Ish sabab tez-tez Nukusdan Urganchga borishga to‘g‘ri keladi. Yo‘lning yarmi cho‘lning zerikarli, lekin ko‘zga yoqimli markazidan o‘tadi.
Ancha-muncha sayozlashib qolgan Amudaryoni ne-ne tomoshalarga guvoh bo‘lgan, g‘ijirlayotgan va doim ta’mirga muhtoj ponton ko‘prik orqali kesib o‘taman. Darvoqe, temiryo‘li ham bor yangi ko‘prik allaqachon qurib bo‘lingan va o‘zining ochilishini kutyapti. Shundan so‘ng daryo ortidagi yam-yashil dalalar va azim daryo bo‘yida yashaydigan dehqonlar hayotiga sho‘ng‘iyman.
Bu joylarda asrlar osha yer bilan tillashib kelgan xorazmliklar tuproqqa ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ladi va har qarich yerdan unumli foydalanishga intiladi. Masalan, tokzorlar bo‘ylab yoki mevali daraxtlar orasiga sabzavot ekilganiga guvohi bo‘lish odatiy hol — bu suvdan samarali foydalanish va qimmatli yerdan keladigan daromadni oshirish imkonini beradi.
Ko‘plab fermerlar suvni tejash masalasida yangi usullarni izlab, qo‘llamoqda — ba’zilar maxsus plyonka vositasida issiqxona effektini hosil qilib, bebaho namlikni yerning o‘zida saqlab qolishga intilsa, boshqalar qimmatbaho tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilyapti.
Sholi — eng ko‘p daromad keltiruvchi boshoqli o‘simliklardan. U dehqonchilik mavsumining boshidan oxirigacha suv bilan to‘ldirilgan zumrad dalalarda bo‘y cho‘zib turadi.
Dalada yil bo‘yi tinim yo‘q. Suv bir maromda taqsimlanishi uchun yer lazerli uskuna bilan yaxshilab tekislanadi, qayta ishlanadi, suv bilan to‘ldiriladi va sholi ekiladi.
Sholi butun yoz puxta parvarishni talab qiladi — uni begona o‘tlardan, zararkunandalardan tozalash lozim. Qilinadigan ishlarning aksariyati — qo‘l mehnati.
oktabrda hosil terib olinadi. Dalada faqat somon qoladi. Uni kesib, quritib, presslashadi — somon qishda chorva uchun asosiy oziqa vazifasini o‘taydi.
Sholizorlar qishda yana suv bilan to‘ldiriladi — bu safar dalalar qishloq bolakaylar uchun ulkan muz maydoniga aylanadi.
Qishloq ahlining hayoti va mehnatini kuzatish borasida omadim kulib boqqan, deb hisoblayman. Chunki shaharda yashovchilar guruchni odatda faqat ovqat ustida ko‘radi va bu ne’mat shu ko‘rinishda uning dasturxoniga yetib kelguniga qadar qancha mehnat sarflangani haqida o‘ylashga ko‘p-da fursat topolmaydi.