Nuriddin Yoqubjonovich Mamajonov Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

U 1982-yil 27-iyulda viloyatning Quvasoy shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini hamda Markaziy Bogema universitetini (Praga) tamomlagan. Yevropa amaliy fanlar va menejment institutida (Praga) Biznes boshqaruv doktori (DBA) ilmiy darajasini olgan.

Mehnat faoliyati davomida Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida, Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasida faoliyat olib borgan. 2022−2023-yillarda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi bo‘lgan.

Tayinlovga qadar Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy diplomatiya va madaniy hamkorlik departamenti direktorining birinchi o‘rinbosari — Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

2021-yil may oyidan 2023-yil noyabrga qadar Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib faoliyat olib borgan Iqboljon Ergashev prezident qaroriga asosan Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangandi.