari yaxshi yurdi. Ikki kun kechqurun ko‘proq og‘ringani uchun kuchayib ketmasin deb, oldini olish maqsadida berganmiz.

Advokat: Dori idishda qancha qolganligidan xabaringiz bormi?

Jabrlanuvchi: Olib kelingandan keyin kichkina qoshiqchada 2 gramdanmi, 3−4 grammdanmi, besh mahal berilgan. Aniq qanchadan berilganini bilmayman. Foyda qilmaganidan keyin shifoxonaga olib bordik.

Advokat: Uydagi qoshiqda berilganmi?

Jabrlanuvchi: Ha. Shu uydagi bolalarga beriladigan kichkina qoshiqchada, choy qoshiq deyiladimi, o‘sha.

Advokat: Idishning tagida qancha qolgani esingizda yo‘g‘a?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Endi berilgan grammini hisoblasangiz, kelib chiqadi.

Advokat: Agar choyqoshiqda beriladigan bo‘lsa, bir choyqoshiq besh milligrammga teng. Besh mahal berilgan bo‘lsa, bu 25 milligramm bo‘ladi. “Dok-1 Maks"ning yo‘riqnomasida siropni ikki yoshdan o‘tgan bolalarga berish belgilanganligidan xabaringiz bormidi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, lekin undan xabarim yo‘q.

Boshqa advokat: Hozir bergan dastlabki ko‘rsatmangizda [siropning] ichidan chiqqan qoshiqchada berdim dedingiz. Hozir advokat savol berganda ovqat beradigan kichkina temir qoshiqda deyapsiz. O‘zi nimada bergansiz? Temir qoshiqdami yoki ichidan chiqqan qoshiqchadami?

Jabrlanuvchi: Endi men misol qilib aytdimda. Ayrim siroplardan kichkina qoshiqcha chiqadi-ku. O‘sha o‘lchamdagi o‘zimizning kichkina qoshiqachada [berganmiz].

Advokat: O‘zining ichida qoshiq bormi?

Jabrlanuvchi: Endi ayolim ichirgan. Bormi-yo‘qmi bilmayman.

Advokat: Nima bor [edi]? O‘zingiz ochib ko‘rganmisiz?

Jabrlanuvchi: Shu retsept qog‘ozi, sirop idishi bor [edi].

Advokat: Ukolga o‘xshagan narsasi bormi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. “Ibufen D"da shunaqa shpritsga o‘xshagan narsasi bor. O‘zimiz berganimiz ham shunaqa [edi].

Advokat: “Dok-1 Maks"da qanaqa edi? Idishchasi bormidi, yo‘qmidi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, menimcha, yo‘q edi. O‘sha uy sharoitidagi qoshiqcha bilan berganmiz.

Advokat: Hozir siz “Yo‘riqnomasini o‘qimadim, 2 yoshgacha bermaslik kerakligini bilmadim”, dedingiz. Choy qoshiqda qanday miqdorda? Nega unda choy qoshiqda berdingiz?

Jabrlanuvchi: Bundan oldin ham o‘shandan bergandik.

Advokat: Bundan oldin deyapsiz-da. U qancha oldin? Bir hafta, bir oy yoki bir yilmi?

Jabrlanuvchi: 2−3 oycha oldin. Mana shunaqa miqdorda berganimizda, 2−3 kunda yaxshi bo‘lib qolardi. O‘sha vaqtda ta’siri bo‘lardi-da.

Advokat: Oxirgi berganingiz noyabr oyi bo‘lyapti, to‘g‘rimi?

Jabrlanuvchi: Oktabr oyi. 21−22 sanalarda berganman. 24-sanada shifoxonada yotqizdik.

Advokat: Bu ikki oy oldin bo‘lgan deyayotganingiz avgust oyida, yoz fasliga to‘g‘ri kelyapti. Yozda ham shamollagan bo‘lyaptimi shunda?

Jabrlanuvchi: Hozir uning qaysi oy yoki sanaligini aniq bilmayman. Lekin endi bola bo‘lgandan keyin shamollaydi-da. O‘zi unaqa tez-tez kasal bo‘lmasdi. Bo‘lsa, to‘rt, nari borsa, ikki-uch oy oldindir.

Advokat: Tushunarli. To‘rt oy oldin ichirgan bo‘lishingiz mumkin, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Mumkin. Endi shu 2−3 oy orasida ichirgan bo‘lishimiz mumkin.

Advokat: Oldin ham shunaqa qoshiqchada ichirganmidingiz?

Jabrlanuvchi: Ha, o‘sha o‘zining qoshiqchasida berganmiz.

Advokat: Oldingisining ichida qoshiqchasi borligini eslayapsiz-da, bunisining ichida nima borligini eslolmayapsiz.

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Menimcha, uning ichida yo‘q edi. Ochgan payti e’tibor bergandim-da.

Advokat: Demak, hech qanaqa qopqoqcha ham, ukolcha ham, qoshiqcha ham bo‘lmagan.

Jabrlanuvchi: Endi men o‘zim ochmaganman, bilmayman. Ayolimdan so‘rab, aytishim mumkin.

Sudya: Savollar bormi?.. [Jabrlanuvchi], sizda savol bormi? Savol berish huquqingiz ham bor.

Jabrlanuvchi: Savollarimning hammasini aytib bo‘ldim. Bularga ko‘riladigan chora, ichimdagilar shu.

Sudya: Rahmat, aka. Shoshayotgan ekasiz, marhamat, ketishingiz mumkin.

Jabrlanuvchi Narziqul Abdusalomov ko‘rsatmasi

Narziqul Abdusalomov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Narziqul Abdusalomov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Jabrlanuvchi Narziqul Abdusalomov 1987-yil Jizzax viloyati Jizzax tumanida tug‘ilganman. Fermer. Uning 2021-yil 3-oktabrda tug‘ilgan farzandi — Osiyo Sunnatova 2022-yilning oktabr oyi oxirida shamollashdan tuzalish maqsadida dori ichib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Jabrlanuvchi: Bu sirop ["Dok-1 Maks"]ni katta farzandlarimizda ham ishlatganmiz. Qizim oktabrda endigina bir yoshga to‘lgandi. Dalada yig‘im-terim vaqti bo‘lgani uchun [uydan] 30 kilometr narida bo‘lardim. Isitma qilgan ekan, onasi dorixonaga borib, “Dok-1 Maks” olib kelib, o‘shandan beribdi.

Keyin yaxshilanmayapti, kundan-kun orqaga ketyapti, deb telefon qilganiga [uyga] bordim-da, “Farhod” klinikasiga olib bordik. Ikki kun qatnab, ukol oldik. Do‘xtirlarga shamollashi yaxshilanmayapti desam, “Shamollash birdaniga yaxshi bo‘lib qolmaydi, vaqt davolaydi”, dedi.

Ikkinchi kuni klinikadan uyga qaytganimizdan keyin xotinim bolaning siymayotgani, [tanasida] shishlar paydo bo‘lib, o‘zgarmay, sust bo‘lib borayotganini aytdi. Shundan keyin o‘zimizdagi shoshilinch tez tibbiy yordamga olib bordik. “Umuman siymayotgan [bo‘lsa], qanaqadir ukol qilib siydiramiz, [shunda ham o‘zgarish bo‘lmasa], operatsiya qilamiz, ungacha tekshirtirasizlar”, dedi.

UZI qildirdik. “Buyragi zo‘r, buyrakdanmas”, deyishdi. Shoshilinchdan chiqib, ko‘p tarmoqliga bordik. U yerdagi vrach ko‘rdi-da, “O‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lyapti, vaqtni o‘tkazmay, tezda Samarqandga borasizlar, dializ olasizlar, mana bu qog‘ozni ham olib olinglar”, dedi.

[Samarqand] ko‘p tarmoqli [tibbiyot markaziga boshqa] viloyatdan borganimiz uchun vrachlar ikkigacha ishlashi, ikkidan keyin odam qabul qilmasligini aytdi. Samarqanddagi shoshilinch tez tibbiy yordamga olib bordik. U yerda [ham] UZI qildi-da, ahvol yomonligi, buyragida kuchli [jarayon] ketayotganligini aytdi.

Shundan keyin Samarqand shoshilinch [tez tibbiy yordam]da ikki kun qolib ketdik. Bizga Samarqand ko‘p tarmoqlidan joy tegmadi. Ikki kunda keyin bir ayol vrach keldi-da “Bolaning ahvoli juda yomon”, deb reanimatsiyaga o‘tkazdi. “Ko‘p tarmoqliga o‘tasizlar”, dedi. O‘sha kateter… O‘sha vrachning yordami bilan o‘tib oldik.

Borganimizda “Dok-1 Maks” bergansizlar. Bu bizda “Dok-1 Maks"dan 10-mi, 11-holat. Bekor kelibsizlar, o‘z viloyatlaringda qolavermaysizlarmi, viloyatdan kelganlarni olmayapmiz”, deb zo‘rma-zo‘raki qabul qilib olishdi. Uchinchi kuni kateterni Toshkentdan zo‘rg‘a topib ketdik — Jizzax, Samarqand, Qarshidan so‘ramagan joyimiz qolmagandi. 12-noyabr kuni shunaqa bo‘lib qoldi…

Sudya: Tushunarli. Demak, dorini sizga hech kim tavsiya qilmadi, to‘g‘rimi?

Jabrlanuvchi: Tavsiya qilmadi. Katta farzandimiz yo‘talib qolganida berganimizda yaxshi ta’sir qilganligi uchun ayolim [yana shundan] olib kelib bergan.

Sudya: Dorini turmush o‘rtog‘ingiz bergan, to‘g‘rimi?

Jabrlanuvchi: Ha, shunday.

Sudya: Necha mahal ichirganini bilasizmi?

Jabrlanuvchi: Ikki mahal ichirgan.

Sudya: Qancha dozada ichirganinichi?

Jabrlanuvchi: Uni aniq bilmayman.

Sudya: Tergov jarayonida 2 milligramm bergan, degan ekansiz.

Jabrlanuvchi: Shu avvalgi safar qanday ko‘rsatgan bo‘lsa, shunday bergan-da (yig‘lamsirab gapiradi — tahr.).

Sudya: U nechanchi farzandingiz edi?

Jabrlanuvchi: Uchinchi farzandim edi.

Sudya: Dorining qolgani nima bo‘ldi?

Jabrlanuvchi: Tashlab yuborildi. “Ambronol"mi farqi yo‘q. Uyda qanaqa taqiqlangan dorilar bo‘lsa, hammasi tashlab yuborildi-da.

Sudya: Tergovga bermadingizmi?

Jabrlanuvchi: Tergovgami? Hech kim so‘ramadi. O‘shandayam nima qildingiz, tashlab yubordingizmi deyishdi. Tashlab yuborganimni aytdim.

Sudya: So‘radimi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Sudya: Dorixonani ko‘rsatdingizmi?

Jabrlanuvchi: Ko‘rsatganmiz, ha.

Sudya: Prokuror, savollar bormi?

Prokuror: Sudlanuvchilarga nisbatan da’voyingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Qonunda ko‘rsatilgandek, qilgan xatti-harakatlariga yarasha jazo berishlaringizni so‘raymiz. Pullarning miqdorini undirib berishingizni so‘raymiz.

Advokatlardan biri: Narziqul aka, dorini qayerdan olgansiz?

Jabrlanuvchi: O‘zimizning mahalladagi dorixonadan.

Advokat: Bu dorini vrach tavsiya qilmagan-a?

Jabrlanuvchi: Avvalgisini tavsiya qilgan. O‘shanda qanday holatda tavsiya qilgan bo‘lsa, [keyingi gal] ham o‘sha holatda berilgan.

Advokat: Ilgari ham farzandingizga “Dok-1 Maks” ichirganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Qaysi oyda ichirgansiz?

Jabrlanuvchi: oktabrning oxiri, noyabrda.

Advokat: Yo‘q. Bu oxirgi marta ichirganingiz-da.

Jabrlanuvchi: Oxirgi marta ichirganimning sanasi aniq esimda yo‘q-ku.

Advokat: Yo‘q. Ilgari ham deganim — yozda, bahorda ichirganmisiz, demoqchi edim.

Jabrlanuvchi: Bunisiga emas, narigi bolalarimizga ichirganmiz. Ta’siri yaxshi bo‘lgan.

Advokat: Kattalarga ichirgansiz-da. Dorixonachi kichkina farzandingizga olayotganingizni bilganmi?

