Noyabr oyi boshidan beri o‘zbekistonliklar orasida o‘tkir respirator virusli infeksiya (O‘RVI) kasalliklari avj ola boshladi. Bu yil virusli kasalliklar, ayniqsa, yosh bolalarda o‘zgaruvchan simptomlar bilan kechmoqda, tana harorati 38 darajadan tushmayapti, shifoxonalar esa allaqachon to‘lib bo‘lgan. Buni kuni kecha SSV rahbariyati ham tan olib aytdi.

Odamlar orasida esa bu kovidning mutatsiyaga uchragan yangi turi ekani haqida turli gap-so‘zlar tarqalyapti. Emishki, shifoxonalarda kovidga chalingan bemorlar juda ko‘p. Tez yordam esa qo‘shimcha kuchlar jalb qilinganiga qaramasdan 2−3 soat oralig‘ida kelmoqda.

Xo‘sh, aslida vaziyat qanday? Tez yordam xizmati nega kechikmoqda? Bunga oydinlik kiritish maqsadida “Gazeta.uz” jamoasi Zangiota 1-sonli maxsus shifoxonasiga bordi. Shuningdek, Toshkent shahar Tez tibbiy yordam markazidagi ish jarayoni bilan ham tanishdi.

Reportajdan qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, Zangiotadagi kovid markazda bemorlar ko‘p emas, salkam 350 nafar fuqaro davolanyapti, xolos. Ya’ni hozirda tarqalayotgan virus hamda odamlardagi alomatlar O‘RVIning o‘zgaruvchan turidir — oddiy qilib aytganda o‘zbekistonliklar mavsumiy shamollashni boshdan kechirmoqda. Shu bois ham Zangiotadagi shifoxonada qo‘shimcha joylar hozirlandi.

Ko‘pchilikda bir hil shikoyat — tana harorati 37,5−38 darajadan tushmayapti, kuchli yo‘tal, suyaklar og‘rishi, ko‘ngil aynishi, diareya. Asosan bolalarda tana harorati 37,5−38 darajadan tushmayapti. Shifokorlar esa 38,5 darajadan o‘tmaguncha dori vositalari bilan issiqni tushirmaslikni tavsiya qilmoqda. “Gazeta.uz” muxbirlaridan birining farzandi issig‘i shu kunlarda 41 darajagacha ko‘tarilgan.

Ushbu infeksiya bilan qanday kurashish mumkin? Shifoxonalar to‘lib bo‘lgan, bemorlar qayerda davolansa bo‘ladi? Shu va boshqa savollarga videoreportajimizda javob topishingiz mumkin.