Yakkasaroy tumanidagi 127-umumta'lim maktabining biologiya xonasida shovqin-suron. Yuqori sinf o‘quvchilari sinf xonasi derazalari ostiga joylashtirilgan, yog‘ochdan ishlangan ikkita issiqxonani o‘rab olgan. Bu yerda ushbu mitti issiqxonalar oktabrda paydo bo‘lgandi. Ular jami 60 ta bo‘lmaga ajratilgan. Har bir bo‘lmada o‘quvchilardan biri tomonidan ekilgan o‘simlik mavjud. O‘quvchilar o‘zlari ekkan urug‘dan unib chiqqan ko‘chatlarni qiziqish bilan tomosha qilyapti — ularning bir nechtasi nozik tanali mitti daraxtga aylanib ulgurgan.

“Nega mening daraxtim o‘smayapti? Ehtimol unga suv yoki yorug‘lik yetishmayotgandir? Boshqalarniki, mana, allaqachon unib chiqdi-ku!” — norozi ohangda so‘raydi o‘quvchilardan biri.

gej kgd, ko‘kalamzorlashtirish, shaharlarning barqaror taraqqiyoti

Biologiya xonasiga Toshkent botanika bog‘i oranjereyasining o‘simliklarni parvarishlash bo‘yicha sobiq xodimi, nodavlat-notijorat “Indigo” o‘simlik va hayvonot dunyosi vakillarini himoya qilish jamiyati asoschisi Pavel Volkov mas’ul. U bolalarga har bir o‘simlik o‘ziga xos ekanligini tushuntiradi. O‘simlikning rivojlanishi vaqt talab etadi, qolaversa, bu yorug‘lik darajasi, suv, harorat va tuproqdagi oziq moddalar miqdoriga ham bog‘liq. Har qanday o‘zgarish o‘simliklarda stressga sabab bo‘lishi mumkin. Bu ularning o‘sishi sekinlashishi yoki tezlashishiga olib keladi.

Pavel bolalarga o‘simliklarni qanday yetishtirishni ilk bora o‘rgatayogani yo‘q. Bunday loyihani u birinchi marta qariyb uch yil avval o‘tkazgan. 2021-yil fevralida “Indigo” o‘zi ishlab chiqargan issiqxona qutilarini to‘rtta maktabga sovg‘a qilgan. Jamiyat a’zolari bolalarga yashil qoplamning ahamiyatini tushuntirib, urug‘ ekishni o‘rgatgan. Tajriba uchun mahalliy va O‘zbekiston iqlim sharoitiga moslashtirilgan yetti turdagi daraxt tanlab olingan. Bolalar issiqxonalarda o‘simliklarni parvarishlash va sug‘orishni nazorat qilishni o‘rgangan. Ular urug‘larning qanday unib chiqishi, tiriklik tuproqda o‘ziga qanday yo‘l topishi, daraxtlarning ildiz tizimi, tanasi va toji qanday shakllanishini kuzatgan.

gej kgd, ko‘kalamzorlashtirish, shaharlarning barqaror taraqqiyoti

“Tajriba oxirida biz o‘quvchilar va o‘qituvchilar bilan birgalikda 80 foiz ko‘chatlarni maktab hududiga o‘tqazdik. Loyihani davom ettirmoqchi bo‘lib, Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qildik. Avvaliga g‘oyamiz qo‘llab-quvvatlandi, biroq qog‘ozbozlik, imzo yig‘ish boshlandi, biz muzokaralar olib borgan vazir o‘rinbosari almashdi. Vazirning javobini uzoq kutdik va oxirida men bu loyiha ustida ishlashni to‘xtatdim”, — deydi Pavel Volkov.

2022-yil oxirida u Global ekologik fondning Kichik grantlar dasturi (GEF KGD) siymosida o‘ziga ko‘makchi topdi. Bungacha loyiha o‘z g‘oyasini shakllantirib olgandi. Mualliflar uni Yashil Makon Maktab (sayt) deb nomladi. Bu loyiha 2021-yil noyabrida prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan, mamlakatni ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan Yashil Makon umummilliy harakatiga yangicha nazar edi. “Indigo” o‘z loyihasida avvalboshdan qabul qilingan daraxt ekishga asoslangan ko‘kalamzorlashtirish metodologiyasini kengaytirishni taklif qiladi.