Jabrlanuvchi: Bir yoshga deb so‘rab olingan. Tergov vaqti ham “Dorini yoshini aytib so‘ragandilaringmi?”, deb so‘rashgandi.

Advokat: Demak, so‘rab olgansiz, to‘g‘rimi?

Jabrlanuvchi: So‘ralgan, hammasi so‘rab olingan.

Advokat: Berishdan oldin yo‘riqnoma bilan tanishganmisizlar?

Jabrlanuvchi: Qanaqa dori bersa, nimaga ta’siri borligini o‘qirdik, tanishib chiqardik.

Advokat: Tanishgan bo‘lsalaringiz, yoshi haqidagi qismchaga qaraganmisizlar? “Qo‘llanilishi” degan joyiga necha yoshdan necha yoshgacha, qanaqa dozada berish to‘g‘risida ma’lumot bo‘ladi. Shunga e’tibor qaratganmisizlar?

Jabrlanuvchi: Balki qaratmagandirmiz.

Advokat: So‘rayotganimning sababi, “Dok-1 Maks” 2 yoshdan katta bolalarga beriladi. Bir yoshli bolaga berilmaydi. Uning tarkibida [1 yoshli] bolaga og‘irlik qiladigan moddalar borda. Shuning uchun taqiqlanadi. Qancha dozada bergansizlar?

Jabrlanuvchi: Men miqdorini aytolmayman.

Advokat: Kelinoyim biladilar?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Idishi nima bo‘lgan?

Jabrlanuvchi: Tashlab yuborildi-da.

Advokat: Tergovga taqdim qilinmagan?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘shanaqa 3−4 ta dorining ro‘yxati “mumkin emas” deb chiqarilgandan keyin hamma [dori] yig‘ib, tashlab yuborilgandi.

Jabrlanuvchi Muzaffar Saidrasulov ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Muzaffar Saidrasulov 1983-yil Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Oshpaz. Uning 2020-yil 11-mayda tug‘ilgan farzandi — Soliha Nosirova 2022-yilning noyabr oyida shamollashdan tuzalish uchun dori ichib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Jabrlanuvchi: Oktabr oyi oxirlarida qizim shamollab qolganida ayolim dorixonadan ["Dok-1 Maks"] siropini olib, ikki-uch kun ichirgan. Keyin bola siyolmay qolgan, oyog‘i shishgan. O‘zimizning Ishtixon tumaniga olib keldik. Bu yerda ikki kun yotdi. Keyin Samarqand shahar ko‘p tarmoqli kasalxonaga olib bordik. Yetti kunmi, sakkiz kunmi yotdi. Shu bilan olamdan o‘tdi. 17-noyabrda bir yil bo‘ldi.

Sudya: Dorini kim tavsiya qilgan, Muzaffar aka.

Jabrlanuvchi: Hech kim tavsiya qilmagan. Ayolim dorixonaga borib, shamollashga qarshi dori deb so‘raganda, dorixonachi shuni bergan.

Sudya: Necha kun, necha mahaldan ichirganini aniq bilasizmi?

Jabrlanuvchi: Aniq bilmayman, ishda bo‘lganman. Uch kunmi ichirgan-da.

Sudya: Tergov jarayonida uch kun davomida ikki mahaldan deyilgan ekan-da. Qancha grammdan berilganini bilasizmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, qancha berganini bilmayman. Choy qoshiq bilan bergan bo‘lishi mumkin.

Sudya: Aniq bilasizmi, bilmaysizmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, aniq bilmayman.

Sudya: Tergovda 2 milligramdan berilgan deyilgan ekan-da.

Jabrlanuvchi: Ayolim bergan. Anig‘ini u biladi.

Sudya: Shifoxonaga olib bordingizmi? Qaysi shifoxonaga olib borilgan?

Jabrlanuvchi: Ko‘p tarmoqliga olib borganmiz.

Sudya: Dorining qolganini nima qildingiz?

Jabrlanuvchi: Tashlab yubordik.

Sudya: Tergov organi so‘ramadimi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Tashlab yuborgandan keyin so‘rashdi.

Sudya: Dorixonani ko‘rsatdingizmi?

Jabrlanuvchi: Ha, ko‘rsatdik.

Sudya: Tushunarli. Prokurorimizning savoli bormi, marhamat.

Prokuror: Sudlanuvchilarga nisbatan da’voyingiz bormi-yo‘qmi, Muzaffar aka?

Jabrlanuvchi: Da’voyim bor.

Prokuror: Qanaqa?

Jabrlanuvchi: Umrbod qamoq jazosi berishingizni so‘rayman.

Prokuror: Zarar-chi?

Jabrlanuvchi: Zararni undirib berishlaringni so‘rayman.

Prokuror: Miqdori qanchaligini aniq ayta olasizmi?

Jabrlanuvchi: Nimani?

Prokuror: Sizga yetkazilgan moddiy-ma'naviy zararning.

Jabrlanuvchi: 500 million so‘m beraversin.

Prokuror: Boshqa savolim yo‘q.

Advokatlardan biri: Muzaffar aka, “Dok-1 Maks"dan boshqa yana birorta dori berganmisizlar?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, bermagan.

Guvoh Hasanboy Xolmirzayevning ko‘rsatmasi

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Avvalgi sud majlislarining birida Andijon viloyatidagi sud-tibbiy ekspertlaridan biri Hasanboy Xolmirzayev guvoh sifatida ko‘rsatma bergan edi. Ko‘rsatmasi tugallanmay qolgani uchun 17-noyabrdagi sud majlisida u so‘zida davom etdi.

Advokat Davron Ahmadov: Hasanboy aka, qolgan joyimizdan davom ettiramiz. Siz organlardan probalar olib gistologga berganingizdan so‘ng o‘sha gistolog qanaqa harakatlarni amalga oshirgan?

Guvoh: Gistolog buyraklarda o‘zgarishlar, nefrit kasalliklarini topgan.

Advokat: Yana nimalar topilgan? Boshqa narsalar topilmaganmi?

Advokat Davron Ahmadov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Advokat Davron Ahmadov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Guvoh: Yo‘q, boshqa narsalar yozilmagan. Topilgan narsalar shular — buyrakning kasallanishiga xos belgilar edi.

Advokat: Endi qarang, buyrakning zaharlanganligiga xos belgilar topilgani [aytilgan]. Siz buni etilenglikoldan deb xulosalaganmisiz?

Guvoh: Men xulosamni berganman. Mening tekshiruvim davomida etilenglikol chiqmagan. Kasallanish paytida bola tibbiy muolajalar olgani, antibiotiklar qabul qilganligi sababli etilenglikol bo‘lsa ham yuvilib ketgan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman. Shuning uchun etilenglikol chiqmagan.

Advokat: Mumkin deb o‘ylaysizmi? Yoki buni aniq tasdiqlaysizmi?

Guvoh: Tasdiqlayman.

Advokat: Tasdiqlashingiz uchun qanaqa ilmiy asos bor? Qaysi adabiyotda etilenglikol yuvilib ketishi yozilgan ekan? Siz aytgan adabiyotlarni ko‘rib chiqdik, bu narsa yozilmagan ekan. Boshqa adabiyot bormi?

Guvoh: Men sizga aytib beraman. Etilenglikol chiqmagan. Lekin ma’lum bir vaqtda davomida [tibbiy] yordam olganligi sababli yuvilib ketgan bo‘lishi mumkin. “Dok-1 Maks” siropini ichgandan keyin bolaning ahvoli yomonlashgan. Shifoxonada buyrak yetishmovchiligi aniqlangandan keyin bolani davolash davrida antibiotiklar qabul qilganligi sababli yuvilib ketgan bo‘lishi mumkin. Tashxislarimni uning analiz ma’lumotlari, klinik va laborator tashxislariga asoslangan holda qo‘yganman.

O‘rtoq sudya, [kasallanish] vaqtida bola yashagan, terapiya olgan, antibiotiklar qabul qilgan, suyuqlik olgan va shu vaqtda organizm yuvilib ketgan. Lekin etilenglikolni tasdiqlovchi yetarli ma’lumotlari bor. Birinchidan, analizning klinik ma’lumotlari bo‘yicha buyrak yetishmovchiligi, gistologik nekroz belgilari mavjud hamda hammasi umumlashtirilganda ushbu zaharlanish “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish natijasida kelib chiqqanligini tasdiqlash imkoniyatlarni beradi.

Advokat: Nafaqat etilenglikol, “Dok-1 Maks"dan, balki boshqa moddalardan zaharlanganda ham siz aytayotganga o‘xshash patologik belgilar, klinik buzilishlar bo‘lishi mumkin. Bu sir emas, hamma biladi. Etilenglikolni topmagan bo‘lsangiz, qanday qilib aynan etilenglikoldan deb aytishingiz mumkin? Balki faqat taxmin qilishingiz mumkin[dir].

Guvoh: Yuqorida ko‘rsatilgani bo‘yicha bola avval shamollagan. Ayasi “Dok-1 Maks"ni ichirgandan keyin ahvoli yomonlashib, siymay qo‘yyapti, boshqa simptomlar kuzatilyapti. Og‘irlashib shifoxonaga yotganida tekshiruvlar davrida bolada buyrak yetishmovchiligi, shok davri va boshqalar topilyapti. Bular aynan “Dok-1 Maks"dan kelib chiqqan. Men o‘z fikrimda qolaman.

Advokat: Demak, “Dok-1 Maks"dan kelib chiqqan deyishingiz uchun o‘sha analizdan keyingi… (guvoh advokatning gapini bo‘ladi — tahr.).

Guvoh: Bo‘lishi mumkin degan xulosa berganman-da.

Advokat: Tushundim, bo‘lishi mumkin degan xulosa bergan ekansiz. Juda ko‘p adabiyotlarda, shuningdek, O‘zbekistondagi juda ko‘p sud-tibbiy ekspertizasida foydalaniladigan adabiyotlarda murdaning organizmida etilenglikolni aniqlash metodologiyasi belgilangan. Ushbu metodologiyadan foydalangan holda etilenglikolni aniqlash chorasini ko‘rganmisizlar yoki yo‘q?

Guvoh: Bu mening vazifamga kirmaydi. Siz ishdan tashqari savollarni beryapsiz. Men bunga javob bermayman.

Advokat: Bu aynan sizning o‘rganish predmetingizga kiradigan savol deb o‘ylayman. Raislik etuvchi bu savolni [olib tashlamadi].

Guvoh: Siz do‘xtir emassiz,. aralashmang.

Advokat: Kimligim bilan sizning ishingiz bo‘lmasin. Savolimga javob bering, bo‘ldi.

Sudya: Hasan aka, bo‘ldi. Sizga majburiyat — savollarga bilganingizcha javob berasiz. Bilsangiz — javob bering, bo‘ldi.

Advokat: Kimligimni raislik etuvchiga aytganman, sizga emas.

Sudya: Bo‘ldi, tartibga rioya qilamiz. Marhamat, javob bering.

Advokat: Javob bormi-yo‘qmi?

Guvoh: Ularni aniqlash mening vazifamga kirmaydi.

Advokat: Vazifangizga kirmaydimi?

Guvoh: Uning tarkibida bor-yo‘qligini men aniqlolmayman. Buni farmatsevtlar aniqlaydi.

Advokat: Xo‘p. Tergovchi tadqiqot uchun sizning oldingizga qanaqa savollar qo‘ygan? Iltimos, ekspertiza xulosangizdan shuni o‘qib bering.

Guvoh: Hozir, ko‘ray-da. Quyidagi savollar qo‘yilgan: Marhum [Nosirov]da tan jarohatlari va ularning izlari mavjudmi? Agarda mavjud bo‘lsa, ular tananing qayerlarida joylashgan? Ularning yetkazish muddati, mexanizmi qanday? Shifokorlar tomonidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilganmi? Uning o‘limi bilan shifokorlar tomonidan qilingan muolajalar sabablari ko‘rsatilganmi? O‘limidan avval kasal organi [bo‘lganmi]? Uning o‘limi bilan kasallik o‘rtasida sababiy bog‘lanish bormi?

Advokat: Boshqa savol yo‘g‘a, qo‘yilmagan-a?

Guvoh: Boshqa savol qo‘yilmagan.

Advokat: Hozir men ham ochay-da shu xulosani.

Advokat Hakimov: Ungacha savol berib tursam bo‘ladimi?

Sudya: Marhamat.

Advokat: Hurmatli ekspert, “Dok-1 Maks"ning tarkibi nimadan iboratligini bilasizmi?

Guvoh: Bilmayman.

