Surxondaryo viloyati Termiz shahri hokimi O‘ktam To‘rayev ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga og‘zaki topshiriq berib, tadbirkorni 15 sutkaga qamatishga urindi, deya yozmoqda Daryo.

Qayd etilishicha, tadbirkor Shuhrat Shernazarov Termiz shahrida aholi tomonidan chiqindi konteynerlariga tashlangan chiqindini tashish bilan shug‘ullanuvchi “Bio texno eko” MCHJ rahbari sifatida faoliyat yuritadi. Holat hokimning shaxsiy kabinetidagi yig‘ilish paytida sodir bo‘lgani aytilgan.

“Hokim yig‘ilish paytida shahar IIB boshlig‘iga topshiriq berib, tezda olib borib 15 sutkaga tiqasan va jarimaga tortasan, dedi. Kimi kelsa ham chiqarmaysan, deb topshiriq berdi. Hokim meni qamatish haqidagi gapidan oldin yoniga chaqirib olib, bo‘ynimga musht qo‘yib, tashkilot rahbarlarining oldida itarib yubordi. Yiqilib tushishimga sal qoldi, o‘zimni o‘nglab oldim”, — deydi u.

Tadbirkorning aytishicha, hokimning og‘zaki topshirig‘idan so‘ng shahar IIB boshlig‘i O‘tkir Shukurov xodimlarini chaqirgan.

““Gorotdel”dan ikkita bola keldi. “Uchastkovoy”lar emas edi. Kelganlar hokimning xonasida qo‘limga kishan taqishga urindi. Ularni itarib tashlab, qo‘limga kishan taqish shartmas, o‘zim boraman dedim. Meni “gorotdel”ga olib ketishdi. Soat taxminan 20:00 larda olib ketib, 23:30 larda qo‘yib yuborishdi”, — deya ta’kidlaydi “Bio texno eko” MCHJ rahbari.

Shuhrat Shernazarovning tushuntirishicha, unga aholi tomonidan shaharning belgilanmagan hududiga tashlab ketilgan chiqindini o‘z vaqtida yig‘ishtirib olmaslik, shahardagi lotoklarni tozalamaslik aybi qo‘yilgan.

“Fuqaro ishga ketayotgan paytda shoshib, chiqindini belgilanmagan joyga, deylik, yo‘l yuziga tashlab ketyapti. Izidan yana ikki-uch kishi shu ishni takrorlab, shaharda chiqindi uyumi paydo bo‘lyapti. Hokim esa menga shu belgilanmagan hududga tashlangan chiqindini olmagansan, degan aybni qo‘yyapti. Bunday ish mening majburiyatimda yo‘q. Bu ishni obodonlashtirish boshqarmasi qilishi kerak. Keyin yana menga “lotok”lar ichini ham tozalamading, deb zulm o‘tkazdi. Men esa chiqindi konteynerlaridagi chiqindini olib ketishga vakolatli ekanimni aytdim”, — dedi tadbirkor.

“Hokim va uning o‘rtasida shaxsiy adovat yo‘q. Ilgari qilingan ish uchun hokimdan rahmat eshitgan paytlari ham bo‘lgan. Davlat tashkilotlarining korxonadan 1,5 milliardga yaqin, aholining esa salkam 15 milliard so‘mlik qarzdorligi bor. Buni undirish bo‘yicha ularga hech kim yordam bermagan”, — deya tadbirkorning so‘zlarini keltirdi Daryo.

Shuhrat Shernazarov voqeani esga olarkan, hokim zo‘ravonligi ro‘y bergan yig‘ilishda 14−15 nafar tashkilot rahbarlari bilan birga qonun himoyachilari ham bo‘lganini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hokimning jahlini chiqargan yana bir holat uning hokim yordamchisi qilgan qo‘ng‘iroqqa o‘z vaqtida javob berolmagani bo‘lgan.

Termiz shahri hokimligi matbuot xizmati holat yuzasidan raddiya berib, tadbirkorga jarima qo‘llanganini ma’lum qildi.

Hokimlik xabariga ko‘ra, mutasaddilar, keng jamoatchilik faollari ishtirokida Termiz shahri bo‘ylab bunyodkorlik ishlarining borishi ko‘zdan kechirilganda chiqindixonalarda to‘planayotgan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayotgani haqida aholi tomonidan norozilik bildirilgan.

“O‘rganish jarayonidagi mazkur ishlarga bevosita mas’ul va javobgar bo‘lgan „Bio texno eko“ MCHJ tomonidan chiqindixonadagi chiqindilarni olib ketish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni muntazam ravishda bajarmasdan kelayotgani va shaharni obodonlashtirish qoidalarini buzgani sababli ichki ishlar organlari tomonidan huquqiy baho berilishi so‘ralgan”, — deyiladi xabarda.

Shahar IIB tomonidan tadbirkor Shuhrat Shernazarovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 161-moddasiga (Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish) asosan BHMning 1 baravari, ya’ni 330 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llash bo‘yicha bayonnoma tuzilgan.

Hokimlik matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga hokim tadbirkorning bo‘yniga musht tushirib, tashkilot rahbarlarining oldida itarib yuborgani, soatlab “qamalib chiqqani” haqidagi gaplarni asossiz ekanini bildirdi. Tadbirkor IIB bo‘limiga jarima bo‘yicha protokol tuzish uchun olib borilgani ta’kidlandi.