BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etish uchun Bokuga borgan Shavkat Mirziyoyev 24-noyabr kuni amaliy tashrifi doirasida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, jumladan, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi.

Tizim va samarali muloqotlar tufayli O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani, amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat bilan qayd etildi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

илҳом aлиев, озарбайжон, шавкат мирзиёев

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 34 foizga oshgan. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, energetika, qishloq xo‘jaligi va ipakchilik tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Transport va logistika sohasida istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.

Davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari yuzasidan ham fikr almashdi. Kimyo, energetika, zargarlik, mashinasozlik, qurilish va boshqa yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

илҳом aлиев, озарбайжон, шавкат мирзиёев

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev bilan muzokaralarda quyidagilarni taklif etdi:

  • Ozarbayjon prezidentini 2024-yilda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni;
  • 2024-yilni O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni jadal rivojlantirish yili deb e’lon qilishni;
  • 2024-yil uchun o‘zaro manfaatli hamkorlikning 10 ta yangi yo‘nalishini;
  • axborot makonida tajriba almashish va hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun ikki mamlakat Prezident administratsiyalarining tegishli xizmatlari o‘rtasida tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishni;
  • Ilhom Aliyevni 2025-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” sammitida bosh faxriy mehmon sifatida ishtirok etishni.