Samarqand viloyati Urgut tumanida yer maydoni savdosi bilan bog‘liq noqonuniy holat aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Fuqaro B.M. Urgut tumanidagi mahalla hududidan 50 sotix zaxiradagi yer maydonini fuqaro Z.I.ga 97 ming dollarga sotishga kelishgan. Undan hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 31 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

B.M.ning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda Davlat kadastrlar palatasi Urgut tumani filiali bo‘limi muhandisi N.N. yuqoridagi yer maydonining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishi evaziga 500 dollarni olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.