gej kgd, ko‘kalamzorlashtirish, shaharlarning barqaror taraqqiyoti

O‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish jamiyatining nuqtai nazariga ko‘ra, loyihani amalga oshirishda maktab o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin. Biroq g‘oyaning o‘zi yanada barqaror bo‘lishi uchun ko‘kalamzorlashtirish ko‘chat o‘tqazishdan emas, balki urug‘dan boshlanishi lozim. Yangi avlod urug‘ni yerga o‘tqazishga tayyor niholga aylantirish uchun qancha mehnat talab qilinishi, bu jarayon naqadar hayratlanarli ekanligiga bevosita o‘z tajribasida guvoh bo‘lsa, yosh daraxtlar noto‘g‘ri parvarish tufayli nobud bo‘lmaydi, ularga keksaymasidanoq kesishga shaylangan qo‘llar ko‘tarilmaydi.

GEF KGD milliy koordinatori Aleksey Volkov “Indigo” loyihasida dastur tomonidan tashabbuslarni moliyalashtirish uchun tanlab olishda tayaniladigan asosiy tamoyillarning aks etganiga guvoh bo‘ldi.

KGD fond ish olib borayotgan iqlim o‘zgarishi, yerdan barqaror foydalanish, suv resurslari, yashil shaharlar kabi sohalarda tabiatga foyda keltiradigan ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Loyihalar barqaror, butun mamlakat bo‘ylab tatbiq etishga imkonli va innovatsion bo‘lishi zarur.

Pavel Volkovning mashg‘ulotlarida biror bir ilmiy kashfiyot mavjud emasligiga qaramay, GEF bolalar bilan ishlash jarayonida innovatsiyalarni ko‘rdi. Milliy ta’lim dasturlari maktab o‘quvchilarini bunyodkorlik ruhida tarbiyalamaydi; o‘quvchilar Vatanga muhabbat nazariyasini o‘rganadi, biroq bunga qo‘l urmaydi. Pavel Volkovning loyihasida esa bolalar g‘oyatda qiziqarli va muhim ish qilayotganliklarini his qiladi.

gej kgd, ko‘kalamzorlashtirish, shaharlarning barqaror taraqqiyoti

Boz ustiga, aksariyat maktablar katta maydonlarni egallagan. Qishloq joylarda ularning maydoni hatto bir gektardan ham oshishi mumkin, deydi Aleksey Volkov. Toshkent shahrida 300 dan ortiq umumta’lim maktabi mavjud. Agar bolalar hech bo‘lmaganda o‘z ta’lim muassasalari hududida daraxt ekishni boshlasa, aholi punktlarining sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ancha yashilroq tus oladi.

sentabrda “Indigo” nihoyat Yashil Makon Maktab g‘oyasini amalga oshirishga kirishdi. NNT Toshkent botanika bog‘i xodimlari bilan birga Yakkasaroy tumanidagi 10 ta maktabda 8−10-sinf o‘quvchilari uchun o‘simlik ekish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazdi. Mualliflar o‘simliklarni yetishtirish uchun issiqxonalar yig‘ishdi. Biologiya darslarida bolalar daraxt urug‘larini ekdi. Bunda mahalliy turlarga ustuvorlik berildi, chunki ular O‘zbekiston iqlimiga moslashgan, shuningdek, GEF KGDning faoliyati ham mahalliy genofondni saqlashga qaratilgan. Shunday qilib, 127-maktab o‘quvchilari eman, kashtan, o‘rmon yong‘og‘i (funduk) urug‘larini ekishdi. Maktab o‘quvchilari biologiya o‘qituvchisi bilan alohida sabzi, piyoz, xonaki va bog‘ gullarining ayrim turlarini ham ekishgan.

gej kgd, ko‘kalamzorlashtirish, shaharlarning barqaror taraqqiyoti

“Issiqxona qutilaridan o‘nlab yillar davomida foydalanish mumkin. Ular butun yil davomida ko‘chat yetishtirish imkonini beradi, chunki bu qutilar o‘simliklar uchun tabiiy sharoit vazifasini o‘taydi, — deydi Pavel Volkov. — O‘quv yili davomida har bir maktabda kamida ikki partiya o‘simlik yetishtirilishi mumkin. Tayyor bo‘lishi bilan, ularni darhoz ochiq joydagi tuproqqa o‘tkazish mumkin bo‘ladi”.

gej kgd, ko‘kalamzorlashtirish, shaharlarning barqaror taraqqiyoti

Ko‘chatlar o‘tqazilganidan keyingi dastlabki ikki yil ichida ularni muntazam kuzatish, parvarishlash, sug‘orish va o‘g‘itlab turish lozim. Shuning uchun, loyiha mualliflari tomonidan o‘ylab topilganidek, yosh daraxtlarning tirikligi to‘g‘risida o‘quvchilarning o‘zlari qayg‘uradi. Ko‘chatlarning har bir partiyasi ularni urug‘ligidan ekkan, undirgan va o‘tqazgan sinfga biriktiriladi. Bitiruvchi sinf o‘simliklarga g‘amxo‘rlik qilish estafetasini kichik sinf o‘quvchilariga topshirishi mumkin.

