Olmaliqning “AGMK” klubi bilan o‘yinidan bir kun oldin “Al-Ittihod” klubi hujumchisi Karim Benzemaning mehmonxonadagi xonasi eshigini “noma’lum yuqori martabali shaxslar” taqillatgan va u bilan suratga tushmoqchi bo‘lgan. Bu haqda Championat.Asia xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, bu voqea Karimning qaysi xonada yashashi haqidagi ma’lumot “sizib ketganidan” keyin sodir bo‘lgan. Olmaliqdagi uchrashuv oldidan Saudiya Arabistoni jamoasi futbolchilari Toshkentdagi Hilton mehmonxonasiga joylashgan.

Bu voqeadan keyin Benzemani qo‘riqlash choralari kuchaytirilgan. U bilan birga O‘zbekistonga shaxsiy qo‘riqchi kelgan, biroq mehmonxonadagi voqeadan keyin unga yana bir necha mahalliy qo‘riqchilar biriktirilgan.

“Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu Karim “Al Ittihod”ga o‘tganidan beri birinchi shunday holat”, — deb yozadi nashr.

Championat.Asia, shuningdek, o‘yindan so‘ng jurnalistlar uchun ajratilgan hudud Benzema bilan suratga tushish uchun kelganlar bilan to‘lib ketgani haqida xabar bergan.

Eslatib o‘tamiz, 27-noyabr kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida O‘zbekistonning “AGMK” jamoasi hamda Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” klublari o‘rtasida Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi 5-tur uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mehmonlar 1:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Uchrashuvdagi birinchi golni 30-daqiqada marokashlik hujumchi Abderrazoq Hamdalla “Liverpul”ning sobiq futbolchisi Fabinoning uzatmasidan so‘ng urdi. Oradan 4 daqiqa o‘tib, 32 yoshli forvard dubl qayd etdi va hisobdagi farqni 2 taga yetkazdi. Mezbonlar 78-daqiqada italiyalik Martin Boakening goli evaziga hisobni qisqartirdi.

Saudiya Arabistoni klubi hujumchisi Karim Benzema maydonda to‘liq 90 daqiqa o‘ynadi, ammo o‘z hisobiga gol yoki assist yozdirib qo‘ya olmadi. “S” guruhidagi beshta o‘yindan so‘ng “Al Ittihod” 12 ochko bilan birinchi o‘rinda, “AGMK” esa beshta mag‘lubiyat bilan oxirgi o‘rinda bormoqda.