22-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan hukumat soatida deputat Bobur Bekmurodov energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga Toshkentda ko‘p qavatli uylar qurilishining oshishi energetika tarmog‘iga qanday ta’sir qilayotgani bo‘yicha savol bilan yuzlandi.

“Ekspertlar tomonidan elektr tarmoqlari, gaz yetkazib beruvchi yerosti infrastruktura eskirgan gaplar bo‘lyapti va shu bilan birga uy qurilishi ham davom etyapti. O‘zi bu qurilishlar qilinayotganda bu [faktorlar] inobatga olinyaptimi, yo‘qmi? O‘n yilda qurilmagan uylar qurilyapti deyishyapti, bu tarmoqlarni kuchlanishiga yetarli darajada javob beradimi? Umuman, siz rahbalik qilayotgan vazirlikning bu borada pozitsiyasi qanday?”, — deya savol berdi Bekmurodov vazirga.

Vazir deputatga hozirda yangi texnik shartlar joriy qilingani, avvalgidek yagona darcha orqali ruxsatnoma olish taqiqlanganini ma’lum qildi.

“Anomal sovuqdan keyin yangi texnik shartlar bajarilishi yuzasidan qat’iy turibmiz. Avvallari yagona darcha orqali avtomat ravishda ruxsatnoma olingan bo‘lsa, biz buni prezident oldiga taklif bilan kirdik va bu narsa taqiqlandi. Biz hozir Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan 2030-yilgacha bo‘lgan, avvalo, hududlarni rivojlanishini inobatga olgan holda dastur tayyorlayapmiz. Unda qayerga podstansiya qurish kerak, qayerga tarmoq tortish kerak, yangi generatsiya quvvatlari nimaning hisobidan ta’minlanishi kerak [masalalar ko‘rilgan]” — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

“Shuni aytib o‘tmoqchimanki, oldinlari Toshkent shahrida 5 MW`dan yuqorisi yirik iste’molchilar sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, hozir hattoki 0,5 MW yoki 200 kW ulanish bo‘lsa ham Energetika vazirligi darajasida, energiya inspeksiyani jalb qilgan holda amalga oshiriladi. Shundan keyingina, texnik shartlar berilyapti. Ayrim holatlarda esa texnik shartlar bekor qilinib, investor yoki tadbirkor tarafidan yangi quradigan obyektiga o‘zi tarmoq tortib kelish yoki alohida transformator qo‘yish shartlari qo‘yilyapti”, — dedi energetika vaziri.