Bu yilgi dekabr oyi sovuq bo‘lmaydi, o‘rtacha oylik harorat me’yordan yuqori, ba’zi hududlarda me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet xizmati agentligi matbuot xizmati.

Dekabr oyi qish uchun xos bo‘lmagan iliq ob-havo bilan boshlanadi. Eng issiq kunlarda havo harorati +15…+18 darajagacha, janubda +20…+22 darajagacha ko‘tariladi.

Havo harorati kechasi −1…−6 darajagacha, shimolda −8…−13 darajagacha pasayishi kuzatiladi. Sinoptiklarning qayd etishicha, dekabr oyi uchun bu normal holat hisobalanadi.

Oyning birinchi haftasida O‘zbekiston bo‘ylab havoning yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi, havo harorati kechasi +2…+7, kunduzi +13…+18 daraja bo‘lishi kutilmoqda. Bunday quruq va iliq boshlanish O‘zbekistonda juda kam uchraydi, deyiladi xabarda.

Keyinchalik — oyning oxirigacha havo harorati kechasi +5…+8 darajadan −3…−6 darajagacha, kunduzi +15…+18 darajadan +2…+5 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. Oy davomida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchiliklar kuzatiladi.

O‘tgan yillardagi dekabr oyi

So‘nggi 50 yildagi eng sovuq dekabr 1984-yilda bo‘lgan. Kechasi havo harorati sovuqning eng yuqori cho‘qqisida −18…−23 darajagacha, ba’zi joylarda −25…−27 darajagacha pasaygan.

2022-yilning dekabr oyi birinchi kunlaridanoq qor yog‘ishi va havo haroratining keskin pasayishi bilan o‘zining qishki xarakterini ko‘rsatgan. Juda sovuq havo deyarli oyning o‘rtalariga qadar davom etgan. Kechasi bu davrda havo harorati ko‘pchilik hududlarda −10…−15 darajagacha, shimoliy va cho‘l hududlarda −19…−24 darajagacha pasaygan.

Faqatgina respublika janubida va Farg‘ona vodiysida havo unchalik sovuq bo‘lmagan, minimal harorat −1…−6 daraja atrofida bo‘lgan.

O‘tgan yili qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik respublikaning markaziy tumanlari tekisliklari bo‘ylab qor qoplamining shakllanishiga olib kelgan va bu qariyb 10 kun davom etgan. Maksimal qor balandligi 7−12 sm, ba’zi joylarda 13−17 sm gacha bo‘lgan.Tog‘li hududlarda qor qoplamining balandligi 40−90 sm ga yetgan.

2021-yil dekabr oyi esa so‘nggi 50 yildagi eng issig‘i bo‘lgan. Respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 2−4 daraja yuqori bo‘lgan. Eng issiq kunlarda havo harorati kunduzi +20…+25 darajagacha, janubda +26…+28 darajagacha ko‘tarilgan. Respublikaning ayrim hududlarida havoning maksimal harorati butun meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlarni taqdim etgan.

Toshkentda dekabr oyi uchun mutlaq maksimal havo harorati 1915-yilda kuzatilgan, u +27,3 daraja issiqni tashkil etgan. Dekabr oyi uchun mutlaq minimal havo harorati, ya’ni -29,5 daraja sovuq 1930-yilda qayd etilgan.