Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Majlisda ta’kidlanishicha, ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga bepisandlik bilan qarash, transport boshqarish madaniyatiga rioya qilmaslik, yo‘l harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan hurmatsizlik, transport vositasini keskin boshqarish hamda boshqa harakatlarda ifodalanadigan “agressiv boshqarish” holatlari ko‘paymoqda.

Qonun loyihasi bilan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lgan shaxs tomonidan transport vositasini takroran boshqarish uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, transport vositasi haydovchilari tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun жарима ballari hisoblash tizimini joriy etish belgilanmoqda. Ya’ni, ushbu norma bilan hisoblangan jarima ballari bir yil davomida o‘n ikki balldan oshgan hollarda oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchini transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

Mazkur tartibga muvofiq, haydovchi bir yil davomida yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etish yo‘li bilan belgilangan miqdordagi jarima ballarini to‘plagan taqdirda unga nisbatan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi qo‘shimcha jazo sifatida qo‘llanishi belgilanmoqda.

Majlisda ta’kidlanishicha, qonun loyihasi bilan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini sudlar tomonidan qo‘llanishini inobatga olib, Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganlik uchun ma’muriy jazosini jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo‘llash tartibi ham taklif qilinmoqda.

Jarima ballar tizimi

Mazkur tizim 2022-yil 1-dekabrda ishga tushishi kerak edi. Biroq, tizim ishga tushishi kechikdi. 2022-yil dekabrda YHXX boshlig‘i Olim Saidov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda qoida buzgan haydovchilarga jarima ballarini hisoblash tizimi qonunchilik masalasi ekanini aytgandi.

“Tizimning texnik jihati va uni amaldagi tizimlarga integratsiyalash yakunlanganidan so‘ng to‘liq ishga tushiriladi”, — degandi Saidov.

Tizim quyidagi tartibni nazarda tutishi belgilab berilmoqda:

  • har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi;
  • hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan o‘rnatilgan tartibda mahrum qilinadi;
  • muayyan davr mobaynida yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi.

jarima ballar