Advokat: Unda ekspertizada “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilganlik natijasida o‘lgan bo‘lishi mumkin, degan xulosani qanday beryapsiz?

Guvoh: Chunki zaharlanish… (advokat guvohning so‘zini bo‘ladi — tahr.).

Advokat: Yo‘q. Uning tarkibini bilmasangiz, nimadan zaharlanganini qayerdan bilasiz?

Guvoh: Chunki etilenglikol topilmaganligi sababli… moddalarining borligi shuni isbotlaydi-da.

Advokat: Kechirasiz, siz hozir “Dok-1 Maks"ning tarkibini bilmayman dedingiz. Ichida etilenglikol borligini qayerdan bilyapsiz?

Guvoh: Adabiyotlardan.

Advokat: Adabiyotda “Dok-1 Maks"ning ichida… (guvoh advokatning gapini bo‘ladi — tahr.).

Guvoh: Internetga kirganimda bildim-da, etilenglikol bo‘lishi, boshqa bo‘lishini. Keyin viloyatlarda aniqlangan.

Advokat: Bo‘lishi mumkin deyilganmi internetda?

Guvoh: Viloyatlarda aniqlangan.

Advokat: Nima deb aniqlangan?

Guvoh: Shu, etilenglikol to‘g‘risida.

Advokat: Etilenglikol to‘g‘risida? Ekspertlar asoslangan hujjatlarga tayanib xulosa qilmaydimi?

Guvoh: Men ularga tayangan holda emas, o‘zimning fikrimni yozganman.

Advokat: Xulosangizda internetdan olingan ma’lumotga asoslangan holda “Dok-1 Maks"dan zaharlanish [bo‘lgan bo‘lishi] mumkin degan joy bormi?

Guvoh: [Internetdan] foydalanganman.

Advokat: Xulosangizda bu haqda yozilganmi?

Guvoh: Shu o‘qigan ma’lumotlarimdan foydalanganman-da.

Advokat: Yo‘q. O‘zi “Dok-1 Maks"ning ichidan etilenglikol topilmagan-ku.

Guvoh: Nimadan topilmagan?

Advokat: Shu siropning ichidan topilmagan. Men sizga xulosalarni ham berishim mumkin. Ichida etilenglikol yo‘q degan narsa… (ekspert advokatni gapirishdan to‘xtatdi — tahr.).

Guvoh: Sizlar “Etilenglikol bormi?”, deb so‘rayapsizlar. Bo‘lishi mumkin edi. Agar bo‘lgan bo‘lsa, shuning ta’sirlari bor ekan zaharlanishda, deb aytyapman.

Advokat: Yo‘q, siz ekspert bo‘lsangiz, qaysi asosli ma’lumot yoki adabiyot asosida “Dok-1 Maks” iste’mol qilishi natijasida o‘lishi mumkin, deb xulosa qilgansiz?

Guvoh: Sizlar mendan etilenglikol haqida so‘radingiz, to‘g‘rimi?

Advokat: Ha.

Guvoh: “Dok-1 Maks"ni ichgandan keyin bolaning ahvoli yomonlashib, buyragi shokka tushishi, siymay qo‘yishi, shishishiga asoslanib xulosa qo‘yganman.

Advokat: Hurmatli ekspert, men sud jarayondagisini so‘rayapman-da. Oldin sizga tergovchi qaror bergan-da. Qarorda bu narsalar ko‘rsatilmagan. Siz qayerdan bilyapsiz? Yoki oldindan fol ochib xulosa qilganmidingiz?

Guvoh: Sizlar “Etilenglikol bormidi?”, deb savol berdinglar, to‘g‘rimi?

Advokat: Xuddi shunday. Bormidi-yo‘qmidi?

Guvoh: Shuning uchun men sizga javob berdim.

Advokat: Yo‘q. Bormidi-yo‘qmidi?

Guvoh: Menda etilenglikol menda chiqmagan. Lekin men tarkibida bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb beryapman. Bo‘lsa ham yuvilib ketgan bo‘lishi mumkin. Bunda etilenglikol bor demayapman. Bor bo‘lsa ham antibiotik dorilarni olgani uchun yuvilib ketgan bo‘lishi mumkin. Bola aynan “Dok-1 Maks"ni olganda ahvoli og‘irlashib, siymay qo‘ygan. Shundan keyin bola shifoxonaga yotqizilgan. Yoqtizilgandan keyin ahvoli yomonlashib boryapti.

Advokat: Ekspertni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda etilenglikol yoki “Dok-1 Maks” to‘g‘risida hech narsa deyilmagan-da. Savolim — siz aynan “Dok-1 Maks” deb qayerdan olyapsiz? Aynan internetdan ko‘rgan narsa bo‘yicha, fol asosida xulosa qilganmisiz?

Guvoh: Internetdan ko‘rib xulosa qilmaganman. Bu yerda o‘zimning fikrimni yozganman.

Advokat: Fikringiz nimadan, qaysi hujjat asosida kelib chiqqan, ayting-chi?

Guvoh: Chunki bola kelishidan oldin shamollagan. Shamollagandan keyin ayasi dorixonada “Dok-1 Maks"ni olib, ichiryapti. Keyin bolaning ahvoli yomonlashyapti, boshqa bo‘lyapti. Bolani olib poliklinakaga boryapti. U yerda antibiotiklar bilan muolaja qilyapti. Bolaning ahvoli yanayam yomonlashgandan keyin “infeksionniy"ga yotqizilyapti. U yerda ikki kun davolangach, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilyapti. Tekshiruvga jo‘natilganida bolada o‘tkir infeksiya nefritning oxirgi bosqichi, buyrak yetishmovchiligining oxirgi bosqichi, chiqayotgan machevinada kristin miqdorlarining oshishi kuzatilib, bola yana og‘irlashyapti.

Advokat: Rahmat, haqiqatdan ko‘p ma’lumot aytdingiz. Shunga yana qaytib kelaman. Misol uchun, bemor shuncha dori, shuncha muolajalar olgan-da. Aynan “Dok-1 Maks"ni asos qilish uchun uning tarkibini qayerdan bilyapsiz?

Guvoh: “Dok-1 Maks"ning yo‘riqnomasida, siropning tarkibida etilenglikol bo‘lishi, shuning uchun shu jarayonlar bo‘lishi ko‘rsatilgan-da.

Advokat: Siz aytayotgan shamollashga qarshi antibiotik yoki boshqa dorilarni noto‘g‘ri qabul qilish yoki dozani oshirib yuborish hisobiga bunday asoratlar kelib chiqmaydimi? Faqat “Dok-1 Maks"dan bo‘lishi mumkinmi?

Guvoh: “Dok-1 Maks"dan bo‘lishi mumkin. Chunki boshqa dorilarni bergan… (advokat guvohning gapini bo‘ladi — tahr).

Advokat: O‘sha boshqa dorilardan bo‘lishi mumkin emasmi?

Guvoh: Men unaqa deb o‘ylamayman. O‘sha “Dok-1 Maks” ta’sirida kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

Advokat: Nimaga?

Guvoh: Chunki barcha analizlarda bolaning ahvoli “Dok-1 Maks” olib ichirgandan keyin yomonlashayotgani [ko‘rinyapti]. Shundan keyin bolaning ahvoli oldinga siljimayapti, ovqat yemay qo‘yyapti, yo‘talyapti, ishtahasi bo‘g‘ilyapti, bolaga suyuqlik o‘tmayapti.

Advokat: Buning hammasiga “Dok-1 Maks” sababchi bo‘lyapti-da, to‘g‘rimi?

Guvoh: Bo‘lishi mumkin.

Advokat: Qaysi adabiyotga asoslanib bo‘lishi mumkin deyapsiz?

Guvoh: O‘sha analizlar, klinik tahlillar, obyektiv belgilar, onasining so‘zlariga qarab, men “Dok-1 Maks"dan bo‘lganligini inkor etmayman, deyapman.

Advokat: Inkor etmaysiz-a? “Dok-1 Maks"ning tarkibi nimadan iboratligini bilmaysiz, to‘g‘rimi?

Guvoh: Endi “Dok-1 Maks"ning tarkibidagi hammasini bilmayman. Hammasi… (advokat uning so‘zini bo‘ladi — tahr).

Advokat: Bilmasangiz, qanday xulosa qilyapsiz? Siz ekspertsiz, aynan “Dok-1 Maks"dan bo‘lishi mumkin deb xulosa beryapsiz. Lekin tarkibini bilmaysiz. Bu taxminni qanday qilyapsiz?.. Raislik etuvchi, boshqa savolim yo‘q. Asossiz javoblar.

Sudya: Marhamat.

Advokat Davron Ahmadov: Hasanboy aka, hozir hamkasbimning savoliga “Dok-1 Maks” va etilenglikoldan bo‘lishi mumkin deyapsiz-da. Bo‘lishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, mumkin emasligi ham mumkinmi?

Guvoh: Bo‘lishi mumkin, deb hisoblayman.

Advokat: Bo‘lmasligi ham mumkinmi?

Guvoh: Yo‘q.

Advokat: Mumkin degani — mumkin emas deganini ham bildiradi-da. O‘zbek tili [qoidasi] bo‘yicha.

Guvoh: Yo‘q, bo‘lmasligi mumkin demayapman, bo‘lishi mumkin deyapman.

Advokat: Bo‘lishi mumkin deyapsiz-a? Bo‘lmasligi mumkin emas, lekin bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri tushundimmi?

Guvoh: Ha, shundan bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki aynan shu dorini olgandan keyin buning ahvoli yomonlashyapti… (advokat ekspertning gapini bo‘ladi — tahr).

Advokat: Tushundim. Bo‘ldi, eshitdik. Keyingi savolim: siz tekshirgan bemorda yana boshqa kasalliklar bo‘lganmi?

Guvoh: Bo‘lgan.

Advokat: Qanaqa kasalliklar bo‘lgan?

Guvoh: O‘pka zotiljam pnevmoniyasi, kamqonlik kasalliklari bo‘lgan.

Advokat: Ushbu kasalliklar ham o‘limga olib kelgan bo‘lishi mumkinmi?

Guvoh: Yo‘q, ular o‘limga olib kelmagan. Chunki u kasalliklar [bilan] hayotlik davrida kasallanib kelgan. Ular uning o‘limga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sababchi emas.

Advokat: Keyingi savol: bolaga “Dok-1 Maks” bilan birgalikda qanaqa dori vositalari ichirilgan? Xabaringiz bormi?

Guvoh: Keyin nima ichirganini men bilmayman.

Advokat: Keyin emas. Birga, bir vaqtda.

Sudya: Buni sanab o‘tdi-ku hozir.

Advokat: Yo‘q, kasalxonada bo‘lganini, yuvish uchun antibiotiklar berganini aytdi.

Guvoh: Endi har xil antibiotiklar bergan. Hozir uni eslolmayman.

Advokat: Mana, qarang, sizga eslatishga harakat qilaman. O‘zingiz xulosangizda to‘xtamni yozgansiz. “Dok-1 Maks” siropini dorixonadan ona sotib olgan. “Amoksitsillin” siropini, “Insta” proshoklarini olib, besh kun davomida birga ichirgan deyapsiz, to‘g‘rimi?

Guvoh: To‘g‘ri.

Advokat: Siz “Amoksitsillin” siropi, “Insta” proshoklarining tarkibi va ulardan zararlanish oqibatida organizmda qanaqa patologik o‘zgarishlar bo‘lishi to‘g‘risida tadqiqot qildingizmi?

Guvoh: Yo‘q.

Advokat: Nega qilmadingiz? Hammasini bir vaqtda ichiryapti. Nega e’tiborni “Dok-1 Maks"ga qaratyapsizu “Amoksitsillin” siropi, “Insta” poroshoklariga qaratmayapsiz?

Guvoh: Mening oldingi ish faoliyatimda ular ichirilganda o‘lish holati kelib chiqmagan.

Advokat: Ilgari sizning faoliyatingizda “Dok-1 Maks"dan o‘lish holati kelib chiqqanmi?

Guvoh: Kelib chiqmagan.

Advokat: Bo‘ldi, demak, “Dok-1 Maks"dan birinchi marta bo‘layotgan bo‘lsa, “Amoksitsillin” siropi, “Insta"dan ham oldin bo‘lmagan ekan, nega uchalasini bir xil tekshirmadingiz? Sizga tergovchi aniq savol qo‘ygan edi.

Guvoh: Uni men tekshirmayman-da. Kerakli joylarga beraman, laboratoriyalar tekshiradi. “Dok-1 Maks"ning tarkibida nima borligini aslida farmatsevtlar tekshiradi.

