Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida ming gektar maydondagi uzumzorning katta qismi o‘tgan yoz faslida suv berilmasligi oqibatida qurib qoldi, deb yozmoqda Kun.uz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning may oyida 560 gektarlik tokzor va 300 gektarlik intensiv bog‘ plantatsiyasini borib ko‘rgan. O‘shanda ta’kidlanganidek, adirlikda tokzor yaratish uchun 102 milliard so‘m, jumladan, “Agrobank” krediti sifatida 73 milliard so‘m, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 18 milliard so‘m, Jahon banki granti sifatida 1 million dollar mablag‘ jalb qilingan. Yerlar yosh oilalarga 20−25 sotixdan, 3 yillik imtiyoz bilan 7 yilga, 14 foizli kredit asosida taqsimlab berilgan.

Bu hududdan yer olgan aholi nashrga suv muammosi, ko‘chatlar qurib qolayotgani haqida murojaat qilgan. Nashr jurnalisti ko‘p hududlarda ko‘chatlar ekilmagani, borida ham qurib yotganini ko‘rgan.

олтиариқ tumani, tokzor, uzumзор

“Bog‘ uchun ajratilgan yerdan olgan edik. Boshida maqtashgan edi, uzum yaxshi bo‘ladi, suv uzilmaydi deyishgandi. Ammo kamchiliklar yetarli bo‘ldi. Eng avvalo, suv muammo bo‘lyapti, ko‘chatlar qurib ketyapti. Shartnomada ko‘rsatilgandek sharoit yo‘q, lekin har oy to‘lovlarini to‘lab turibmiz. Mablag‘imizga kuyib qolyapmiz”, — dedi fuqarolardan biri.

“Aytganimdek, asosiy muammo suvda bo‘lyapti. Nasoslar ham juda ko‘p buziladi. Suv so‘rasak, nasos buzilgan, deydi. O‘zim olgan joy quruq yer edi, uzum ekib beramiz deyishgan, ammo haliyam tok ko‘chatidan darak yo‘q. Shartnomada ko‘rsatilganidek tok ko‘chati ekib berishmadi hatto. O‘zim yonimdan ekkan ko‘chatlar suvsizlikdan qurib yotibdi. Umuman talab darajasida emas. Ta’minotchilar yaxshi ishlamaydi. Yo‘l bo‘yidagi ko‘zga ko‘rinadigan joylar yaxshi bo‘lib turibdi shunchaki, lekin ko‘zdan pana joylarda ahvol yomon”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Quruq yer uchun bankka kredit to‘lab yotibmiz”

Nashrning yana bir suhbatdoshi ham xuddi shu holatni aytib, bir lot yer uchun oyiga 350 ming so‘m to‘lashini, uch yillik imtiyozli muddat tugaganidan keyin esa 700 ming so‘m to‘lashi kerakligini ta’kidlagan.

олтиариқ tumani, tokzor, uzumзор

Yana bir fuqaro 20 sotix yer olgani, lekin ta’minotda kamchilik ko‘pligini, xususan, simlar yaxshi tortilmaganini aytdi. Suvga navbati kelmayotganini ta’kidladi.

олтиариқ tumani, tokzor, uzumзор
Homidjon Aminjonov

Tok ko‘chati ekib berishga mas’ul bo‘lgan Homidjon Aminjonov murojaatchilardan farqli o‘laroq ko‘chatlar qurib ketishida tomorqa egalarini aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, adirlikda haqiqatan ham tok ko‘chati ekilmagan joylar ham borligi, bunga sabab suvdan muammo bo‘lgani, ba’zilar tok emas, boshqa ko‘chat ekaman degani uchun ko‘chat pulini ham qaytarib berganini ta’kidladi.

олтиариқ tumani, tokzor, uzumзор
Akmaliddin Mullajonov.

Oltiariq tumani fermer xo‘jaliklari kengashi rahbari Akmaliddin Mullajonov “ko‘chatlarni sug‘orish uchun 5 ta suv omborida suv bor, nasoslar ishlayotganini” aytdi.

“4 ta kooperatsiya tashkil qilingan. Ularning vazifasi o‘zlariga ajratilgan lotlardagi muammolarni hal qilish, ya’ni tokida, suvida muammo bo‘lsa. Grafik asosida har bir lotga 3 kunda bir marta 3−4 soatdan suv beriladi. Lekin ishlab daromad qilaman degan kishilar yaxshi hosil olishyapti. Qo‘shimcha ekinlar ekishyapti tok oralariga. Yerni e’tiborsiz qoldirgan dehqonlarninggina toki qurib ketgan”, — dedi u.

олтиариқ tumani, tokzor, uzumзор

“Ko‘chatlar ekilyapti. Ko‘chat bo‘yicha kooperatsiya bor, ular kam joylarni to‘ldirishyapti, qurib qolgan ko‘chatlar o‘rnini ham ekib berishyapti. Hali ko‘chat ekilmagan joylar yaqinda olingan joylar, egasi bo‘lmagan ularning. Ularga noyabr oyidan ko‘chat ekiladi. Ba’zi joylarda suv olishda joy egalari boshqa tomonning suv quvurini uzib qo‘yib, qayta ulamayapti, shuning uchun boshqa lotga suv o‘tmay qolayotgan holatlar bo‘ldi. Lekin hozir suv bo‘yicha ham kooperatsiya tashkil qilingan, ular o‘zlari nazorat qilyapti. 90 foiz atrofida uzumlar ko‘klab turibdi”, — dedi u.

Fermerlar kengashi raisi toklarning qurib qolishida tomorqa egalarini ayblagan bo‘lsa, murojaatchilar o‘tgan yoz oylarida o‘zlariga ajratib berilgan yerga umuman suv berilmagani, buning natijasida esa uzum ko‘chatlari qurib bitganini aytishdi.