Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, qonun amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda ishlab chiqilgan, Intellektual mulk hamda Davlat xizmatlari agentliklarining vazifa, funksiya va vakolatlari Adliya vazirligiga o‘tkazilganligini inobatga olib, vazirlikning vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ushbu qonun bilan 2 ta kodeks hamda 15 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • Intellektual mulk agentligining vazifalari Adliya vazirligiga yuklatilmoqda;
  • intellektual mulk obyektlari bo‘yicha davlat ekspertizasini o‘tkazuvchi vakolatli tashkilot sifatida Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi belgilanmoqda;
  • tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi to‘g‘risidagi guvohnomalarni berish muddatini qisqartirilmoqda;
  • adliya organlariga intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llash vakolati berilmoqda;
  • davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni qo‘llash vakolati adliya organlariga o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Muhokamada qonunning hayotga tatbiq etilishi davlat xizmatlari sifatini oshirishga hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, intellektual mulk huquqlarining himoya qilinishini kuchaytirishga va ushbu sohalarda samarali markazlashtirilgan boshqaruv tizimini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.