Advokat: Tekshirmagan bo‘lsangiz, “Dok-1 Maks"ning tarkibida nima boru organizmga nima tushganini bilmas ekansiz-da?

Guvoh: Bular asosan laboratoriyalarda tekshiriladi-da.

Advokat: Siz tekshirmagansiz, to‘g‘rimi? “Amoksitsillin"ni ham, “Insta"ni ham aniqlamagansiz.

Guvoh: Ular chiqmayapti-da.

Advokat: Nima chiqmayapti? Organizmdanmi?

Guvoh: Organizmda endi bo‘lgan bo‘lsa ham yuvilib ketgan-da. Kasallangandan keyin ko‘p dorilar olgan. Shuning ta’sirida dorilar yuvilib ketgan.

Advokat: Xo‘p, qarang, yuvilib ketgan bo‘lsa, “Amoksitsillin” sirop ham yuvilib ketgan… (guvoh advokatni gapirishdan to‘xtatadi — tahr).

Guvoh: Bo‘lishi mumkin.

Advokat: “Insta” poroshok ham yuvilib ketgan bo‘lishi mumkin, to‘g‘rimi? Demak, hammasi taxminga asoslanyapti. To‘g‘ri tushundimmi?

Guvoh: Men lekin aniq aytolmayman. O‘zimning bergan xulosamda turaman-da.

Advokat: Xulosangizni asoslab berishingiz kerak-ku. Ilmiy asoslashingiz kerak.

Guvoh: Men sizga asoslab berdim. Endi siz ham asosan internetdagi savollarni beryapsiz. Bu savollarga javob bermayman. Nimagaki, sud-tibbiy ekspertiza faoliyati[da] faqat ish yuzasidan berilgan, o‘tkazilgan [jarayonlarga] asosan javob berishim mumkin. Menga undan tashqari savollar beryapsiz-da.

Advokat: Hurmatli Xolmirzayev, men sizning qilgan xulosangizni ochib, to‘xtam qismidan savol berdim. Internetdan, boshqa narsadan savol berganim yo‘q.

Guvoh: Men sizga nimaligini, sababini aytib berdim. Lekin u dorilar tarkibida nima borligini mendan so‘ramaysiz-da, o‘rtoq advokat.

Advokat: Keyingi savolim boyagi uzilib qolgan savolimning davomi. Adabiyotlarda murdada etilenglikolni aniqlash metodologiyasi ko‘rsatilgan ekan. Shu adabiyotdan xabaringiz bormi?

Guvoh: Yo‘q. Siz adabiyotlardan olib, ana shu internetlardan olib savol beryapsiz-da menga… (sudya guvohning so‘zini bo‘ladi — tahr).

Sudya: Bo‘ldi, izoh bermang, bilmasangiz bilmayman deb javob bering, bo‘ldi. Bilmaydi, bo‘ldi. Savol bormi?

Advokat: Savol bor. Bilmasangiz, asosiy maqsad — organizmda etilenglikolni aniqlash edi-da. Nega boshqa usullardan ham foydalanib aniqlashga harakat qilmadingiz? Aniqlashning usullari bor ekan. Shunga izoh bera olasizmi?

Guvoh: U usullarni men bilmaganim uchun men u narsalarni aniqlolmayman. Bu savolingizga javob berolmayman.

Advokat: Hurmatli raislik etuvchi, tushunarli. Javob berishdan bosh tortyaptilar. Bilmas ekanlar. Mening shubham bor, bu ekspertning ekspert ekanligiga, malakasi borligiga.

Sudya: Tushunarli. Savollar bormi, marhamat.

Advokat Madaminov: Mana qarang, hozir sizning ko‘rsatuvlaringizdan kelib chiqib, “Dok-1 Maks"dan shu buyrak yetishmovchiligi vujudga kelgan, buyrak yetishmovchiligi o‘z navbatida o‘limga olib kelgan degan xulosangizni tushunyapman. To‘g‘rimi? Buyrak yetishmovchiligi o‘tkir nefritmi?

Advokat Madaminov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Advokat Madaminov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Guvoh: Nefrit buyrakdagi xastaliklar hisoblanadi-da.

Advokat: Shu nefrit buyrak yetishmovchiligiga olib keladimi?

Guvoh: Bilmadim.

Advokat: Nefrit buyrak yetishmovchiligiga olib keladimi?

Guvoh: Yo‘q. O‘rtoq sudya, bir narsani iltimos qilaman — ishdan tashqari savol bergani uchun men bularga to‘liq javob bermayman.

Advokat: Muhtaram raislik qiluvchi, men ishdan tashqari savol berayotganim yo‘q. Men hozir umumiy savoldan xususiy savolga o‘tib boraman. Iltimos, javob berishsin. Chunki mening navbatdagi savollarim aynan shu savolimga bog‘liq.

Sudya: Xolmirzayev, bilmasangiz, bilmadim deng. Savolga javob berishdan bosh tortish sizga jinoiy javobgarlik keltirib chiqaradi, tushunyapsizmi? Ogohlantirilgansiz. Advokat, aniq savolga o‘taylik. “Nefrit buyrak yetishmovchiligiga olib kelmaydi, bilmayman”, deyapti. Marhamat.

Advokat: Analgetiklar buyrak yetishmovchiligiga olib keladimi? Agar olib kelsa, qaysi turdagi analgetiklar olib kelishi mumkin?

Sudya: Imtihon qilmaylik.

Advokat: Muhtaram raislik qiluvchi, birinchidan, imtihon emas. Ikkinchidan, ekspertning xulosasida biz tushunmagan holatlarimizni aniqlab olishimiz kerak bo‘ladi. Bu kishi “Buyrak yetishmovchiligi “Dok-1 Maks"ning iste’moli natijasida vujudga kelgan”, deyapti. “Boshqa dori vositasining natijasida emas”, deyapti. “Dok-1 Maks"ning tarkibini bilmas ekanlar. Tarkibini bilmagani uchun savolni analgetik nuqtai nazaridan beryapman.

Sudya: Muhtaram tomonlar, ekspertiza xulosasida “Dok-1 Maks"dan buyrak yetishmovchiligi kelib chiqqan degan javob yo‘q. Buyrak yetishmovchiligi o‘limga olib kelgan. O‘pka, buyrak yetishmovchiligi natijasida shunaqa holatga kelgan. Keyin o‘zi gapirolmayapti, endi bilmadim. “Istoriyasi” bor, o‘sha istoriyasida “Dok-1 Maks"ni ichgani to‘g‘risida ma’lumot o‘tyapti. Shuning uchun shunga bog‘lash mumkin deyapti. Bo‘ldi.

Advokat: Hurmatli raislik qiluvchi, uzr. O‘zi yozgan bo‘lsa, xulosani o‘zi gapirishi kerak-ku.

Sudya: Marhamat.

Advokat: Analgetiklar buyrakda toksikoz vujudga keltirishi mumkinmi? Shu nuqtai nazardan yondashaylik. Aniqroq qiladigan bo‘lsak, hammamiz zaharlanib o‘ldi deyapmiz (jimlik).

Sudya: Xolmirzayev, savolga [javobni] bilasizmi?

Guvoh: Men bunga javob berolmayman.

Sudya: Bilasizmi, bilmaysizmi?

Advokatlardan biri: Bilmaydi-da.

Advokat Madaminov: Ekspert uchun sizlar javob bermanglar, muhtaram hamkasblar (guvoh tomonidan jimlik — tahr.). Muhtaram raislik etuvchi, jim turishini bilmagani uchun javob berolmaydi, deb hisoblashingizni so‘rayman.

Sudya: Mayli, savolni davom eting.

Advokat: Navbatdagisi: antibiotiklar buyrakda toksikoz, ya’ni zaharlanishni vujudga keltirishi mumkinmi?

Zaldagi sudlanuvchilardan biri: Mumkin.

Advokat: Iltimos, shu sudlanuvchini chiqarib yuboring.

Guvoh eshitmaganini aytdi. Advokat savolni qaytardi.

Guvoh: Masalan, qaysi antibiotiklar?

Advokat Madaminov: Mening sizga bo‘lgan savolim mana shu. Agar vujudga keltirishi mumkin bo‘lsa, qaysi antibiotiklar? Chunki bu yerda medik sizsiz, men emas, Hasan aka.

Guvoh: “Aynan “Dok-1 Maks"ning ta’siri bo‘lishi mumkin deb o‘ylayman.

Advokat: Yo‘q, “Dok-1 Maks"ni to‘xtab turing. Siz mana antibiotik… (guvoh advokatni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Guvoh: Men bergan savolingizga javob beryapman-da.

Advokat: Hasan aka, iltimos, jon aka. Siz “Bola antibiotik olgani uchun „Dok-1 Maks“ yuvilib ketgan bo‘lishi mumkin”, dedingiz. Men sizning javobingizdan kelib chiqib so‘rayapman. Antibiotik buyrak zaharlanishiga olib kelishi mumkinmi? Agar olib kelishi mumkin bo‘lsa, qaysi antibiotiklar?

Guvoh: Mumkin emas.

Advokat: Mumkin emas. Yaxshi. Endi javobingizdan kelib chiqib navbatdagi savolim. Bolalar antibiotik olganligi uchun etilenglikol bolaning tanasida yuvilib ketgan bo‘lishi mumkin, dedingiz. Bolalar tibbiy kasallik tarixi hujjatlari bilan tanishsiz. Siz tekshiruvdan o‘tkazgan bolalar qaysi turdagi antibiotiklarni olganligini aytib bera olasizmi?

Guvoh: Yo‘q, uni aytib berolmayman.

Advokat: [Demak], yo‘q. Navbatdagi savolim. Baribir mediksiz. Qaysi turdagi antibiotiklar odamning tanasidan etilenglikolni yuvib chiqarishi mumkin?

Guvoh: Bu savol menga taalluqli emas.

Advokat: Kimga taalluqli?

Guvoh: Buni davolovchi vrachlarga berasiz-da.

Advokat: Davolovchi vrachning to‘g‘ri davolagan-davolamaganligini sizlar tanani yorib ko‘rib, tekshirib, xulosa bermaysizlarmi?

Guvoh: U komission tartibda aniqlanadi.

Advokat: Muhtaram raislik qiluvchi, boshqa savolim yo‘q. Men sizning e’tiboringizni bitta narsaga qaratmoqchiman. Albatta, internetdan foydalanyapmiz. Ukrainaning ilmiy-tibbiy portalini ochib turibman. [Havolasini] tashlab beraman.

Demak, nefrit, ya’ni buyrak yetishmovchiligini analgetik, paratsetamol, isitimani tushirishga qaratilgan vositalar, atsiklovir, antibiotiklar, aminoglikozil, amfoperitsin B, (advokat yana bir nechta nomlarni sanaydi — tahr.) keltirib chiqarishi mumkin ekan. Shartli ravishda dori vositasi deylik.

Shuncha dori vositasi bolada buyrak yetishmovchiligini vujudga keltirishi mumkin bo‘lgan holatda bizning ekspertimiz bularni istisno qiladigan usullarda tekshirib ko‘rmayapti. Nafaqat Hasan aka, murdalarni yorib ko‘rgan qolgan ekspertlar ham. Hozircha shunga e’tiboringizni qarataman.

Sudya: Tushunarli. Ekspertga boshqa savollar bormi?

Advokat Davron Ahmadov: Qarang, hamkasbim savol berdi. Shuning mantiqiy davomi-da. O‘sha to‘xtamda yozilgan ekan — juda ko‘p miqdorda seftriakson dori eritmasi qilinganligi va seftriakson izlarini topgansiz-da. Bolaning organizmida, organlarida seftriakson izlari topilgan, to‘g‘rimi?

Guvoh: Topilgan, to‘g‘ri. Laboratoriya bergan analizlarni Toshkentga berganmiz, Toshkentdan topilgan.

Advokat: Seftriakson izlari topilgan. Nega seftriakson izlari yuvilib ketmagan?

Guvoh: Bola o‘lishidan oldin besh kun ikki mahaldan seftriakson dorisini olganligi uchun laboratoriyada aynan shu dorining izlari [chiqdi-da].

Advokat: Seftriakson antibiotikmi?

Guvoh: Ha.

Advokat: Kuchli antibiotik, a?

Guvoh: Antibiotik-da.

Advokat: Antibiotik. Demak, yuqoridagi savoldan kelib chiqadigan bo‘lsak, antibiotiklar ham o‘tkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi, to‘g‘rimi-yo‘qmi?

