Andijon viloyati Jalaquduq tumanida xonadonlarga imtiyozli narxda ko‘mir ajratishni va’da qilgan hokim yordamchisi ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Tuman hokimi yordamchisi D.I. kuz-qish mavsumida ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilishini nazorat qilish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishchi guruh a’zosi sifatida tuman ko‘mir omboriga nazorat uchun mas’ul etib biriktirilgan.

U shundan foydalanib, hududdagi 44 ta xonadon uchun 38,1 tonna ko‘mirni imtiyozli narxda ajratib berish evaziga mahalla faoli M.A.dan 600 dollar pora talab qilgani aytilmoqda. Puldan 7 mln so‘mini ko‘mir ombori hududida o‘zining Nexia-2 avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani qayd etilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.