“Indigo” ushbu loyihaning har bir bosqichi bolalarda ekologik ongni shakllantirishiga, ularning tabiatga bo‘lgan muhabbatini kuchaytirishga, bolalarning tabiatga g‘amxo‘rlik qilishga odatlanishiga va ularda sayyora kelajagi uchun javobgarlik hissi kuchayishiga sabab bo‘lishiga qat’iy ishonadi. Bundan tashqari, loyiha davomida o‘quvchilar o‘simliklarga g‘amxo‘rlik qilishni, ularni begona o‘tlardan tozalashni, to‘g‘ri sug‘orishni, ko‘chat suv va o‘g‘itga ehtiyoj sezayotganini aniqlashni o‘rganadi.

“Tajribaning maqsadi — o‘simlik dunyosining inson hayoti va umuman ekotizim uchun ahamiyatini bolalarga tushuntirishdan iborat, — deydi Aleksey Volkov. — Xususan, oddiy urug‘lardan mustaqil ravishda har xil turdagi daraxtlarni o‘stirishga; bozordan tayyor ko‘chatlarni sotib olish emas, balki bitta danak yo urug‘dan butun boshli daraxt yetishtirishga o‘rgatish. Daraxtlarni boshqa usullar bilan yetishtirish ko‘proq kuch va mablag‘ talab qiladi, biroq urug‘ bir yil ichidayoq ko‘chatga aylanadi”.

gej kgd, ko‘kalamzorlashtirish, shaharlarning barqaror taraqqiyoti

Tajribaning dastlabki yaqqol natijalari bahorda, daraxtlar ochiq joydagi tuproqqa o‘tqazilganidayoq ko‘zga tashlanadi. Maktab o‘quvchilarining yanada faol ishtirokini ta’minlash maqsadida Yashil Makon Maktab loyihasida raqobatga undaydigan komponent mavjud. Topshiriqni eng yaxshi bajargan va eng ko‘p o‘simlik yetishtirgan maktab o‘quvchilari Ugom-Chotqol milliy bog‘iga safar qiladi. “Indigo” NNT bog‘ rahbariyati bilan 2022-yilning kuzida uch gektar o‘rmonsiz bog‘ hududini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha memorandum imzolagan. Boshqa maktablar esa o‘z maydonlariga daraxt o‘tqazadi.

Loyiha yakunida o‘qituvchilar o‘zlari issiqxona tashkil etishlari, o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lishlari va bolalar uchun dars mashg‘ulotlari o‘tkazishlari uchun qo‘llanma chop etish rejalashtirilgan. Loyiha “Indigo” nazoratisiz davom etishi kerak, deya ta’kidlaydi Pavel Volkov. Agar tajriba umummilliy miqyosda yoyilsa, maktablar aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirishda harakatlantiruvchi kuchga aylanishiga va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish bilan bog‘liq muammolar 3−5 yil ichida barham topishiga Yashil Makon Maktab mualliflarining ishonchi komil.

gej kgd, ko‘kalamzorlashtirish, shaharlarning barqaror taraqqiyoti

“Loyihamiz el og‘ziga tushadi, vazirlik xodimlari darslarimizga tashrif buyurib, boshqa maktablarga ham bu tajribadan o‘rnak olishni tavsiya etadi, deb umid qilamiz”, — deydi Aleksey Volkov.

Loyiha mualliflarining fikricha, har bir maktabda yiliga 200 tagacha ko‘chat yetishtirish mumkin. Daraxtlar, birinchi navbatda, maktab hududiga o‘tqaziladi. Biroq, ko‘p o‘tmay, bolalar kichik urug‘lardan unib chiqqan minglab go‘zal daraxtlardan yashil kelajakni qurish uchun maktablari hududidan tashqariga chiqishlari mumkin bo‘ladi.