Guvoh: Seftriaksonmi, yo‘qmi, aniq aytolmayman. Vakolatimga kirmaydigan savollarni beryapti, men javob bermayman.

Advokat: Hurmatli ekspert, agar vakolatingizga kirmaganida etilenglikolni ham “Vakolatimga kirmaydi, farmatsevt aniqlasin”, deb aytishingiz kerak edi. Nega etilenglikol qismida vakolatingizga kiryaptiyu, seftriakson izi organizmda yaqqol ko‘rinib turgan [paytda] “bu mening vakolatimga kirmaydi, farmatsevtnikiga kiradi”, deyapsiz. Buni qanday izohlaysiz?

Guvoh: Tekshiruv natijalaridagi xulosalarga va klinik jarayonda bo‘lgan [holatlarga] asoslanib [javob] beryapman-da.

Advokat: Klinik jarayonda seftriakson izlari yaqqol turibdi-ku. O‘zingiz etilenglikol topilmadi deyapsiz, lekin… (guvoh advokatni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Guvoh: Nojo‘ya ta’siri bo‘lmagani uchun [shunday dedim]. Internetdan olib, mening vakolatimga kirmaydigan savollarni beryapti-da. Bunga javob bermayman.

Advokat: Internetdan olinmayapti. Kitobdan, adabiyotdan olinyapti. Keyingi savolim: antibiotik bilan etilenglikol o‘rtasidagi zaharlanishdan zaharlangan taqdirda bir-biridan qanaqa farqli belgilari bor? Hozir “yo‘q, bu boshqacha” deb farqlab berdingiz. Bu antibiotikdan emas, etilenglikoldan deb qanday farqladingiz? Har birida qanaqa patologik belgilar bo‘ladi? Etilenglikoldan zaharlanish va antibiotikdan zaharlanish o‘rtasidagi farq qaysi adabiyotda ko‘rsatilgan? Buni qanday farqladingiz?

Guvoh: Nimani farqlayman?

Advokat: Antibiotikdan zaharlanish bor, etilenglikoldan zaharlanish bor — ikkala zaharlanish o‘xshashmi, farqlimi? O‘xshash bo‘lsa, o‘xshash deb ayting. Agar farqli bo‘lsa, farqlari qaysi adabiyotda ko‘rsatilgan?

Guvoh: Javob bermayman.

Advokat: Javob bermaysizmi?

Guvoh: Yo‘q.

Advokat: Hurmatli raislik etuvchi, javobgarlik haqida…

Sudya: Javob bermaysizmi yoki bilmaysizmi?

Guvoh: Javob bermayman, bilmayman. Mening vakolatimga kirmaydigan savollarni bergani uchun javob bermayman.

Advokat: Hurmatli raislik etuvchi, “Javob bermayman”, deyapti.

Sudya: Bo‘ldi, sud baho beradi.

Guvoh: Javob berolmayman deyapman.

Advokat: Iltimosnomam bor, hurmatli raislik etuvchi.

Sudya: Marhamat.

Advokat: Hurmatli raislik etuvchi, ekspert asosli savollarga javob berishdan bosh tortyapti. Bu harakati jinoiy javobgarlik keltirib chiqarishidan ogohlantirilgan. Shuning uchun ushbu ekspertga nisbatan jinoiy javobgarlik masalasini hal qilishingizni so‘rayman.

Guvoh: Noto‘g‘ri aytdingiz hozir. Men javob berolmayman deyapman sizga.

Sudya: Marhamat, muhtaram prokuror.

Guvoh: Men… (sudya uni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.)

Sudya: Jim turing, bo‘ldi.

Prokuror: Iltimosnomani rad qilishingizni so‘rayman.

Sudya: Qolgan advokatlarning fikri.

Advokat Rajabov: Hurmatli raislik qiluvchi, bu ekspertimiz buyrak yetishmovchiligining patologik o‘zgarishlari to‘g‘risida ham ma’lumotga ega emas. Bunga chora ko‘rish kerak. Qo‘llab-quvvatlayman.

Sud zalidagi 10 dan ortiq advokatlar hamkasbining iltimosnomasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bir nechta advokat sudga havola qilgan bo‘lsa, bir nafari fikrini muzokarada aytib o‘tishini bildirdi. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan sakkiz sudlanuvchining bari iltimosnomani qo‘llab-quvvatlashini bildirgan bo‘lsa, ozodlikdagi sudlanuvchilarning besh nafari qo‘llab-quvvatladi, qolgan yetti nafari sudga havola qildi.

Sudya: Muhtaram jarayon ishtirokchilari, Jinoyat-protsessual kodeksining 417-moddasi tartibida sud jinoyat ishini ko‘rish davomida biror bir shaxsning harakatlarida jinoyat ishi alomatlari bor-yo‘qligini aniqlasa, ish bo‘yicha qaror qabul qilishni maslahat uyida baho berishi qonunda nazarda tutilgan. Shu bois biz iltimosnomani ish bo‘yicha yakuniy qaror qilish jarayonida hal etamiz. Ish hujjatlariga qo‘shdik. Tushunarli, a? Boshqa savollar bormi? [Guvoh], rahmat sizga.

Guvoh: O‘rtoq sudya, mening gapim bor.

Sudya: Marhamat.

Guvoh: Hozir men javob bermayman demadim. Javob berolmayman dedim. Bular mening aytganlarimni noto‘g‘ri talqin qilyapti. Men bundan noroziman.

Sudya: Tushunarli, ketaverishingiz mumkin, marhamat.

Ekspert Rasul Oqmanov ko‘rsatmasi

Rasul Oqmanov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Rasul Oqmanov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Ekspert Rasul Oqmanov 1980-yil Xorazm viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi instituti katta ilmiy xodimi, kimyo fanlari nomzodi.

Sudya: [Rasul aka], mutaxassis sifatida ishtirok etgansiz. Holatga aniqlik kiritish uchun sizni sudga chaqirdik. Siz 2023-yil 13-yanvarda Yursunaliyev va Mamatjonova ishtirokida Dori vositalarini sertifikatlash markaziga (keyingi o‘rinlarda DVSM — tahr.) borib, VJX (yuqori samarador suyuqlikda tekshirish, normativ hujjatlarda belgilangan maxsus uskuna — tahr.) va spektometr apparatlarini o‘rgangan ekasiz. Shunaqami?

Ekspert: Bir kun oldin chaqirilganda o‘zini Bekpo‘lat deb tanishtirgan tergovchi “Analizlar haqiqatdan amalga oshirilganmi?”, degan ma’noda savol qo‘ydi. Ishimiz VJXdagi “istoriya"ni ko‘tarib, undagi “Dok-1 Maks” bo‘yicha analizlarni tergovchiga topib berishdan iborat bo‘lgan.

Adashmasam, o‘n nechtadir analiz edi, faqat bittasini topolmadik. U yerda fayllar nom bilan yozilmaydi. “Dok-1 Maks” deb emas, qandaydir shtrixlar bilan yoziladi. Mingdan ortiq faylni analiz qilib, ichidan keraklisi [topildi]. Ishni jadallashtirish maqsadida o‘sha preparat DVSMga taqdim qilingan. DVSM xulosa bergan fayllarni ko‘rib, ichidan keraklisini topib berdi.

Sudya: Faqat VJXni tekshirdilaringmi, spektometrni-chi?

Ekspert: Ikkalasi ham.

Sudya: Unda ham “Dok-1 Maks” tekshirilganmi, yo‘qmi?

Ekspert: Tekshirilgan.

Sudya: Tekshirilgani aniqmi?

Ekspert: Aniq. Bir vaqtda ikkalasida [ham] tekshirilgan.

Sudya: Ikkalasida ham tekshirilgan holat aniqlandi, a?

Ekspert: Ha.

Sudya: Tushunarli. Siz ikkita apparatning xotirasidagi ma’lumotlarga o‘zgartirish kiritilganligi, ya’ni orqa sanaga qaytarilganlik holatini o‘rgandingizmi, yo‘qmi?

Eskpert: Yo‘q.

Sudya: O‘rganmadingiz-a uni?

Ekspert: Yo‘q.

Sudya: Prokurorimiz savollar bormi?

Prokuror: Bor. Shuning davomiga. [Siz] o‘zi shu apparatlar bo‘yicha mutaxassismisiz?

Ekspert: Ha.

Prokuror: Orqaga qaytarish imkoni bormi, yo‘qmi?

Ekspert: Aynan bu savol nimadan kelib chiqadi. VJXni bir nechta firmalar ishlab chiqaradi. Waters , Shimadzu, Agilent va yana boshqa kompaniyalar ham bor. U yerda Agilent kompaniyasida ishlab chiqarilgan VJX turibdi. Agar operator biror bir komandani o‘z o‘rnida emas, boshqa bir jarayon bilan boshlasa, uni “zametka” qilib qo‘yadi. Buni qanday sezish mumkin? Masalan, “Anna Alise” spektr bo‘ladigan bo‘lsa, xuddi o‘sha spektr kelaveradi. Faqat tepasida o‘sha faylga o‘zgartirish kiritilgan deb yozib qo‘yadi. Lekin spektrni o‘zgartirolmaydi. Faqat “otchyot"da bu narsa ko‘rinadi.

Prokuror: Yo‘q, mayli. Bizga unisi qiziq emas. Sanasini o‘zgartirish imkoni bormi, yo‘qmi?

Ekspert: Agar siz priborist bo‘lsangiz, priborni bugun ertalab kelib, oddiy kompyuterda 22 yil dekabr bilan yozib, birorta ish qilsangiz, uni dekabrda qabul qilib qoladi.

Prokuror: U ham shu dekabrga tushadimi, bugungi kunga tushadimi?

Ekspert: Kompyuterni dekabr deb yoqdingiz-ku.

Sudya: Demak, qaytarish mumkin.

Sudya: [Savollar bo‘lsa], marhamat, N.Sh., sizning iltimosingiz bo‘yicha chaqirilgandilar.

Sudlanuvchi N.Sh.: 2023-yil 13-yanvarda tergov organi tomonidan DVSMda soat 11:00 dan 22:00 gacha tekshiruv olib borgan edinglar. Sizlarga aynan qanaqa topshiriqlar berilgandi? Aynan nimalarni ko‘zdan kechirish, qanaqa savollar qo‘yilgandi? Sizdan tashqari yana aytichilar ham bor edi. DXX aytichisi, keyin o‘sha “oborudovaniye"ni “postavka” qiladigan dasturchilar ham kelgandi. Ularga qanaqa topshiriqlar qo‘yilgan edi? Chunki bizga ruxsat bo‘lgani yo‘q, ichkaridagi [jarayonlarga] qatnashmaganmiz. O‘sha payt sizlar ichkarida edingizlar.

Sudya: N.Sh., bu savolga javob berdi. VJX apparatini, spektometrda aynan “Dok-1 Maks” tekshirilgan-tekshirilmagan holatini o‘rgandik deb javob berdi.

Sudlanuvchi N.Sh.: Yo‘q, bulardan tashqari aytichilar ham bor edi. Bevosita “oborudovaniye"ni sozlaydigan mutaxassislar ham kelib o‘rgandi.

Sudya: Shu uchta odam qo‘l qo‘ygan-da bizning bayonnomada. Rasul aka, yonlaringizda aytichi ham bo‘lganmi?

Ekspert: Yo‘q. Men taniydigan xodimlardan biri Bioorganik kimyo instituti xodimi, fan doktori Olim Matchanov. U ham VJX, spektometrda ishlashni biladi. Qolgani aytichi, boshqalarni tanimayman. Ularga qanday topshiriq berilganini ham, to‘g‘risi, bilmayman. Endi ancha vaqt o‘tib ketdi. Esimdan chiqqan bo‘lishi mumkin.

Lekin bizga tergovchi “Laboratoriyada VJXda analizlar amalga oshirilganmi? Oshirilgan bo‘lsa, fayli qani?”, degan savolni qo‘ygan edi. Yana “Laboratoriyada bir nechta xodim bor. Shulardan kim aybdor?”, tarzidagi bizga mansub bo‘lmagan savol ham bor edi. Mabodo “Dok-1 Maks"ning biror hujjati bo‘lsa, ko‘rib aytish mumkin.

