Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holati aniqlandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Xususan, Toshkent shahri Bektemir tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi qirg‘og‘idagi muhofaza mintaqasida (damba) 1 dona ekskavator va 2 ta yuk tashuvchi transport vositalari yordamida qum-shag‘al mahsulotlari qazib olingani va ushbu hududda joylashgan tosh maydalash va qayta ishlash sexiga tashib olib ketilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Vazirlik huzuridagi “Yashil loyiha” loyihalash instituti mutaxassislari qum-shag‘al mahsulotlari qazilgan joyda o‘lchov ishlari olib borgan. Natijada jami 57,8 ming metr kub mahsulot noqonuniy qazib olingani, bu bilan tabiatga 34, 7 milliard so‘m zarar yetkazilgan.

Bu bilan O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni 18-moddasi hamda “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonuni 18-moddasi talablari buzilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar qilishicha, holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.

“Yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha sudga oid tovarshunoslik ekspertizasi tayinlangan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan”, — deyiladi xabarda.