Bolalar ombudsmani tarmoqlarda tarqalgan, poytaxtdagi gul do‘konlarining birida qiz onasi tomonidan kaltaklangani aks etgan video bo‘yicha munosabat bildirdi.

Instagram`da e’lon qilingan video izohida 21-noyabr soat 20:09 da bir qiz do‘konga kelib, keraksiz gullarni so‘ragani, bir necha soniyadan so‘ng uning orqasidan mast holdagi ayol kelib, “Seni o‘ldiraman” deb baqirib, bolani kaltaklay boshlagani yozilgan. Shundan so‘ng 102 xizmatiga xabar berilgani qayd etilgan.

Tarmoq foydalanuvchilaridan ayrimlari qizaloqni tanishi, I. ismli bu qiz 9 yoshda ekani, kafe hamda do‘konlarda gul sotib yurishini izohlarda aytib o‘tgan.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning matbuot xizmati bolani kaltaklagan ayol uning onasi V.A. ekani, o‘sha kuni mast holatda qizi V.I.ni haqoratlab, urganini ma’lum qildi.

“Holat Mirzo Ulug‘bek tumanidagi „Oqibat“ mahallasi Markaz-1 dahasida joylashgan gul do‘konda yuz bergan. Shu yerda bo‘lgan fuqarolar jarayonni videotasvirga olib tarqatishgan. Mazkur holat darhol Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi”, — deyiladi bayonotda.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayolning harakatlariga baho berish yuzasidan tuman IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Onaning bunday zo‘ravonligidan jabr ko‘rgan qizcha Toshkent shahri voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy himoya ko‘rsatish markaziga joylashtirildi. Onani esa ota-onalik huquqidan mahrum qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Davlat har bir bola manfaati ustunligini ta’minlaydi”, — deya qayd etdi bolalar ombudsmani.

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi ham holat yuzasidan ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, voyaga yetmagan qiz V.I. 2015-yilda tug‘ilgan. Uning onasi — 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro V.A. Toshkent shahri ayollarni reabilitatsiya va moslashtirish markaziga joylashtirilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan esa ishchi guruh tuzildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra fuqaro V.A. turmush o‘rtog‘i bilan birga yashamasligi, doimiy ravishda spirtli ichimlik iste’mol qilishi, doimiy ish joyiga ega bo‘lmagani sababli Toshkent shahridagi bir qator tumanlarda ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarning egalari bilan kelishib, uy yo‘laklarini tozalab kunlik daromad topishi aniqlandi, deyiladi agentlik xabarida.

Voyaga yetmagan V.I.ga ayni damda psixolog va pedagoglar tomonidan ruhiy holatini yaxshilash yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ona va bolaga yordam ko‘rsatish maqsadida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining mas’ul xodimlari biriktirilgan.