O‘sha vaziyatda tergovchi bilan shunday holat bo‘ldiki, mana “pokazaniya”, tekshiringlar, DVSMda shu talab qilinyapti… Tergovchining pozitsiyasi shunday bo‘ldiki, laboratoriyadan kimdir bu ishga bosh qo‘shganmi, qo‘li bormi, deb savol qo‘yildi. “Dok-1 Maks"ning analiz hujjatlari bo‘lsa, marhamat, ko‘rishingiz mumkin.

Adashmasam, sakkizta “pokazaniya"ni laborator tekshirish kerak ekan. Birinchisi — mazasi. U yerda haliyam mentol yoki asallik degan parametr yozilgan. Ikkinchisi — rangi, uchinchisi — [palshi], to‘rtinchisi — zichlik, beshinchisi — o‘sha ta’sir qiluvchi moddaning bor yoki yo‘qligi, oltinchisi — uning miqdori, [qolganlari] esimda yo‘q. Lekin sakkizta band edi.

Keyin o‘sha tergovchiga aytdik. Laboratoriya xodimlarini bo‘lib bersanglar, rangi, mazasi, [palshi], zichligi, miqdori, boshqa-boshqalarini aniqlaydigan shaxslar [bor]. “Bu yerda etilenglikolni aniqlaydigan shaxs yo‘q-ku” degan gap bilan jarayon tugadi. Ya’ni VJX ham, spektometr ham, ya’ni hujjatda bor priborlar etilenglikolni aniqlashga xizmat qilmaydi.

Sudlanuvchi N.Sh.: VJXda tahlil qilingan yoki qilinmaganligi, qachon analiz qilinganligini qaysi dasturga kirib aniqlash mumkin? Aynan shu qurilmada bajarilganligini.

Ekspert: Programma ikki xil usulda ishlaydi. Onlayn yoki oflayn. Agar siz pribor bilan amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, bu jarayon onlayn amalga oshiriladi. Yoki faqat analiz natijalarini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, kompyuterning o‘zi oflayn rejimda ishlanadi-da, “istoriya” ko‘tarilib, qarash mumkin.

Sudlanuvchi N.Sh.: Siz shaxsan ishchi stolga saqlab olingan PDF faylga qarab turib, analiz qachon qilingaligini aytib berolasizmi? Aynan VJXning programmasiga kirmasdan turib.

Ekspert: Agar PDF fayl bo‘ladigan bo‘lsa, VJX shunday bir nimaki, istalgan bir faylni ko‘z oldilaringizga keltirsangizlar, tepasida birinchi qatorda analiz qaysi noma bilan nomlanayotgani, kompyuterning qaysi diskida, qaysi papkada, qachon “sozdaniye” bo‘lganligi to‘g‘risida axborot turadi.

Sudlanuvchi N.Sh.: “Data izmeneniya” bo‘lsa, bu o‘sha faylga o‘zgartirish kiritildi deganimi? Yoki har safar “obrasheniye” qilganda, “data izmeneniya” o‘zgarib qolishi mumkinmi?

Ekspert: “Data izmeneniya” faqat metodikaga tegishli.

Sudlanuvchi N.Sh.: Yo‘q, faylga.

Ekspert: Uni aytichilardan so‘rasangiz maqsadga muvofiq.

Sudlanuvchi N.Sh.: Demak, VJXning o‘zini boya aytgan dasturlarga kirmasdan turib, analiz qilingan-qilinmagani to‘g‘risida ma’lumot berish mumkin emas, to‘g‘rimi?

Ekspert: Agar PDF qo‘lingizga tushib qolsa, shu kompyuter yoki shu pribor qo‘lingizda bo‘lsa, shu faylni original topolsangiz, bu real. Topolmasangiz,. (gapini davom ettirmaydi — tahr.).

Sudlanuvchi N.Sh.: Yo‘q. Fayl “rabochiy stol"da turibdi. Lekin o‘sha “rabochiy stol"ga ajratib olingan faylni yoki boshqa kompyuterdan ham o‘tkazilishi mumkinmi, masalan? Bitta kompyuterdan boshqa kompyuterga o‘tkazilishi mumkinmi? Aynan shu VJXda o‘tkazildi degani emas, to‘g‘rimi?

Ekspert: Shunaqa, o‘tkazish mumkin.

Sudlanuvchi N.Sh.: Spektrofometr bo‘yicha ko‘zdan kechirish jarayonida aynan 2021−2022-yildagi taalluqli bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropidan nechta seriyasini aniqlagansizlar?

Ekspert: Aynan o‘sha vaziyatda “Dok-1 Maks” bo‘yicha spektrofometrda qilingan analiz yonma-yon VJXda qilingan analizga to‘g‘ri kelgani, sanalari bilan mos kelgani uchun buni e’tibordan o‘chirdik. Biz faqat kelgan asosiy ma’lumotlarni, ya’ni dori necha marta laboratoriyaga kelgan, necha marta analiz bo‘lganini bilardik.

Yonma-yon qo‘yganimizda bir xil sanada ikkita priborda analiz kelib chiqdi. Shuning uchun spektrofometrni endi laboratoriya xodimlari qiziqishgan, ko‘rishgan bo‘lishi mumkin. Lekin VJX talab qilgan hujjat bor. Inobatga olmaslik ham mumkinmi, degan ma’noda e’tibor qaratmaganmiz.

Sudlanuvchi N.Sh.: Sizdan keyin kelgan mutaxassislar shunaqa “zaklyucheniya” berganki, bitta seriya mahsulotni ikkita kompyuterdagi PDF fayldan ham aniqladi. Ya’ni o‘sha priborda qilindi degan. Lekin programmaga kirmasdan turib “zaklyucheniya” bera olyapti. Siz ayta olasizmi, masalan, fleshkadan olib turib, bu “rabochiy stol"ga tashlasa, bo‘ladimi? Aynan kompyuter “rabochiy stoli"da turibdi degani shu qurilmada qilindi degan xulosaga olib kelishi mumkinmi, yo‘qmi? U programmaga kirilmagan. VJXning o‘zining programmasi bor.

Sudya: N.Sh., “Biz ikkalasining bir vaqtda tekshirilganligini aniqladik. Talab VJX bo‘lgani uchun inobatga olmasdik”, deyapti.

Sudlanuvchi N.Sh.: Yo‘q. Mana Vafoyev bilan Tursunov VJXning ikkita kompyuterida ham aynan bir xil seriyani aniqlayapti. Lekin “zaklyucheniya” berilganda datasi boshqa-boshqa deb [iddao] qilyapti-da.

Sudya: Hozir sizga Oqmonov “Ikkalasini ham bir xil vaqtda tekshirilganini aniqladik. Lekin talab, tartib VJXda tekshirilishi kerak bo‘lgani uchun buni inobatga olmadik”, deyapti, eshitgan bo‘lsangiz. Unda ham tekshirilganini inkor qilmayapti.

Ekspert: Tergovchi “Shunga nima deb qaraysiz”, degan savolni ham qo‘ygan edi. Biz o‘shanda “Parallel VJX bor. Hujjat VJX talab qiladi, buni qiziqishga qilib ko‘rgandir, e’tibor qaratmaslik kerakdir”, deganmiz.

Sudlanuvchi N.Sh.: Men aytmoqchimanki, Vafoyev VJXning kompyuteridan buyuryapti. Masalan, 2021-yil 23-noyabrda uch marotaba qilingan 2105, 2106 seriyasi deyapti. Bu yoqda Tursunov 2021-yilning 17-oktabri[da] 2106 seriyasi ikki marotaba qilingan deyapti. Lekin ichini ochib qarasa, ikkalasida ham bir xil fayl, data analizi ham bitta. Ya’ni bitta fayl ikkala kompyuterda ham turibdi.

Ular “zaklyucheniya” beryaptiki, ikkita kompyuterning xotirasida ham qayta-qayta VJX qilingan, bitta narsa degan, bittasida ikki marta inersiya qilingan, bittasida uch marta. Shunchaki fayl “soxranit” qilingan-da. O‘sha mazmunda [savol] beryapman-da hozir. Natija ikkalasida ham bir xil.

Ikkalasida xromatogrammasi bir xil, data analiz, data in’eksiya, seriya, “ploshad piklari” ham bir xil. Lekin ikkita kompyuterda ham “rabochiy stol"da turibdi. “Rabochiy stol"da turibdi degani — aynan shu xromatogrammada VJX qurilmasida qilindi, degan xulosa berishga asos bo‘la oladimi-yo‘qmi?

Ekspert: Priborga oflayn rejimda kirasiz. “Otchyot” faylining o‘zining tilida bo‘ladi. “Otchyot” faylini komanda qil degan komandani bosasiz. Qayerga qilish kerakligini so‘raydi. Xohlang fleshka qo‘yib, fleshkaga deng, xohlang “rabochiy stol"ga deng, qolaveradi. Lekin original o‘sha raqamli fayli bo‘lmasa, bu fayl ma’noga ega emas yoki kuchga ega emas.

Sudlanuvchi N.Sh.: Bo‘ldi, rahmat. Shu joyi kerak edi. Hurmatli raislik etuvchi, shu joyda aytib ketmoqchimanki, bulardan keyin kelgan mutaxassislar xromatagrammasiga tegishli bo‘lgan o‘zining programmasida emas, “rabochiy stoli"dagi fayllardan foydalanib, ularga asoslangan holda xulosa bergan. Necha marta in’eksiya qilinganini bilish uchun har bir VJX programmasi bor. O‘sha oflayn rejimga kirib turib, aniqlash imkoniyati [bor]. Ular tekshirish kerak bo‘lgan joyga emas, umuman boshqa, “rabochiy stol"da yuzaki tekshiruv o‘tkazib, xulosa bergan.

Sudya: Tushunarli. Savollar bormi?

Advokat Rahmatov: Siz VJX, spektrometriya bo‘yicha mutaxassiz ekansiz. Propilenglikolni tekshirish nazarda tutilmagan ekan. Savol — mana shu VJXdami, spektrofometriyadami — alohida-alohida tekshiriladi-ku, masalan, “Dok-1 Maks"ni oladigan bo‘lsak, o‘sha suyuqlikning o‘zini qo‘yadi. Ichida propelinglikol bor. O‘sha propilenglikolning tarkibi o‘zgarganligi, qanaqadir boshqa pikmi, beradimi yo‘qmi? Tarkibi sal “neto” bo‘lsa, aniqlasa bo‘ladimi?

Eskpert: Savolingizga tushunishim bo‘yicha, etilenglikolmi, propilenglikolmi bu instrument ko‘rsata oladimi deyapsiz. Bu spektrofotometr ham suyuq moddalarni analiz qilmaydi. Spirt, suv, etilenglikol yoki propilenglikolni siz VJXda ko‘rolmaysiz.

Advokat: Demak, o‘zgarganmi, o‘zgarmaganmi, aniqlab bo‘lmaydi?

Ekspert: Yo‘q, aniqlab bo‘lmaydi.

Advokat: Buni aniqlash uchun aniq bilish kerak-da o‘sha yerda.

Ekspert: Gazli xromatogrof kerak.

Advokat: Xo‘p. Gazli xromotogrofga o‘sha yerda ham ko‘rsatilgan, sakkizta moddani tekshirish kerak. Buyuk Britaniya farmakopeyasi bo‘yicha 8 ta “pokazaniya” “Dok-1 Maks” bo‘yicha tasdiqlangan. Propilenglikol nazarda tutilmagan deyapti. Lekin siz hozir aytyapsiz, gazli [xromatogrof]dan tekshirilganda o‘sha narsani aniqlasa bo‘larmidi, yo‘qmidi?

Eskpert: Gazli xromatogrof 400 gradusgacha uchadigan xohlagan komponentning, propilenglikolmi, etilenglikol yoki spirtmi, suvmi, boshqami, farqi yo‘q, xohlagan komponentning xohlagan formasini topa oladi. Foizini ham, sifatini ham, miqdorini ham aniqlay olasiz.

Advokat: Uning uchun siz gazli xromatogrofga shu narsani aniqlash bo‘yicha komanda berishingiz kerakmi?

Ekspert: Shunaqa.

Advokat: Ichida, kutubxonada etalon bo‘lishi kerakmi yoki etalonni ham qo‘shish kerakmi?

Ekspert: Gazli xromatograflar bir nechta konfiguratsiyada sotiladi. Agar sizda gazli xromatograf (keyingi o‘rinlarda GX — tahr.) yoki “gazoviy jidkosti” xromatograf (keyingi o‘rinlarda GJX — tahr.) o‘zi bo‘lsa, siz etalon ishlatishga majbursiz. Agar unga yordamchi mas-detektor ulangan bo‘lsa, qaysi antibiotik, umuman, hamma tafsilotlarini kutubxonasida o‘zi aytadi.

Advokat: Ya’ni o‘sha etalon berish uchun siz mana shu narsani izlayapman, deb berishingiz kerak?

Ekspert: Mas-detektorli GJXga etalon shart emas. Kutubxonasidan o‘zi topadi.

Advokat Madaminov: Tushunishim bo‘yicha spektrometriya bo‘yicha mutaxassissiz?

Ekspert: Ishlayman.

Advokat: Ishlaysiz-a? Xromato mas-spektrometriyani ham tushunasizmi?

Eskpert: Xromatografda ishlayman, “mas"ini hali ishlatmayman.

Advokat: Shu sohada ishlab, ko‘nikmangiz bo‘lgani uchun tergovda qo‘yilgan savolning sal boshqacharog‘ini bermoqchiman. Bu Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida o‘tkazilgan kimyoviy ekspertiza bilan bog‘liq. Agilent Technologies STIR 640 sonli uskunadan xabaringiz bormi?

Eskpert: Odatda 4 ta raqam bo‘lardi, uchtasini aytyapsiz.

Advokat: STIRF — IR

Eskpert: Taxminiy tasavvurga egaman.

Advokat: Xo‘p, endi navbatdagisi. Agilent Technologies GS 6890/MS 5973 M.

Ekspert: Bu mas-detektori bilan jihozlangan gazli xromatograf. “GS” gazli xromatografni, dropdan keyingi “MS” mas-detektorni bildiradi.

Advokat: Mana shu ikkala uskunada tekshiruv o‘tkazilgandan so‘ng tekshiruv natijalarini biror bir tarzda chop etish imkoni bormi?

Eskpert: Mumkin.

Advokat: Muhtaram raislik qiluvchi, buni so‘raganimning sababi, bular mutaxassisi ekanlar. Kecha “Xadicha Sulaymonova"ning kimyo ekspertini so‘roq qildik. E’tibor bersangiz, birorta kimyo ekspertizasining ortiga mana shu natijalarini chop etib, ilova qilib qo‘yishmagan. Ichida biz uchun tushunarsiz qilib yozib qo‘yilgan. Bu narsaga keyinchalik e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Mana shu ikkala uskunadan foydalangan holda tadqiqot uchun taqdim qilingan obyektning to‘liq tarkibini aniqlasa bo‘ladimi?

Ekspert: Hozir siz aytgan “GS/MS"lik gazli xromatograf mas-spektometri ishlash kriteriyasining pasportini tanishga to‘g‘ri keladi. Odatda u yerda ikki xil kolonka ishlatiladi. Birinchi kolonka 350 gradusgacha uchuvchi komponentlar, ikkinchisi 420 gradusgacha. Agar mabodo o‘zingiz mayda apilka, kumush, oltin solib yuborgan bo‘lsangiz, uni topmaydi. Chunki u 400 gacha uchmaydi. Natriy xlor qo‘shsangiz ham 400 gacha uchmaydi. Xulosani 400 gacha uchadigan komponentlarni 100 foiz aniqlay oladi deb qarasangiz, to‘g‘ri bo‘ladi.

Advokat: 400 gradusgacha, bu suyuqliklar[mi?]

Ekspert: Suyuq bo‘lmagan qattiq moddalar ham bor. Oldin 100 gradusda suyuq formaga o‘tadi. Keyin 200−250 gradusda gaz formaga o‘tadi-da, keyin analiz qila oladi.

Advokat: Bizning holatda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” suyuqliklari nazarda tutilyapti. Mana shu bularning to‘liq tarkibini aniqlay oladimi?

Ekspert: Bu yerda ichidagi har bitta moddaning uchish yoki qaynash temperaturasi ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Uskuna pasportida mos keladigan bo‘lsa, hammasini 100 foiz aniqlaydi.

Advokat: Rahmat, Rasul aka.

Advokat Hakimov: Gapingizdan VJXda etilenglikol, detsilenglikolni aniqlab bo‘lmaydi, degan ma’nini tushunyapman. Raislik etuvchi, etilenglikolni birinchi aniqlagan [sudlanuvchi] opadan so‘ramoqchi edim. Adashmasam, “VJXda aniqladim”, dedingiz-a?

Sudya: Boshqa usul yo‘q, dedi-ku.

Sudya Muso Yusupov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Sudya Muso Yusupov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Advokat: Qaysi, VJXda aniqlaganmisiz?

Sudlanuvchi G.: Hozir laboratoriyada gazli xromatografiya usulida aniqlash imkoni ham bor. Biz birinchi qilganimizda VJX usulida qilganmiz. Aminokolonka ishlatib, faqat detektor bilan qilganmiz. Lekin “Dok-1 Maks"dagi “usloviya"da ular… (sudya sudlanuvchini gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudya: G. opa, siz mediklarning tilida gapirmang-da. Siz tushunarli tilda gapiring-da.

Sudlanuvchi G.: VJX deyilayotganda biz haqiqatdan yuqori samarador suyuqlik xromatografiyasi usulida qilganmiz. Faqat u yerda UF detektor degani ishlatiladi. “Dok-1 Maks"dagi unaqa detektor bilan chiqmaydi, bu kishi to‘g‘ri aytdilar.

Biz “refraktometricheskiy detektor” ishlatganmiz. Xuddi o‘sha aminokislotalar, qandlarni aniqlashga yaqin usulda, adabiyotlardan foydalangan holda takomillashtirib qilganmiz. VJX usuli, o‘sha… (sudya gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudya: VJXda boshqacha metod bilan qilganman, dedingiz.

Sudlanuvchi G.: Hozir gazlida ham qilyapmiz. Lekin birinchi boshida VJX [edi].

Advokat: O‘sha usul birorta adabiyotlarda tasdiqlanganmi, yo‘qmi?

Ekspert: VJX bir nechta detektor bilan jihozlanishi mumkin. O‘sha DVSMda turgani adashmasam, UEf detektor yoki “dyotramichniy” detektor bo‘lishi mumkin. Bular bilan etilenglikol topilmaydi. Agar mabodo siz “refroktromechiskiy detektor” ishlatsangiz, balki bo‘lishi mumkindir. Men bunda ishlab ko‘rmaganman.

Advokat: Hozir mening tushunishim bo‘yicha opa aytgan apparatda aniqlab bo‘lmaydi.

Ekspert: Sizga apparatni qanday tushuntirsam ekan. Bir nechta bloklardan iborat. Oxirgi xulosani beradigan blok 5−6 xil modifikatsiyada bo‘ladi. Siz maqsadingizga qarab, uni o‘zingizga buyurtma qilib sotib olishingiz mumkin. Masalan, UEf detektor yoki “dyotramchniy” detektor, “refraktometricheskiy detektor” ishlatishingiz mumkin. Bu detektorlarning har birining vazifasi har xil. Endi “refraktometricheskiy detektor"da men ishlab ko‘rmaganman. Lekin unda etilenglikol signal berishi mumkin. Chunki u xromofor guruhi yo‘q bo‘lgan moddalarni ham aniqlashga xizmat qiladi.

Advokat: Lekin biror joyda aniq emas. Aynan shuning miqdorini ham aniqlasa bo‘ladimi?

Ekspert: Men bu detektor bilan jihozlangan priborda ishlab ko‘rsamgina ayta olaman.

Sudya: [Ekspert] bu metodni bilmaydi. Shunaqami?

Ekspert: Shunaqaroq.

Sudya: Marhamat, advokatlarimizda savollar bo‘lsa,

Sudlanuvchi I.M.: Siz, VJXda qilingan “Dok-1 Maks"ning qaysidir bir analiz sanasida spektrofotometrda ham spektr bor deb aytdingiz-da. Savolim shundan iboratki, siz aynan bitta seriyasining spektrofotometrda borligini bildingiz-da, to‘g‘rimi? 21 ga yaqin seriya bor edi. Qolganlarining spektrofotometrda bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rmagansiz-a?

Ekspert: Savolingizga javob shundayki, kompyuterdagi bor fayllarning ichida birinchi izlashimizda “Dok” yoki “Maks” degan jumlalari bor fayllarni izladik. Bular spektrofotometrda bor-yo‘g‘i uchta yoki to‘rtta edi. Lekin yana boshqa fayllar bor-yo‘qligini mingdan ortiq faylning hammasini ochib, “Dok-1 Maks"ning istoriyasi bilan taqqoslab chiqishga to‘g‘ri kel[a]di.

Sudlanuvchi I.M.: “Dok-1 Maks"ning tarkibidagi asosiy ta’sir qiluvchi moddalari paratsetomol, gvayfenozin, fenilefrin, gidroxlorodlar va natriy benzoatlarni spektrofotometrda yuqori tahlil qilish imkoni bormi?

Ekspert: Siz aytayotgan to‘rtta moddadan uchtasi pasportida bor. Pasportini ochib ko‘rsangiz bo‘ladi.

Advokat: Spektrofotometrda tahlil qilish, miqdorini aniqlashning imkoni bormi demqoqchiman.

Ekspert: Bunga spektrofotometrda ancha yillik tajribaga ega shaxs javob bera oladi. Men ishlab ko‘rganman. Lekin bu savolga 100 foiz javob berolmayman.

Sudya: Tushunarli, bo‘ldi.

Sudlanuvchi I.M.: Siz bilan o‘sha kuni komissiya sifatida ayti mutaxassislari ham ishtirok etgandi. Siz… (sudya sudlanuvchini gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudya: Ularni bilmayman, tanimayman dedi.

Sudlanuvchi I.M.: Tushunarli. Yana bitta savolim bor edi. GXMS uskunasida tahlil qilingan preparat tarkibidagi yot modda, etilenglikol va detsilenglikol moddasini aniqlaganda etalon shart emas, dedingiz. Etalon shartmasligi bu faqat chinligini aniqlash uchun, to‘g‘rimi?

Ekspert: Agar sizga biror baklajkadagi suyuqlikni bersa, sirop deb tasavvurga ega bo‘ling. Komponentlar nimadan iborat degan savolga javob topmoqchi bo‘lsangiz, GXMS sizga 400 gradusgacha uchuvchi barcha komponentlarning kimligiyu, ismiyu, boshqa hamma ma’lumotlarini chiqarib beradi.

Sudlanuvchi I.M.: Bizga hozir bu suyuqlikda etilenglikol va detsilenglikol muhim-da. Bular 400 gradusgacha uchuvchan moddalar. Demak, chiqadi. Bu faqat borligini tasdiqlab beradi. Shu usulda qilgan taqdirda ham miqdorini aniqlash uchun etalon kerak bo‘ladimi?

Ekspert: Agar o‘sha priborda 10 yil ishlagan tajribali shaxs bo‘lsa, topib bera oladi.

Sudlanuvchi I.M.: Miqdorini aytaman

Ekspert: Miqdorini ham topib beradi. 10 yil tajribaga ega shaxs kerak. Tasavvur qiling, 10 yil davomida sizning xatoligingiz bir foizdan kamga tushadi. Etalon bilan ishlashni boshlaysiz. Shunda ham ko‘p xatolar bo‘ladi. Bu borgan sari tajriba [bilan keladigan holat].

“Probapodgotovka” degan jarayon bor, qo‘l bilan qilinadigan ish. Bunga qo‘lingiz borgan sari kelishib yoki xatolarni oddiygina puf desangiz ham foiz o‘zgarib ketadigan holatlarni o‘zingiz ko‘zingiz bilan ko‘rib, shunga shunday qilib qo‘yibman demasangiz, befoyda. Bunga 10 yillar davomida vaqt kerak.

Sudya: Tajriba kerak.

Sudlanuvchi I.M.: Agar 10 yillik tajribaga ega odam suyuqlikni tahlil qilganda etilenglikol va detsilenglikol moddasi borligini topgan bo‘lsa, demak, uning miqdorini etalonsiz ham aniqlab bera oladi demoqchisiz, shunaqami?

Ekspert: Agar siz O‘simlik moddalari kimyosi institutiga murojaat qilsangiz, topib berishadi.

Sudya: Savollar bo‘ldimi? Mutaxassis sifatida boshqa [masala] bo‘yicha chaqirilgandilar, boshqa [masalaga] ketib qoldi. Marhamat.

Advokat Madaminov: Mutaxassis ekanlar, muhtaram raislik qiluvchi. Mutaxassis bo‘lganda ham aniq javob beryaptilar. Rasul aka, hozir sizning o‘zingiz baklajkalarning misolida keltirdingiz. Shartli ravishda bir xil mahsulot deylik. Bir xil mahsulot bo‘lgan ikkita obyekt bitta priborga solinsa, tarkibi bir xil chiqishi kerakmi?

Ekspert: Bir xil chiqishi shart.

Advokat: Mana shu bir xil obyekt bir xil apparatga solindi. obyekt endi “Dok-1 Maks”. Mazkur uskuna bitta holatda benzoat topib, boshqa holatda benzoat topolmasligi mumkinmi?

Ekspert: Bu benzaotning qaysi biri haqida gap ketayotganiga bog‘liq. Odatda banzoat tuz formada bo‘lsa, GXA topmaydi. Lekin agar benzoat o‘zi suvda eruvchan forma, masalan, natriy benzoat bo‘lsa, bu boshqacha savol. GXA uchun qiyin narsa. Chunki uning uchish temperaturasi 400 dan oshib ketib qoladi. Odatda tajribamizda bunaqa savollar ko‘p bo‘lib turadi. Taqqoslanganda har bir o‘zgarish nima sababdan degan yana qo‘shimcha analizlar qilishga olib keladi.

Advokat: Rasul aka, o‘zingizning gapingizdan kelib chiqib, bitta savol tug‘ildi. Demak, benzoatlarning turi ko‘p.

Ekspert: Masalan, natriy, kaliy, likiy benzoat bo‘lishi mumkin.

Advokat: Xo‘p, boya aytganimizdek GXA uskunasi benzoatning turini ham aniqlab beradimi?

Ekspert: Yo‘q. Xohlasangiz, internetga “benzoat natriya temperatura” deb izlab ko‘rsangiz, taxminan 700 gradus tepada, uni aytmaydi. Agar benzo-kislotaning o‘zi haqida gap ketganda edi uni… (advokat ekspertni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Advokat: Yo‘q, mana, GS 6890 MS 5973 M ga ma’lum bir obyekt deb aytadigan bo‘lsak, bu benzoatning turini ham darrov spektrda chiqarib beradimi?

Ekspert: Kaliy yoki natriy benzoat haqida gapiryapsizmi?

Advokat: Ha. Chiqarmaydimi?

Ekspert: Ha. Chiqarmaydi.

Advokat: Faqat umumiy benzoat deb beradi, xolos.

Ekspert: Umumiy benzoatni bilishingiz mumkin. Lekin kaliymi yoki natriy benzoatmi, boshqasimi, u qo‘shimcha tahlil talab qiladi.

Advokat: Lekin agar bittasida kaliy, boshqasida natriy benzoat bo‘ladigan bo‘lsa, baribir benzoat deb chiqaraveradi-a?

Ekspert: Shunaqa.

Advokat: Tushunarli.

Advokatlarning iltimosnomalari

Advokat Yo‘ldoshev: Hurmatli raislik etuvchi, himoyam ostidagi N.M.ning surunkali gepatit kasalligi borligi uchun aniqlangandan buyon tegishli mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib turgan ekan. Yilda ikki, hech bo‘lmasa, bir marta tekshiruvlardan o‘tishi kerak. Hozir qo‘limda VPK bayonnomasining 253-sonli ko‘chirmasi bor. Shu ko‘chirmaga asosan nazoratda turishi va davolanishga muhtojligi, surunkali kasallik bilan kasallanganligi va doimiy nazoratda bo‘lishi ko‘rsatilganligi sababli ekspertiza tayinlashingizni so‘rayman.

Sudya: Hujjatlaringizni bering. Marhamat, manfaatga taalluqli holatlar bo‘yicha aniqlik kiritamiz. Prokuror.

Prokuror: Qarshiligim yo‘q, sudga havola qilaman.

Sudya: Biz oldin bu kasallikni o‘rganaylik-chi, tushlikdan keyin yana fikrimizni aytamiz. Hurmatli tomonlar, bir narsani to‘g‘ri qabul qilinglar. Buning uchun mashina ajratib, sudlanuvchini olib borish kerak. Ertalabdan-kechgacha mashina turishi kerak. Sudlanuvchi A.A. misolida bo‘ldi. Oldinroq ko‘tarilganda [sudlanuvchilarni] bittada olib borardi.

Advokat Latipov: Hurmatli raislik etuvchi, jinoyat ishi materialining 98-jild, 126−129-ish varaqlarida bir jurnal bor. Tergovda tergovchi tomonidan ko‘zdan kechirilgan. Jurnal to‘liq ko‘zdan kechirilgan. Lekin uning jadvalida 2022-yil 15-iyundan, 2023-yil 10-fevralga qadar bo‘lgan qismida o‘sha ekspertlar kengashlariga tegishli varaqlari aks ettirilmagan. Bundan tashqari jurnalda yuqorida ko‘rsatilgan vaqt oralig‘ida o‘tkazgan ekspertlar kengashi, ya’ni 12-sonli “Sinepar Kids”, 13-sonli “Kuraraks” dori vositalarining tayyor yo‘riqnomalari berilganligi holatlari… (gapini tugallamaydi — tahr.).

Yo‘riqnomalar qaysi holatda va kim tomonidan olib ketilganligini o‘rganish himoyamdagi Kariyevga e’lon qilingan ayblov bo‘yicha to‘liq va xolisona qaror qabul qilish uchun muhim ahamiyatga egaligini hisobga olib, DXX tergov boshqarmasida saqlanayotgan mana shu jurnalni jinoyat ishi materialiga qo‘shib, dalil sifatida tekshirish uchun sudga taqdim etilishi yuzasidan iltimosnomani kirityapmiz. Kecha ish materialini ko‘rdik, unda faqat fotojamlanma bilan ko‘zdan kechirish bayonnomasi turibdi. Jurnalning o‘zi yo‘q.

Sudya: Hamma qo‘shiladi-a, Kariyevning advokatlariga taalluqli (advokatlar roziligini bildirdi — tahr.). Bo‘ldi, biz jurnalni olish masalalarini ko‘ramiz.

Sudlanuvchi G. S.: Oldingi gal sudda gaplashgan komissiya a’zolaridan biri Hilola Ganiyevani xizmat safarida ekanliklarini aytgandingiz. Balki internet orqali ulanish mumkin bo‘lsa, tushdan keyin imkoni bormi?

Sudya: Imkoni yo‘q.

Sudlanuvchi G. S.: Umumanmi? Savol-javoblar bor edi-da.

Sudya: Imkoni yo‘q. Sababi — opa tergovda. Bosh prokuraturada [yodomarin] bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida opaning ham masalasi ko‘rilyapti, shekilli.

Tushlik tanaffusidan so‘ng sud o‘z ishini davom ettirdi.

Sudya: Muhtaram jarayon ishtirokchilari, biz iltimosnoma bo‘yicha ayni paytda Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertiza standartlashtirish markazi xodimi bo‘lgan Mamatmusayevni chaqirish masalasini ko‘rdik. Kasal ekan. Hamkasblaridan ham so‘rab ko‘rsangiz bo‘ladi. Shuning uchun imkonimiz bo‘lmadi.

Ikkinchi masalamiz, [advokat] Latipov, tergovdan [jurnal uchun] harakat qilyapmiz. Bugun olib kel desa, bugun olib kelamiz. Kelsa, keyingi sudgacha tanishib chiqishingiz uchun sizlarga xabar beramiz.

Shundan so‘ng sud ekspertiza tayinlash masalasida bir necha daqiqaga maslahatga kirib ketdi.

dok-1 maks, sudFoto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Sudya: Sudlov hay’ati qarorini e’lon qiladi. Advokat Yo‘ldoshev iltimosnomasi qisman qanoatlantirilsin. Sudlanuvchi N.M.ning sog‘lig‘i yuzasidan komission sud ekspertizasi tayinlansin. Ekspertiza o‘tkazish Sog‘liqni saqlash vazirligi Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali ekspertlari zimmasiga yuklatildi. Ekspertiza o‘tkazishda komissiya a’zolari quyidagi tartibda belgilansin: yetakchi ekspert sifatida respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali eksperti, komissiya a’zolari safida Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi mutaxassisligi bo‘yicha gepatolog shifokor biriktirilsin.

Mutaxassisning oldiga quyidagi savollar qo‘yilsin. N.M.ga qo‘yilgan “Gepatit B” kasalligi tashxisi to‘g‘rimi? Tashxis to‘g‘ri bo‘lsa, aniqlangan kasalliklar uning hayoti uchun xavflimi? Bu kasalliklarning diagnostikasi qanday? Instrumental va laborator tekshiruvlar amalga oshirish lozimmi? Bemor shifokorning doimiy nazoratida bo‘lishi talab etiladimi? N.M.da aniqlangan kasallik uning sud majlisida ishtirok etishida monelik qiladimi? Unga qanday davo va muolajalar qo‘llanilishi lozim. Sudlanuvchi o‘z vaqtida davolanmasa, qanday oqibatlar kelib chiqishi mumkin? N.M.da aniqlangan kasallik belgilari unga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashga monelik qiladimi?

Advokat Xudoyberganov: Hurmatli raislik etuvchi, hamkasbim Rajabov tomonidan kiritilgan iltimosnoma bo‘yicha [so‘ramoqchi edim]. Demak, [mutaxassislarning] hech qaysi kelmaydi, to‘g‘rimi? Shunday tushunsak bo‘ladimi?

Sudya: Hammamiz bilamiz, vazirlik xodimlari [ustida] hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilyapti. Ertalabdan kechgacha tergovga jalb qilingan. Mutaxassis sifatidami, ayblanuvchi sifatidami, unisini bilmadik. Boltaboyevaning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan xodimni izladik. Kasal ekan. Balki keyingi sudga taklif qilarmiz.

Advokatlardan biri: Raislik etuvchi, hamkasblarim ta’kidlab o‘tganidek, mazkur ekspertiza xulosasi ayblovga asos qilib olingan-da. Ayblovning bir qismi, himoyamizdagi Kariyevda. Shunga o‘tiribdi. O‘zi bularning hammasining hozirgi kunda statusi qanaqaligi so‘rash kerak. Endi bizga javob berishi kerak-da. Chunki qanchalik malakaga ega, malakali xulosami yoki boshqachami degan masalalar bor. Shuning uchun sizdan shuni ta’minlab berishingizni so‘rardim.

Sudya: Tushunarli. Keyingi sudda imkon qadar nechta xodim bo‘lsa ham taklif etishga harakat qilamiz. Aynan Hilola opaning tergovda qanaqa statusdaligini bilmaymiz. Harakat qilamiz. Bo‘lmasa, Mamatmusayev[ni chaqiramiz]. Kelishdikmi? Boshqa iltimosnomalar, savollar yo‘qmi? (Jimlik- tahr.).

Endi shuncha odamni so‘roq qildik. Jabrlanuvchilarimizdan kelolmaydiganlaridan arizalar olyapmiz. Kelolmaganlarining keyingi sudda ko‘rsatuvlari va arizalarini o‘qib eshittiramiz. E’tirozlar bo‘lmasa, sizlarga zarur boshqa guvohlar bo‘lsa, chaqirish imkoni bo‘lmasa, ularning ham ko‘rsatuvlarini tergov jarayonida o‘qib eshittirish masalasini ko‘ramiz. Agar tomonlarda boshqa iltimosnomalar bo‘lmasa, ehtiyot shart, keyingi sudda muzokaraga tayyorgarlik ko‘rish so‘raladi.

Advokatlardan biri: Keyingi sudda vaqt berasizmi?

Sudya: Agar sizlarga vaqt kerak bo‘lsa, ko‘ramiz. Shuning uchun oldindan aytyapmiz.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli raislik etuvchi, shu vaqt masalasida [gapirmoqchi edim]. Dushanba, chorshanba, juma, uch kunlik jarayon bo‘lyapti-da. Oxirgi 4 oyda hamma protestlarimizni seshanba, payshanba kunlari bitirganmiz-da. Amaliy jihatdan hech kimda vaqt yo‘q. Menda shunaqa, qolganlarni bilmadim. Shuning uchun agar keyingi majlisda sud tergovi yakunlanadigan bo‘lsa, hech bo‘lmasa, sud ishi ko‘riladigan bir kunga bizga vaqt berishingiz kerak. Seshanba kuni boshqa ish bilan shug‘ullanamiz, yozolmaymiz.

Sudya: Tushunarli. Tayyorgarlik so‘ralsa, biz majburmiz. Vaqtdan yutqazmaslik uchun tayyorlar bo‘lsa, ularni eshitib turamiz. Muddat so‘raganlarga muddat beramiz.